Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:23

Marg‘ilonlik tog‘a juma kuni jiyanini masjidga qo‘ymagan o‘qituvchini pichoqladi​


Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 2-umumta‘lim maktabining o‘qituvchisi Islombek Mahmudov o‘tgan juma maktab hududida pichoqlandi. Rasmiylar o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisining juma namoziga borishga ruxsat bermagach, uning tog‘asi tomonidan pichoqlanganini aytmoqda. Ozodlik manbalari esa tog‘a o‘quvchini juma namoziga emas, juma kungi savdoda yordamlashishi uchun olishga oshiqqanini aytmoqda.

Marg‘ilon shahridagi 2-umumta‘lim maktabining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Islombek Mahmudov 10 aprel kuni maktab binosi hududida pichoqlandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan marg‘ilonlik manbaning aytishicha, muallimni o‘quvchilardan birining tog‘asi pichoqlagan:

“O‘quvchini juma namoziga olib ketish uchun uning tog‘asi maktabga kelgan. O‘qituvchi ruxsat bermagan. Keyin orada janjal chiqqan va bolaning tog‘asi o‘qituvchiga uch marta pichoq sanchgan. O‘qituvchi reanimatsiyada yotibdi”, dedi manba.

Marg‘ilon shahar ichki ishlar bo‘limida ishlaydigan Ozodlik manbasi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“1994 yilda tug‘ilgan, shu 2-maktabda o‘qigan Sherali Dehqonov degan yigit jiyani 6-sinf o‘quvchisi Boburjon Ergashevni maktabdan olib ketmoqchi bo‘lgan. Lekin o‘qituvchi Islombek Mahmudov ruxsat bermagan. Keyin janjallashib qolishgan. Shunda Sherali Dehqonov o‘qituvchiga uch marta pichoq sanchib olgan”, dedi manba.

Ichki ishlar mulozimining aytishicha, jinoyatchi avvaliga voqea joyidan qochib ketgan va bir kundan so‘ng o‘zi militsiyaga kelib taslim bo‘lgan.

Marg‘ilon shahar kasalxonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘qituvchi Islombek Mahmudovning ahvoli qoniqarli va u reanimatsiya bo‘limidan oddiy palataga o‘tkazilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan 2-maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, o‘quvchilarning juma kuni darsda bo‘lishini ta‘minlash ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan:

“O‘zi har juma kuni masjidga borib navbatchilik qilamiz. Namozga maktab o‘quvchilari kelib qolsa, qo‘ymaymiz. Bu o‘quvchimiz Boburjon Ergashev ham ilgari bir necha marta darsga kelmay yoki darsdan qochib ketgan edi. Ota-onasining aytishicha, bu bola juma kuni masjidning oldida o‘sha pichoqlagan tog‘asiga qand-qurs sotishda ko‘maklashar ekan”, dedi o‘qituvchi.

O‘zbekistonda maktab, kollej, litsey o‘quvchilarining masjidga borishi taqiqlangan. Juma kunlari masjidlar oldida bolalarni qo‘ymaslik uchun militsiya xodimlari va o‘qituvchilar navbatchilik qiladi.

Marg‘ilonlik tadbirkorlardan biri Hamroh aka hukumatning musulmonlarga bu munosabati jamiyatga aks ta‘sir qilmoqda, deydi:

“Buni qarang. Masjidlarga imomlarni hukumatning o‘zi tayinlasa va u yerda qanday gaplar aytilishini o‘zi nazorat qilsa ham bolalarni masjidlarga qo‘ymaydi. Axir davlat imomlari bularni yo‘ldan adashtirmaydiku, u aksincha foydali gaplarni aytadi, hoy bolalar mana bu noto‘g‘ri yo‘l, ko‘zlaringni ochinglar, deydi. Bunaqada bolalarning radikal diniy oqimlarga qo‘shilib ketish xavfi yana ortadiku. Axir bola qayerdan islomiy tarbiyani oladi?”, deydi Hamroh aka.

O‘zbekistonda hayit namozlariga ham 18 yoshdan kichik bo‘lganlarning kirishi cheklanish holatlari kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG