Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:46

Tyumenda qozog‘istonlik ayolni garovda saqlagan o‘zbeklar ushlandi​


Tezkor amaliyot joyida olingan fotosurat. (Tyumen shahar IIBsi tomonidan taqdim etilgan)
Tezkor amaliyot joyida olingan fotosurat. (Tyumen shahar IIBsi tomonidan taqdim etilgan)

O‘zbekistonning ikki fuqarosi Tyumen shahrida 59 yoshli qozog‘istonlik ayolni garovda ushlashda ayblanib, hibsga olindi. Politsiyachilar avvaliga o‘zbekistonlik muhojirlar tadbirkor ayolning yaqinlaridan 1,5 million rubl talab qilgani, keyin “narx”ni 700 mingga tushirganini aytmoqda.

Tyumen shahar Ichki ishlar boshqarmasining “ishonch telefoniga” joriy yilning 11 iyun kuni qo‘ng‘iroq qilgan va Qozog‘istonning Ostona shahridan ekanini aytgan yosh ayol noma‘lum kimsalar onasini Tyumen shahrida o‘g‘irlab, garovda ushlab turganini xabar qildi.

Qo‘ng‘iroq qilgan ayol jinoyatchilar garovdagi onasini ozod qilish evaziga 700 ming rublь so‘rayotganidan arz qildi.

Tyumenь oblasti Politsiya boshqarmasi Axborot bo‘limi boshlig‘i Svetlana Novik Ozodlik bilan suhbatda ma‘lumot olinganidan bir kun o‘tib – 12 iyun kuni operativ xodimlar qozog‘istonlik ayol ushlab turilgan kvartirani aniqlab, uni ozod qilishganini aytdi:

Jinoyatda ayblanayotgan o‘zbek muhojirining Tyumenь politsiyasi rasmiy saytida e‘lon qilingan surati
Jinoyatda ayblanayotgan o‘zbek muhojirining Tyumenь politsiyasi rasmiy saytida e‘lon qilingan surati

- Ushlanganlar O‘zbekistondan ekan. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, “ishonch telefoniga” tushgan xabar asosida operativ xodimlarimiz qayerdan qo‘ng‘iroq qilinganini hisoblab chiqdi va SOBR jangchilari yordamida Tyumen shahri Permyakova ko‘chasidagi uylardan biriga bostirib kirdi. Ikki nafar shaxsdan biri ularga qarshilik ko‘rsatishga urindi, yana biri uchinchi qavatdan sakrab qochmoqchi bo‘ldi, ammo politsiya xodimlari tomonidan ushlandi. 1976 va 1983-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada noqonuniy yashab kelayotgani, ular oldin sudlanmagani, tayinli ish joyi bo‘lmagani ma‘lum bo‘ldi, - deydi Svetlana Novik.

Politsiya xodimiga ko‘ra, izquvarlar bu kvartiraning xonalaridan birida choyshabga o‘rab, skoch tasmasi bilan og‘zi-qo‘li boylangan 1956-yilda tug‘ilgan ostonalik ayolni ozod qilgan.

Qo‘lga olingan o‘zbek muhojirlari so‘roq paytida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgani va garovga olgandan so‘ng o‘tgan ikki kun ichida bo‘lgan barcha voqealarni tergov xodimiga so‘zlab bergani aytildi.

Тюменда Ўзбекистон фуқаролари Қозоғистон фуқаросини гаровга олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:34 0:00

- Ikki kun oldin Qozog‘istondan bir ayol keldi. U bilan kvartirani ijaraga oldik. Qizi bilan so‘zlashdik. Avvaliga 1,5 million talab qildik. Keyin u “Menda buncha yo‘q, 700 ming beraman”, dedi. Biz rozi bo‘ldik...
- 3 kun oldin Qozog‘iston fuqarosini kvartiraga olib keldik, bog‘lab qo‘ydik va 1,5 million pul talab qildik. Keyin, pichoq bilan qo‘rqitdik. Pul kerak bo‘lgani uchun o‘zimizga ishonib qoldik. Bugun pul keladi, degan paytda politsiya ushladi, - deydi birovning hayotiga tahdid qilganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonliklar.

Ozod etilgan qozog‘istonlik ayol esa politsiyachilarga tezkor harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi:

Jinoyatda ayblanayotgan o‘zbek muhojirining Tyumenь politsiyasi rasmiy saytida e‘lon qilingan surati
Jinoyatda ayblanayotgan o‘zbek muhojirining Tyumenь politsiyasi rasmiy saytida e‘lon qilingan surati

- Men kvartiraga kirishim bilan ulardan biri eshikni yopa boshladi. Juda qo‘rqib ketdim! Qaytib chiqmoqchi edim, ulardan biri meni yerga qulatib, so‘kib, qo‘l-oyog‘imni skoch bilan bog‘ladi. Pul va taqinchoqlarimni yechib olishdi. Tyumen politsiyasidan juda minnatdorman, - deydi bunday tez ozod bo‘lishiga o‘zi ham ishonmaganini gapirgan tadbirkor ayol.

Svetlana Novik bu ayol o‘zbekistonliklar bilan Qozog‘istondan o‘tib kelayotgan Toshkent poyezdida tanishgani va o‘sha yerda ularda bu reja paydo bo‘lganini gapirib berdi.

Aniqlanishicha, jinoyatda ayblanayotgan o‘zbeklardan biri bu ayol bilan poyezdda yaxshi tanishib olgan.

- Bu ayol BAD – biologik aktiv qo‘shimchalar sotish bilan kun kechirayotgani, yaxshi daromad topishini o‘zbekistonliklardan biriga aytib bergan. Uni o‘z biznesiga jalb qilishga uringan. Shunda, ikkinchi ayblanuvchida jinoiy niyatlar yuzaga kelgan. Ular poyezdda telefon raqamlarini biri biriga bergan. Tomskka yetib borgan bu ayolga jinoyatda ayblanayotganlar biroz vaqtdan keyin telefon qilib, “puldor mijoz” topganini aytgan. Ana shu tariqa uni tuzoqqa tushirgan, - dedi dastlabki tergov xulosalari bilan o‘rtoqlashgan Tyumen politsiya boshqarmasi vakilasi Svetlana Novik.

Tyumen oblasti Tergov qo‘mitasi xodimlari ismi tergov manfaatlari doirasida sir saqlanayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasi 2-qismi (g‘arazli maqsadda odam o‘g‘irlash) va 119-moddasi (o‘ldirish bilan tahdid qilish) asosida ayblov e‘lon qilinishi mumkinligini bildirdi.

Tergovchilar bunday jinoyat uchun O‘zbekiston fuqarolari 6 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG