Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:52

Hukumat qarori Abu Saxiyga qo‘shimcha daromad manbai bo‘ldi​


Abu Saxiy O‘zbekistonga olib kiradigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.
Abu Saxiy O‘zbekistonga olib kiradigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.

O‘zbekiston hukumati yil boshida shaxsiy pochta jo‘natmalariga boj solig‘ini solganidan beri o‘zbekistonliklar xorijdan xususiy foydalanish uchun mollarni yuborishda qiyinchiliklarga uchramoqda. Yanvar oyidagi hukumat qarori xususiy pochta firmalari faoliyatini falaj ahvolga keltirdi. Ayni paytda, Ozodlik manbalariga ko‘ra, vujudga kelgan vaziyat O‘zbekistonda kargo xizmatlari sohasida monopoliya hisoblangan Abu Saxiy shirkati uchun qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, kargo xizmatlariga ixtisoslashgan bu shirkat Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoydan O‘zbekistonga posilkalarni jo‘natish xizmatlarini ham ko‘rsata boshlagan.

O‘zbekistonda yuk tashish sohasida monopolist maqomiga ega bo‘lgan Abu Saxiy shirkati yaqindan beri pochta xizmatlarini ham ko‘rsata boshlagani aytilmoqda. Ozodlikning Birlashgan Arab Amirliklaridagi manbasiga ko‘ra, keyingi bir necha oy ichida O‘zbekistonga posilkalarni jo‘natish bilan shug‘ullangan xususiy firmalarning barchasi yopilib ketgan. Natijada O‘zbekistonga shaxsiy foydalanish uchun turli tovarlarni yubormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun Abu Saxiy firmasi xizmatidan foydalanishdan boshqa tanlov qolmadi, deydi manba.

“O‘zbekistonga yuk yuboradigan pochta firmalari yopilib ketdi. Undan tashqari kargo kompaniyalari ham bor edi ular ham yopilib ketdi. Faqat Abu Saxiy qolgan. Lekin ular narxlarni oshirib yuborishgan. Uyga narsa yuborib turar edik, hozir shu juda qiyinlashib ketdi. Bitta Abu Saxiy qolgan, lekin u qimmatlik qilyapti”, deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston hukumati yil boshida mamlakatga xususiy pochta-kuryer xizmatlari orqali olib kelinayotgan mahsulotlarga tovar narxining 100 foizi miqdorida boj solig‘i joriy qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi ortidan, bu sohada faoliyat yuritgan shirkatlar deyarli ishsiz qoldi. Mazkuro qarorga binoan, 1000 dollargacha qiymatdagi mollarni boj to‘lovisiz O‘zbekistonga olib kirish imtiyozi faqatgina “O‘zbekiston Pochtasi” davlat shirkatida qoldirildi.

Kargomi, pochtami?

Hukumat qarori chiqquniga qadar Dubaydan O‘zbekistonga xususiy jo‘natmalarni yuborish xizmatlarini ko‘rsatgan firma xodimiga ko‘ra, yangi cheklov Abu Saxiy firmasiga qo‘shimcha daromad olish imkonini yaratgan.

“Bitta bizning firma emas hammasi yopilib ketdi. Faqat DHL ishlayapti. Keyin Abu Saxiy orqali ham yuborilyapti. O‘zi Abu Saxiy kargo hisoblanadi, lekin hozir posilkalarni ham olyapti”, deydi sobiq xususiy pochta firmasining vakili.

Pochta-kuryer xizmati 29 kilogacha bo‘lgan yuklarni tashiydi, deydi mutaxassis.
Pochta-kuryer xizmati 29 kilogacha bo‘lgan yuklarni tashiydi, deydi mutaxassis.

Toshkentdagi DHL firmasi vakili Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistonga posilkalarni yetkazish xizmatini taqdim etayotganlarini tasdiqladi. Lekin buning uchun, yangi tartibga binoan, tovar qiymatining 100 foizi miqdorida boj solig‘i to‘lash kerakligini bildirdi.

Pochta-kuryerlik sohasida O‘zbekistonda ilk firmalardan birini tashkil qilgan mutaxassisning Ozodlikka aytishicha, kargo sohasida faoliyat yuritadigan firmalar kuryerlik xizmatlarini ko‘rsatishi qonunga xilof ekanini aytadi. Ismini oshkor qilmayotganimiz mutaxassis Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, pochta-kuryerlik xizmatiga 29 kilogrammgacha bo‘lgan posilka va banderollarni yetkazish kiradi, deya bildirdi. “Abu Saxiy firmasi kargo xizmatlarini taqdim etadi, uning kuryerlik sohasiga aralashayotganini endi eshityapman”, dedi mutaxassis.

Abu Saxiy firmasining Dubaydagi vakili Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Istalgan yukni yetkazamiz

Ayni paytda, Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekiston prezidenti oilasiga aloqadorligi aytiladigan shirkat Xitoydan ham pochta-kuryerlik xizmatini ko‘rsata boshlagan. Shirkatning Urumchidagi vakili Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekistonga istalgan yukni yetkazib berishlari mumkinligini bildirdi. Abu Saxiyga mijoz sifatida murojaat qilgan Ozodlik muxbiri O‘zbekistonga 20 kilolik posilka jo‘natmoqchi ekanini aytib, xizmat haqi necha pul bo‘lishi bilan qiziqdi.

Abu Saxiy O‘zbekistonga olib kiradigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.
Abu Saxiy O‘zbekistonga olib kiradigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.

“Biz yukning og‘irligi emas hajmiga ko‘ra narx qo‘yamiz. Agar presslangan yuk bo‘lsa bir kub metri 920-950 dollar bo‘ladi. Istalgan yukni, kiyim-kechakmi, texnikami, hammasini yuborishingiz mumkin. Faqat uni Toshkentdagi uyg‘ur bozoridan (Abu Saxiy bozori-tehr.) olib ketasiz”, dedi suhbatdoshimiz.

Uning yana aytishicha, Abu Saxiy Urumchidan Toshkentga yetkazib bergan tovar bojxona solig‘iga tortilmaydi, lekin shirkat molni faqatgina Abu Sahiy bozorigacha yetkazilishi uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga oladi. “Bozor tashqarisiga chiqqaningizdan keyin javobgarlik o‘zingizda”, dedi suhbatdoshimiz.

O‘zbekistondagi eng yirik ulgurji savdo bozori va savdogarlar mollarini mamlakatga olib kirish sohasini nazorat qiladigan Abu Saxiy konglomerati prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva va uning eri Timur Tillayev tomonidan nazorat qilinishi aytiladi. Bu shirkat orqali mamlakatga olib kiriladigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.

Kargo sohasida monopolist maqomiga ega bu shirkat pochta-kurьerlik xizmatlarini taqdim etayotgani qanchalik qonun doirasida ekani to‘g‘risidagi savol javobini O‘zbekiston rasmiy idoralaridan olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston hukumati shu yilning 6 yanvar kuni qabul qilgan qaror mamlakatda faoliyat yuritadigan 20dan ortiq xususiy potcha firmasini raqobatga bardosh berolmaydigan holatga keltirdi. DHL, UPS, TNT, FEDEX, MEEST ASIA, AFT, ARAMEX, KATORG PVU GROUP, ALPHA EXPRESS, EXPOSER, KHAYMANS EXPRESS, ATLANTIC TRADE, POLAR EXPRESS, ASE EXPRESS, IPS, MMS, FPA, ChF «Abdu Lutfi Post», UAR, SP Avializing, Caravan Express Service, Xadicha~Lux Service, Shohruh kabi xususiy pochta-kuryer shirkatlari orqali posilka qilingan tovarlarga 100 foizlik boj to‘lovi joriy etildi. Bu firmalar mazkur qarorni bekor qilish so‘rovi bilan hukumatga jo‘natgan xati uch oydan beri javobsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG