Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Qishloqlik majburan chopiqqa chiqarilayotgan shaharlikni boqishga majburlanmoqda​


O‘zbekistonning aksar viloyatlarida oliy o‘quv yurti talabalari¸ o‘qituvchi va vrach kabi byudjet tashkilotlari xodimlari havo harorati oftobda 40 darajadan oshgan ayni kunlarda yoppasiga chopiqqa haydalmoqda. Xususan¸ Qoraqalpog‘istonda paxta ahvoli yomon ekanini ta‘kidlayotgan Ozodlik manbalari¸ ommaviy chopiqqa chiqarilayotganlar yashash va yeb-ichishini ta‘minlash yana bir o‘lpon sifatida oddiy xalqqa yuklatilganini aytmoqdalar.

“Biz qishloqda turamiz. Qishloqda deyarli hech kimning ishi yo‘q. Hamma yerdan¸ mol-holdan tirikchilik qiladi. Hozir bizga uydagilar chopiqqa chiqmasa¸ molingizni hech qayerda o‘tlata olmaysiz¸ deyapti. Agar o‘zingiz paxta chopig‘iga chiqmasangiz¸ shahardan kelgan yordamchilarga uyingizdan joy berasiz¸ ularning ovqatini¸ suvini berasiz¸ deyapti. Bizning qishloqqa shahardan kelgan maktab o‘qituvchilari yuborilgan. Shularga joy¸ ovqat qilib berasan¸ deyapti. Bir joyda ishlamasak¸ o‘zimiz zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan bo‘lsak¸ biz fermerning yerida ishlayotganlarni nimaga¸ qanday boqamiz¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan Qoraqalpog‘iston respublikasining Chimboy tumanida yashovchi ro‘zg‘or egasi.

Unga ko‘ra¸ bunday shartni avvaliga qishloqqa tutash yerlarga paxta ekkan fermerlar aytgan¸ xalq uning gapiga ko‘nmagandan so‘ng¸ ayni kunlarda militsiya xodimlari mahalla faollari bilan uyma-uy yurib¸ har oiladagi voyaga yetganlarni yo chopiqqa chiqishga¸ yo kelgan yordamchining ta‘minotini bo‘yniga olishga majburlamoqda. Bu ikki shartdan biriga ko‘nmaganlar¸ molini tashqarida boqishga ruxsat berilmasligi bilan tahdid qilinmoqda:

- O‘tgan yillarda ham chopiqqa¸ yaganaga odam chiqarishardi. Asosan¸ mahalladan yosh bolasi uchun nafaqa oladiganlarni "nafaqangni kesamiz"¸ deb qo‘rqitib olib chiqishardi. Hozir yoppasiga hammaga bosim bo‘layapti. Faqat o‘quvchi bolalar dalaga chiqmasin¸ deyishayapti. Fermerlar quturib ketdi bu yil. Tirikchiligimiz moldan bo‘lsa¸ molingni dalaga olib chiqmaysan deyapti endi ¸ deydi chimboylik manba.

Ozodlik bilan suhbatda qoraqalpog‘istonlik fermerlardan biri¸ vaziyatning aksar tumanlarda chimboylik manba tasvirlagan kabi og‘ir ekanini e‘tirof etdi:

- Bu yil ahvol juda yomon. Paxta yomon bo‘ldi. Na fermerlikni oladigan¸ na yerda ishlaydigan odam yo‘q. Hamma Rossiya yo Qozog‘istonga ketib qolgan. Hokimiyat shahar bozorida savdogarlik qilib kelgan odamlarning bo‘yniga 200 gektarlab paxta yerini majbulab ilib qo‘ydi. Fermerda ishlatishga ish kuchi yo‘q¸ odam yollay desa¸ pul yo‘q. Shunga hokimiyat¸ melisa bosim qilib¸ odamlarni yoppasiga chopiqqa haydayapti. Bozorga tushganlarni ham dalaga haydayapti hozir. Bu yil yozda o‘qituvchi¸ byudjetniklarga otpuska yo‘q. Hammasi yotib chopiq¸ keyin yagana qiladi. O‘zini boqolmayotgan fermer¸ majburlab olib kelinayotgan “yordamchi”ni qanday boqsin? Shunga hokimiyat qishloqdagilarga bosim qilib¸ shahardan kelgan talabami¸ o‘qituvchimi uyiga olib¸ ularni boqishga majburlayapti¸ deydi qoraqalpog‘istonlik fermer o‘z ismi ochiqlanmasligi sharti bilan.

Bu suhbatdosh¸ o‘z qishlog‘iga Nukusdan majburan yuborilgan talabalar sharoitning og‘irligiga chidolmay qochib ketganidan keyin butun og‘irlik rayondagi byudjet tashkilotlari xodimlariga yuklanganini aytadi.

- Hozir hammaga og‘ir. Lekin eng og‘iri fermerga bo‘layapti. Bitta fermerga o‘nta nazoratchi. Prokuratura¸ soliq¸ melisa¸ hokimiyat har kuni soatlab boshimizni qotiradi. Bu yoqdan g‘allani o‘rish kerak¸ bu yoqda paxtani o‘t bosib¸ hali o‘toq tugamadi¸ yagana boshlanmadi. Bizga bir tiyin beradigan yo‘q¸ ammo plan¸ ish so‘raydigan mingta. Biz nima qilaylik? Hali bundan ham battari oldinda¸ deydi qoraqalpog‘istonlik fermer.

Ozodlik bilan suhbatda Qoraqalpog‘istondagi bir necha tuman hokimligi rasmiylari byudjet tashkilotlari xodimlarining yotib ishlash uchun o‘toqqa chiqarilayotganini tasdiqladilar va bu “yordamchilar” ta‘minotining fermer zimmasiga yuklanganini bildirdilar.

“Yordamchilarning yotishiga joy qilib berish¸ ularning ovqati-suvini ta‘minlash fermerlarga topshirilgan. Ularni uyma-uy tarqatishda mahallaqo‘mlar fermerga yordam berayapti. Bizning rayonda hozir o‘n minglab odam chopiqda”¸ deydi Chimboy tuman hokimligiga yaqin manba.

Ozodlik suhbatlashgan chimboyliklardan biriga ko‘ra¸ “sharoit” deb atalayotgan manzara o‘ta g‘arib – havo harorati soyada 35 darajaga yetgan ayni kunlarda majburan chopiqqa haydalgan o‘qituvchi va boshqa byudjetdan oylik oluvchilar ertalabki soat 7 dan kechki 7 gacha 12 soat o‘toq qiladi¸ ularga shu issiqda na tuzuk-quruq ichimlik suvi¸ na dam olishga joy va na tuzuk-quruq hojatxona bor.

Qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ paxtachilikni isloh qilish¸ uni mexanizatsiyalash iddaosi bilan xalqaro moliya tizimlaridan yuzlab million dollarlik kredit olib kelayotgan O‘zbekiston hukumatining amalda davlat byudjetiga yiliga kamida 1 milliard dollar daromad olib kelayotgan bu sohani na isloh¸ na mexanizatsiyalashtirayotgani ko‘rilmayotir.

Aksincha¸ hamon 95 foiz paxta qo‘lda terilayotgan qoloq bir sanoat bo‘lib qolayotgan o‘zbek paxtachiligidagi hamma ishni hukumat kuchli ma‘muriy bosim ostida davlat va jamoat tashkilotlari xodimlarini qullarcha mehnatga zo‘rlash evaziga qildirib kelmoqda.

Mamlakatda majburiy mehnatning yil sayin kuchayib¸ krepostnoy-quldorlik tusini olib borayotganiga nisbatan xalqaro maydonda bildirilayotgan jiddiy e‘tirozlar hozircha Toshkent siyosatining o‘zgarishiga ta‘sir qilmayotir.

XS
SM
MD
LG