Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:01

Qashqadaryoda garov uchun o‘g‘irlangan talaba ikki kundan so‘ng topildi


Qashqadaryo viloyat G‘uzor tuman sanoat transport kasb-hunar kollejining bedarak ketgan talabasi 19 aprel kuni topildi. G‘uzordagi manbalarga ko‘ra, noma‘lum shaxslar talaba yigitni o‘g‘irlab ketib, uni ozod qilish evaziga 5000 AQSh dollari miqdorida garov puli talab qilishgan. Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari talabani ikki kundan so‘ng topib, ota-onasiga topshirgan.

G‘uzorning Yarg‘unchi qishlog‘ida yashovchi 18 yashar talaba yigit E.B.ning ismi sharifi Ozodlikka ma‘lum. Biroq tergov-surishtiruv ishlari ketayotgani bois uning ismini ochiqlamaymiz.

Talaba yigit 17 aprel kuni o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xabar Ozodlikka 19 aprel kuni yetib keldi.

“Yarg‘unchi qishlog‘ida yashovchi, kollejning 3-kurs talabasi ikki kun avval o‘g‘irlab ketildi. Uni ozod qilish evaziga 5000 dollar pul so‘rashdi. Oilasi moliyaviy tanqislikda yashaydi. Oila a‘zolari shok holatida”, deya xabar yo‘lladi g‘uzorlik manba.

Voqeadan xabardor boshqa bir manbaga ko‘ra, 18 yashar talaba yigit G‘uzor tuman sanoat transport kasb-hunar kollejining uchinchi kursida o‘qiydi va uni militsiya xodimlari 19 aprel kuni topib, uyiga qaytarishgan:

“G‘uzor tuman Ichki ishlar bo‘limining jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari talaba yigitni topishdi. Topib, ota-onasiga topshirishdi. Hozir uyida”, dedi tafsilotlardan xabardor manba.

Manbaning aytishicha, talaba yigit "17 aprel kuni militsiya bo‘limidan pasportimni olib kelaman" deb, Yarg‘unchi qishlog‘idan G‘uzor tuman markaziga ketgan va qaytib kelmagan:

“Uyidagilarga noma‘lum shaxslardan SMS kelgan. Telefon orqali jo‘natishgan SMSni. SMSda talaba yigit uchun 5000 dollar so‘rashgan. SMS talabaning opasiga ham kelgan. Ikki marta yozishgan. Keyin ota-onasi militsiyaga xabar berishgan”, dedi g‘uzorlik manba.

Qashqadaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, talabaning yo‘qolgani haqidagi xabar kelgach, G‘uzor tuman IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari talabani qidirishga kirishgan:

“SMSda pulni G‘uzordagi avtovokzalga olib kelish so‘ralgan. Militsiya xodimlari pulni olib, vokzalga borishdi. Kechgacha kutishdi. Hech kim kelmagach, qaytib kelishdi”, dedi Qashqadaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Uning aytishicha, ikki kun o‘tgach, militsiya xodimlari talaba yigitni topib, uyiga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan:

“Talabaning qayerda bo‘lgani noma‘lum. SMS noma‘lum telefon raqamidan kelgan. U yerda "mafiyadan" degan yozuv bo‘lgan. Hozir SMSni jo‘natgan raqamni topish uchun Toshkentga zapros jo‘natildi”, degan manba boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

G‘uzordagi ushbu voqea tafsilotlaridan xabardor manbaga ko‘ra, talaba yigitning o‘g‘irlanishida, uning o‘gay akasi gumonlanilmoqda:

“Ota bir, ona boshqa o‘gay akasi avval ham bu bolaga nisbatan bir necha bor qo‘pollik qilgan ekan. Uni urgan. Toshkentga olib borib, ishlatib, pulini bermagan ekan. Shunga o‘gay akasidan gumonlanishmoqda”, dedi g‘uzorlik manba.

Hozirda 18 yashar talaba yigitning bedarak yo‘qolishi va uning uchun garov puli so‘ralishi bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG