Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:56

Rossiya yana 60 ga yaqin o‘zbekistonlikni Yamandan olib chiqdi​


Yamandan qaytgan tojikistonlik shifokor Musharraf.
Yamandan qaytgan tojikistonlik shifokor Musharraf.

O‘zbek shifokorlari 2 kunda 60 ga yaqin o‘zbekistonlik Rossiya samolyotlarida Yamandan olib chiqilganini aytmoqda. 5-6 aprel kunlari Rossiyaning 3 ta samolyoti 450 ga yaqin kishini Yamandan evakuatsiya qildi. Samolyotlarda Rossiya fuqarolaridan tashqari O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa xorijiy davlat fuqarolari bor.

Yamandagi Rossiya elchixonasi matbuot kotibi Timofey Bokovning rus matbuotiga aytishicha, 6 aprel kuni tongda Sanaa aeroportidan uchirilgan samolyotda 159 yo‘lovchi evakuatsiya qilingan.

"Ularning 47 nafari Rossiya fuqarosi, qolganlari esa MDH davlatlari fuqarolaridir", dedi Bokov rus matbuotiga bergan intervyusida.

Yakshanba kuni uchirilgan ikki samolyotda esa jami 300 ga yaqin odam olib chiqildi va ularning 90 nafari Rossiya fuqarosi, qolganlari O‘zbekiston Tojikiston, Misr, Suriya va Kuba fuqarolaridir.

Hozircha, evakuatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarolari soni haqida Rossiyaning Yamandagi elchixonasi aniq ma‘lumot bermadi.

Yamanda yurgan o‘zbekistonliklardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 5 aprel kuni 40 dan ortiq, 6 aprel kuni esa 20 ga yaqin o‘zbekistonlik Rossiya elchixonasi ko‘magida Yamandan olib chiqilgan.

O‘zbekistonlik shikoforlardan biri Hakimjon aka Sanaada mamlakatdan chiqib ketish niyatida Rossiya elchixonasi ro‘yxatidan o‘tgan va navbatini kutayotgan o‘zbekistonliklar soni yuzlabdir:

"Bugun ertalab bir ayol shifokor telefon qilib, 14 kishi ertalabki samolyotda ketolmay qolganini aytdi. Ular ketamiz, deb ishongan, lekin olib ketilmagan", deydi shu kunda Aden shahrida qolayotgan o‘zbekistonlik oliy toifali shifokor.

2 aprel kuni Sanaadan Moskvaga borgan ikki uchqichda 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganini ma‘lum qilgan Rossiya elchixonasi rasmiysi, Ozodlik bilan suhbatda, elchixonaning imkoniyati cheklanganini aytgan edi. Bu cheklov texnik imkoniyat va beqaror xavfsizlik vaziyati bilan izohlangan edi.

Ammo, shu kunda Yamandan chiqish yo‘llarini axtarayotgan Hakimjon aka Rossiya elchixonasiga ishonib, Sanaa aeroportida qolib ketgan o‘zbeklardan olgan boshqa mazmunda xabar olganini aytdi:

"Elchixona birinchi navbatda Rossiya orqali ishlashga kelgan o‘zbekistonliklarni uchirayotgan ekan. Bu yerdagi o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi esa o‘zicha, sayyohlik vizasi bilan kelganlar. Ular hozir ruslar bilan ketishga ko‘zi yetmay, hind kemalariga chiqib, Hudeyra porti orqali Yamandan chiqib ketishga urinishayapti", deydi shifokor.

Norasmiy ma‘lumotlarda Yamanda yurgan o‘zbekistonliklar soni 3 mingga yaqin ekani aytiladi. Ammo, hali biror rasmiy manba buni tasdiqlagani yo‘q. O‘zbekiston hukumati ham bu borada biror bayonot bergani yo‘q.

Sanaadagi Rossiya diplomati 31 mart kuni Rossiya prezidenti bilan telefonda suhbatlashgan O‘zbekistonning yangi-eski prezidenti Islom Karimov Yamandagi o‘zbekistonliklarni olib chiqishda ërdam so‘raganini ma‘lum qilgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa Saudiya Arabistonidagi konsullik va elchixona Yamandagi o‘zbekistonliklarni olib chiqish masalasi bilan shug‘ullanayotganini bildirgan.

Yamandagi o‘zbekistonliklarga +967-01-278-719 raqamlari orqali Sanaadagi Rossiya elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilish taklif etilgan.

Ozodlikka murojaat qilaëtgan Yamandagi o‘zbekistonliklar va ularning vatanda qolgan yaqinlari O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini urush girdobidan olib chiqish bilan jiddiy shug‘ullanmaëtganidan shikoyat qilmoqda.

Hakimjon akaning aytishicha, Jibuti orqali ketishga uringan yo‘lovchilar talonchilikka uchramoqda:

"Hudeyradan hindlarning kemalariga o‘tirib, 8 soat ichida Jibutiga borishayapti. Lekin, telefon qilib aytishdiki, sumkalarini talab ketishgan. Kimnidir hujjati ketib qolgan, yana kimnidir faqat buyumi. Xullas, bu yo‘l ham biroz xaflida. Men ham ketishga yo‘l qidirdim, lekin topolmadim", deydi Adendagi o‘zbekistonlik shifokor.

So‘nggi ikki kun ichida Aden shahridagi vaziyat juda og‘irlashdi. BMT vakolatxonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan ikki hafta shahardagi otishmalarda 500 ga yaqin odam qurbon bo‘lgan. Shaharda transport qatnovi to‘liq izdan chiqqan, xorijliklarga esa uylaridan chiqmaslik talabi qo‘yilgan.

"Hozir gospitaldan chiqmay o‘tiribmiz. Kasallar kelayapti, quroldan yaralanganlar kelayapti. Ertalabdan beri ikkita operatsiya o‘tkazdik. Kecha ayniqsa, rosa bomabirdimon ovozi eshitildi. Men shahar markazidan 4-5 kilometr chetda bo‘lganim uchun, bizda hali bombardimon bo‘lmadi", deydi Hakimjon aka.

Frans-press agentligining xabar qilishicha, 5 aprelь kuni Xutiy jangchilari Aden markazidagi hukumat binolarining kattagina qismini ishg‘ol qilgan.

Saudiya yetakchiligidagi koalitsiya harbiy samolyotlari Yaman poytaxti Sanaa shahrini 5 aprel kuni yana havodan o‘qqa tutdi va Yaman prezidenti Abd-Rabbu Mansur Hadiyga qarshi chiqayotgan hamda Eronga ittifoqchi Xutiy harbiylarni nishonga oldi. Reuters agentligi bergan xabarga ko‘ra, koalitsiya qo‘shinlari Yamanning Saudiya Arabistoni bilan chegaralarini ham bombardimon qilmoqda.

BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Valeri Amos Yamanda so‘nggi ikki hafta davomidagi zo‘ravonliklarda 550ga yaqin odam halok bo‘lgani, ulardan 100 ga yaqini bolalar ekanini bildirgan. Unga ko‘ra, o‘n minglab odam uyini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG