Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:31

O‘zbekistondagi eng qimmat lagerlardan ota-onalar norozi


O‘zbekistondagi eng qimmat va nufuzli sanaladigan Happy Summer va West Camp yozgi bolalar oromgohlaridagi sharoitlardan qoniqmagan ota-onalar o‘z noroziligini bildirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan shikoyatlarda aytilishicha, oromgohlarda bolalar uchun sharoitlar yetarli emas. Ota-onalar lagerlarda issiq suv yo‘qligi, basseynlar tozalanmasligi ortidan bolalari kasallanganidan shikoyat qilishdi.

Facebookdagi "Jamoatchilik nazorati" ("Obshchestvenniy kontrol") guruhida bir haftadirki, Happy Summer va West Camp bolalar oromgohlaridagi sharoitlardan norozi bo‘lgan ota-onalar o‘rtasida muhokama davom etmoqda.

Happy Summer lagerida farzandining 12 kun dam olishi uchun 900 ming so‘mga yaqin pul to‘laganini aytgan Raxila Abdullayeva ismli ayol oromgohdagi sharoitlardan qoniqmagani haqida yozdi:

“"Oromgohda ta‘mirlash ishlari tugallanmagan, qurilish xom ashyolari sochilib yotibdi. Yuvinish xonasida esa qo‘rqinchli manzara guvohi bo‘lish mumkin. Dahshat. Men bunday katta miqdordagi pul evaziga bolalar uchun ancha yaxshi sharoitlar yaratilishi lozim, deb hisoblayman", deb yozadi ayol.

Abdullayeva oromgohdagi basseynlar ahvolidan qoniqmagani va issiq suvning yo‘qligidan shikoyat qildi:

“Basseyn suvini filtrlang, issiq suv bilan ta‘minlang! Hojatxonadagi sharoitlarni yaxshilang, xonalarni oqlab, saranjom-sarishtalikni yo‘lga qo‘ying!.. Boshqa narsalar haqida mayli gapirmay qo‘ya qolay”, degan Raxila Abdullayeva bolasi lagerda kasallanganini ham qayd qilgan.

Shirin Abdurashidovaning Facebookda yozishicha, Happy Summer oromgohida dam olayotgan o‘g‘lini issiq suv bo‘lmagani uchun uyga qaytarib olib kelgan:

“Uning otryadida issiq suv bo‘lmadi, bolam 4 kun cho‘milmadi... Kamchiliklari juda ko‘p. Anig‘ini bilamanki, u yerga boshqa bolalarimni jo‘natmayman”, deb yozdi Shirin Abdurashidova.

Mavluda Abdullaevz ismli foydaluvchi esa West Camp oromgohida nevarasi 7 kun dam olganidan so‘ng kasallanib qolgani haqida yozdi:

“Issiq suv yo‘q, bolalar sovuq suvda cho‘milishgan, o‘g‘il bolalar uchun hojatxona ko‘chada, bir nechta tarakanga ham ko‘zim tushdi... Nevaramni bir haftadan so‘ng shamollab qolgani uchun olib keldik. Endi dam olish o‘rniga shifokorlarga qatnab, dori-darmon qilayapmiz”, deb yozadi Mavluda Abdullaevz.

Happy Summer oromgohida farzandi dam olayotgan toshkentlik ayol Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda lagerda bolalarning ovqatlanishi juda yaxshi ekanligi, biroq sharoitlardan ozgina ko‘ngli to‘lmagani haqida gapirdi:

“Ovqatlariga gap yo‘q. Olti marta ovqatlantirishadi. Lekin lagerga borguncha yo‘lga ozgina qarashsa bo‘lardi. Mashina yurib bo‘lmaydi, juda rasvo. Parkovka uchun ham joy muammo. Manga yoqmagani, bitta xonada 8ta krovat qo‘yishgan, krovatlar orasida juda ozgina joy qolgan. Yurish qiyin. Man bir borganimda dushi ishlamay qolgan ekan. Keyin dushidagi zanaveskalar juda kirlanib ketgan. Yuvib turishsa bo‘lardi. Lekin boshqa lagerlarga nisbatan yomon emas. O‘g‘limga yoqayapti”, dedi toshkentlik ayol.

Kun.uz sayti ham ushbu ikki oromgohdagi muammolar haqida yozdi. Mazkur sayt yozishicha, boshqalar ham shunday holatlarga guvoh bo‘lishganini qayd etishgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Happy Summer oromgohi vakillari Facebookdagi "Jamoatchilik nazorati" ("Obshchestvenniy kontrol") guruhidan lager haqidagi postlarni o‘chirib tashlashni aytib tahdid qilgan. Guruh a‘zolari tahdid bitilgan maktubni o‘z sahifasida ham chop qilishdi.

Ozodlik West Camp oromgohi bilan bog‘lana olmadi. Lekin Happy Summer oromgohi xodimi bilan gaplashdik. O‘zini oromgoh menejeri deb tanishtirgan ayol, lager muammolari haqida matbuotga gapirmasliklarini ta‘kidladi:

- Bizlarning bunaqa majburiyatimiz yo‘q. Lagerning ichida qanaqadir problema bo‘layotgan bo‘lsa, bizlar jurnalistlarga aytmaymiz. Bu lagerni ichida bo‘layotgan problema. Uni problema deb hisoblamaymiz ham. Chunki masalan, 250ta odam olgan bo‘lsak, 249tasi yaxshi deb qaytib ketdi, xursand bo‘lib qaytib ketdi. Faqat bitta ota-ona norozi bo‘ldi. Bu endi ota-onaning vkusiga bog‘liq. Bu- lagerь, 5 yulduzli otel emas. Bu-lager. Bolalar uchun O‘zbekiston bo‘yicha eng pristijnшy lager hisoblanadi. Hamma udobstvolar bor. Olti mahal ovqatlantiramiz. Basseynimiz har kuni tozalanib turadi. Kerakli filtrlar bor. Dorilar sepib turamiz-a. Xlorka bor. To yest hamma udobstvolar bor bolalar uchun,- dedi o‘zini Happy Summer oromgohi menejeri deb tanishtirgan ayol.

Ingliz tiliga ixtisoslashgan ushbu kkita oromgohga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining so‘lim go‘shalaridan joy ajratilgan. WestCamp Xumsonda, Happy Summer esa Burchmulla posyolkasida joylashgan.

7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan ushbu lagerlarda 12 kun dam olish uchun taxminan 600- 900 ming so‘m pul to‘lash lozim.

XS
SM
MD
LG