Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:54

Toshkent masjidlarida ilk bor katta iftorliklar berilmoqda​


Toshkentdagi "Minor", "Ko‘kcha", "Imom Buxoriy", "Kamolon" kabi yirik masjidlarda bir necha yuz kishilik iftorliklar tashkil qilinmoqda. Dasturxonlar masjid jamoasi, namozxon va aholi ehsonlari hisobiga yozilmoqda. Toshkent masjidlarida o‘tgan yillarda ham iftorlik berilgan, ammo ularga masjidlarning 30-50 kishilik xos jamoat da‘vat qilinar edi.

22 iyun kuni poytaxtliklar orasida "Oq masjid" nomini olgan "Minor" masjidida 500 kishilik iftorlik berildi.

Masjid hovlisida yozilgan dasturxonlar va iftorlik uchun yig‘ilgan yuzlab ro‘zadorlar jamoati aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.

Minordashi iftorlikda ishtirok etgan toshkentlik namozxonlardan birining yozishicha, ro‘zadorlar masjidda katta iftorliklar berilishini olqishlamoqdalar:

"Jamoat bo‘lib, iftorlikka yig‘ilishi juda yaxshi narsa. "Minor" masjidi salqin, birinchidan. Iftorga xurmo, suv, meva-cheva, qand-qurs, issiq somsa, har xil pishiriqlar qo‘yildi.

Issiqdan borgan ro‘zadorga kifoya qiladigan darajadagi iftorlik bo‘ldi. Tarovihgacha mazza qilib salqinlab o‘tirdik. Masjidni ichiga kirib, kitob o‘qiganlar qancha bo‘ldi, yaxshi bo‘ldi", dedi Ozodlikka mikrofonsiz so‘zlagan toshkentlik ro‘zadorlardan biri.

"Minor" masjidining o‘zidan bu xayrli tadbir yuzasidan biror rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, bu tadbir haqida xabar qilgan qadriyat.uz saytining yozishicha, tashabbus namozxonlardan chiqqan.

Saytda berilgan maqolada masjid imomi Rahmatulloh qori Habibulloh o‘g‘lidan bunday iqtibos keltirildi:

"Minor" masjidi imomi Rahmatulloh qori
"Minor" masjidi imomi Rahmatulloh qori

"Ushbu iftorliklar xuddi Harami sharifdagi iftorliklarni eslatib yubordi. Musulmonlarning mana shunday go‘zal tadbirlariga ko‘pchilik xavas qilmoqda... Hozirgi qisqa kechalarda iftorlikka xonadonlarga bormasdan, shu yerda birgalashib iftor qilsak-da, keyin shoshilmasdan masjidga kelsak qanday yaxshi".

Poytaxtlik namozxonlarning aytishlaricha, shu kunda yuzdan ortiq ro‘zador yig‘ilayotgan iftorliklar poytaxtning "Ko‘kcha", "Imom Buxoriy", "Kamolon" kabi masjidlarida ham tashkil qilinmoqda.

Jumladan, "Imom Buxoriy" masjididan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu masjidda 30 kishilik jamoat iftorga kelmoqda:

"Bizda endi shu masjidning o‘zidagilarga kichkina iftorliklar berilayapti. 30 kishi yig‘ilayapti", dedi masjid qavmi a‘zolaridan biri.

Poytaxt masjidlaridagi izdihomlarni kuzatayotgan toshkentlik yosh tadbirkorlardan birining aytishicha, iftorliklar masjid va aholi ehsonlari hisobiga yozilmoqda:

- Masalan, kimdir iftorga borarkan, bir blok suv oborayapti. Kimdir bir necha kilo meva, birovi 10-15 ta non, qovun-tarvuz - shunaqa qilib, yaxshigina dasturxon bo‘layapti. Hamma ehson qilganlardan Olloh rozi bo‘lsin, ehsonini qabul qilsin! Har yili ham o‘zi shunaqa masjidga kirgan ro‘zadorlarga suv, xurmon, meva-cheva ulashilardi. Lekin, bu yil juda fayzli bo‘layapti, - deydi toshkentlik namozxon.

"Minor" masjidida berilgan iftorlik Toshkent masjidlarida o‘tkazilgan Ozodlikka ma‘lum ilk katta iftorlikdir.

Ma‘lumki, O‘zbekistonda aholi uylari, mahalla guzarlarida ko‘p kishilik iftorlarni o‘tkazish keskin cheklangan. Iftorlik bermoqchi bo‘lgan shaxslar mahalla qo‘mitalarini ogohlantirishi va ulardan bir vakil ishtirokida, imkon qadar, kichik jamoalar uchun iftor berishi mumkin.

Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yillardan buyon Toshent va boshqa yirik shaharlardagi umumiy ovqatlanish muassasalarida ham ko‘p kishilik iftorliklar berilishi taqiqlab qo‘yilgan. Mamlakatda Ramazon oyida gavjum bo‘ladigan halol oshxonalar esa 2011 yilda ommaviy tarzda yopilgan.

So‘nggi yillar ichida ilk bor 500 namozxonga iftor berilgan "Minor" masjidi Toshkentdagi eng muhtasham masjidlardan biridir va u o‘tgan yili qurib bitkazilgan.

Uning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ishtirok etgan va o‘shanda imom-xatib Rahmatulloh qori prezidentning chap yonida o‘tirib, Qur‘on tilovat qilgan edi.

Asli surxondaryolik 40 yashar imom nafaqat poytaxt, balki o‘zbekistonlik namozxonlar orasida ham tanilgan imomlardan biridir. 2012 yilda u O‘zbekistondagi eng faol imom, deb tan olingan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, 2012 yilda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha paytlarda Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi bo‘lgan Rahmatulloh Sayfuddinov eng ko‘p chiqish qilgan.

Bundan tashqari, "Minor" masjidi imomi Parijdagi hujumlarni fitna, deb qoralagan va bu mavzuni tilga olgan Ozodlikka ma‘lum o‘zbekistonlik ikkinchi din peshvosidir. Bunga qadar O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur Parijdagi Charlie Hebdo satirik jurnaliga bo‘lgan hujumni “katta fojea” deb qoralagan va u kishi ham bu hujum ortida "fitna qo‘zg‘ovchilar" turganiga oid taxminlarini ilgari surgan edi.

XS
SM
MD
LG