Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:53

Qoraqalpog‘istonda 9 yashar qizaloqni zo‘rlagan pedofil qidirilmoqda


Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli shahrida ikkinchi sinf o‘quvchisi, 9 yashar qizchani zo‘rlagan shaxs qidirilmoqda. Xo‘jayli huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qizchani taxminan 35-40 yoshlardagi erkak zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda.

Ozodlikka 9 yashar qizchaning ism-familiyasi va u o‘qiydigan maktab nomi ma‘lum. Lekin tergov jarayoni nihoyasiga yetmagani va odob me‘yorlaridan kelib chiqib, bu ma‘lumotlarni ochiqlamayapmiz.

Voqea 11 mart kuni tushdan keyin qizaloq maktabdan qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka voqea tafsilotlaridan xabardor xo‘jaylilik manba xabar qildi:

“O‘tgan haftaning 3-kuni (chorshanba demoqchi- tahr.) qizcha maktabdan uyiga qaytayotgan ekan. U har kuni uyiga Xo‘jayli markazidagi park orqali qaytar ekan. O‘sha kuni noma‘lum erkak parkda odam yo‘qligidan foydalanib, qizni majburlab, kuch bilan park chetiga olib borib, zo‘rlabdi. Keyin qizchani tashlab, qochib yashiringan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Xo‘jayli shahar huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qizcha oradan uch kun o‘tgachgina ota-onasiga bo‘lgan voqea haqida aytgan:

“Qizcha bo‘lgan voqeadan shokka tushgan. Uyidagilariga avvaliga hech narsa demagan. Faqat uch kundan so‘ng onasiga bo‘lgan voqeani aytgan. Shundan so‘ng Ho‘jayli militsiyasi ish ochib, jinoyatchini qidirishni boshladi”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Hozirda qizchaning ko‘rsatmalariga asosan jinoyatchining fotoroboti tayyorlanib, militsiya bo‘limlariga tarqatilgan.

“6-kun (shanba demoqchi- tahr.)dan buyon jinoyatchini qidirish ketayapti. Hozircha qidiruvdan biror natija bo‘lganicha yo‘q. Xo‘jayli bo‘ylab usileniye. Butun militsiya sostavi oyoqqa turgan”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Xo‘jayli shahar xalq ta‘limi bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 9 yashar qizaloq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, unga ruhiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Keyingi paytlarda yosh bolalarni zo‘rlash holatlari borasida Ozodlikka kelayotgan xabarlar ko‘lami oshayapti.

Xo‘jaylilik 9 yashar qizaloq zo‘rlangan kunning o‘zida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan 343-sonli bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisi, 6 yashar o‘g‘il bola bog‘cha qorovuli tomonidan zo‘rlandi.

Shayxontohur tuman huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 22 yashar qorovul yigit voqeadan bir necha soat o‘tgach hibsga olingan va dastlabki tergov paytidayoq o‘z aybini bo‘yniga olgan.

Hozirda ushbu voqea bo‘yicha tergov surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, shu kunlarda 11 yashar singlisini zo‘rlagan Xorazmning Gurlan tumani Guliston qishlog‘ida yashovchi 18 yashar kollej o‘quvchisining tergov jarayoni davom etmoqda.

13 yashar singlisining nomusiga tegib, uni homilador qilgan Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 25 yashar yigit esa 13,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘tgan oyda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi 7 yashar qizaloqni zo‘rlagan 15 yashar o‘smir ham to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘smir Beshariqdagi maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi, qizcha ham shu maktabning 1-sinfida o‘qiydi. Hozirda ushbu voqea uchun maktab rahbariyatini jazolash masalasi ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG