Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:57

Ishdan olingan MXX generalining qamoqdagi ukasi ustidan qayta tergov boshlandi​


Rasm Ozodlik arxividan olindi va mazkur maqoladagi hodisaga bevosita aloqasi yo‘q.
Rasm Ozodlik arxividan olindi va mazkur maqoladagi hodisaga bevosita aloqasi yo‘q.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Milliy xavfsizlik xizmati qoshidagi Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining hozir qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq boshlig‘i, 51 yashar MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev Bekobod qamog‘idan MXX podvaliga keltirilib so‘roq qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikning O‘zbekiston davlat tizimlariga yaqin bir-biridan mustaqil manbalar bildirdi.

Manbalarning aytishicha¸ Javdat Sharifxo‘jayevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi¸ ya‘ni hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste‘mol qilish bo‘yicha yangi ayblov ilgari surilgan.

O‘tgan yili noqonuniy tadbirkorlik va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilingan Javdat Sharifxo‘jayev¸ jazo muddatini Toshkent viloyati Bekobod tumanida xavfsizlik idoralari sobiq xodimlari saqlanadigan umumiy tartibdagi 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga o‘tayotgan edi.

Huquq-tartibot organlariga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha¸ Javdat Sharifxo‘jayev ustidan jiddiy ayblovlar bilan qayta tergov boshlangan:

- Guvohlarning yangi ko‘rsatmasiga ko‘ra¸ Sharifxo‘jayev katta miqdorda pora olganlik¸ hukumat organlariga qurolli qarshilik ko‘rsatganlik¸ katta miqdordagi manbasi noaniq valyutani uyda saqlaganlik va 205 - modda ya‘ni o‘z vakolatidan foydalanib pul undirganlikda gumon qilinmoqda. O‘tgan yilgi mahkama e‘tiboridan chetda qolgan yana bir holat ya‘ni hukumat organlariga qurolli qarshilik ko‘rsatganlik bo‘yicha ham ayblov qo‘yildi¸ deydi huquq-tartibot organlariga yaqin Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Javdat Sharifxo‘jayev o‘tgan yili qo‘lga olish paytida qurolli qarshilik ko‘rsatgan:

- Uni o‘shanda eletroshok bilan behush qilishgan¸ deydi Ozodlik manbasi.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Harbiy sudining yopiq majlisida ishi ko‘rilib noqonuniy tadbirkorlikda aybli deb topilgan Javdat Sharifxo‘jayevning Bekobod turmasida bir muddat o‘tirib amnistiya akti bilan ozod qilinishi kutilayotgan edi.

Ammo norasmiy manbalar ta‘kidicha¸ birdan MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayevga nisbatan “gaykalarni qattiq burab raskrutka “ qilish amaliyoti qo‘llangan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bu savol javobi Javdat Sharifxo‘jayevning tug‘ishgan akasi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari¸ general Hayot Sharifxo‘jayevning ishdan olinishi bilan bog‘liq:

-U to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilingan paytda vaziyat sal boshqacha edi. Javdatning akasi Hayot Sharifxo‘jayev MXX raisiining o‘rinbosari edi. O‘zbekiston Harbiy sudi yopiq majlisining “yumshoq jazo” chiqarishi ham qudratli MXX generali ta‘siri bilan bo‘lgan¸ deya olamiz. Agar shunday bo‘lmasa¸ nega bu sud Javdatning qurol bilan qarshilik qilgani epizodini delodan soqit qildi? Endi bugunga kelib Hayot Sharifxo‘jayev ishdan olinganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Avvaliga ularning jiyani Jahongir G‘ulomov hibsga olindi. Mana endi Javdat Sharifxo‘jayev ham raskrutkaga tushdi. Bularning yana bir akaxoni Rashidjon Qodirovning prokurorlikdan bo‘shatilishi ham gaykalarni qattiq burashga imkon yaratdi¸ deydi huquq-tartibot organlariga yaqin Ozodlik manbasi.

Ozodlik O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati qoshidagi Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Javdat Sharifxo‘jayevning ishi qayta ko‘rilayotgani yuzasidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Jazoni ijro qilish Boshqarmasidan izoh olishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Javdat Sharifxo‘jayev ishining qayta ko‘rilayotganini ma‘lum qilgan norasmiy manbalarga ko‘ra¸ mahkum “MXXda boshlangan jiddiy tozalash ma‘rakasi qurbonlari ichida eng lavozimi kattasidir ”.

Javdat Sharifxo‘javning bevosita o‘z akasi qo‘li ostida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagani MXX tizimlaridagi qoidalarga zid ekani aytiladi.

Mavjud qoidaga ko‘ra¸ MXX tizimida bir oila a‘zosi bo‘lgan kishilar bir-birining qo‘l ostida ishlashiga cheklov qo‘yilgan.

Ammo Javdat Sharifxo‘jayevning o‘z akasi Hayot Sharifxo‘jayev homiyligida MXX tizimlaridagi qoidalarni chetlab o‘tib, mansab zinapoyalaridan ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgani aytiladi.

Javdat Sharifxo‘jayev 2009 yilning 28 avgustida O‘zbekiston mustaqilligining 18 yilligi arafasida "Shon-sharaf" ordeni bilan taqdirlangan edi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi maxsus ajrim chiqarib, Javdat Sharifxo‘jayevni barcha orden¸ medal va boshqa davlat unvonlaridan mahrum qilgan.

Gulnoraning o‘chi?

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ shu kunlarda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova biznes saltanatini fosh qilgan guruhni zararsizlantirish jarayoni ketmoqda.

Kuzatuvchilar Gulnora Karimova Twitterda qoldirgan yozuvlar va matubuotga bergan intervyularida ismi zikr bo‘lgan mulozimlarning ishi “chappa ketyotgani”ga e‘tibor qaratadi.

Ozodlikning O‘zbekiston boshqaruv tizimlariga yaqin manbasiga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga oid mol-mulklarni musodara qilish jarayonida qatnashgan mulozimning “raskrutka” qilinayotgani ko‘p narsaga ishora qiladi.

“Qamoqda so‘roq qilinayotgan Jahongir G‘ulomov aka-uka Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlar bilan birgalikda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli mol-mulklarni musodara qilish jarayonida qatnashgani bir fakt. Yana bir fakt - Jahongirning Hayot Sharifxo‘jayevga qarindosh bo‘lgani. Qarang, bu qarindoshlar atigi bir yilcha oldin Gulnora Karimovani jazolashda ishtirok etgandi. Bugun bu qarindoshlardan ikkitasi qamoqda, biri esa ishdan olindi. Darvoqe, o‘tgan oy ishdan olingan Rashidjon Qodirov (sobiq bosh prokuror-tahr.) O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizini uyushgan jinoyatchilika aloqador, degan hujjatlarni chiqargandi”, deydi Ozodlik manbasi.

Bu manba taxminicha, "Gulnora Karimovaga qarshi tadbirlarda ishtirok etgan mulozimlarning ortiqcha g‘ayrat ko‘rsatgani boshda bu jarayonga o‘zi ruxsat bergan "ota"ga yoqmagan bo‘lishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG