Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:43

Urganch halokati ortidan O‘zbekistondagi yirik ko‘priklar tekshirilmoqda​


Urganchdan o‘tadigan Shovot kanali.
Urganchdan o‘tadigan Shovot kanali.

Urganchdagi “Yoshlar ko‘li” dam olish maskanida konsert paytida yuz bergan halokat ortidan O‘zbekistonda mavjud barcha yirik ko‘priklar qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. 8 avgust oqshomida taniqli xonanda Navro‘z Sobirov konsertiga yig‘ilgan yuzlab tomoshabin turgan ko‘prik panjarasining qulashi oqibatida o‘ndan ziyod odam suvga cho‘kib o‘lgan va o‘nlab odam jarohat olgan edi.

Urganchda ro‘y bergan halokat sabablarini O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov buyrug‘i bilan tuzilgan maxsus hukumat komissiyasi o‘rganmoqda.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi mazkur komissiya mutasaddi vazirliklar va viloyatlar hokimiyatlariga barcha yirik ko‘priklarni “izchil tekshiruv”dan o‘tkazish topshirig‘ini bergan.

Unga ko‘ra, shu sababdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalari ham kechiktirilmoqda.

“Kabmin shu bilan ovora. Test natijalari ham shunga kechikayapti,” dedi O‘zbekiston hukumatiga yaqin manba.

“Odamlar bir-birining ustiga quladi”

Urganch markazidagi dam olish maskanida yuz bergan voqeadan to‘qqiz kun o‘tganiga qaramasdan, hukumat komissiyasi tekshiruvi natijalari jamoatchilikka oshkor etilgani yo‘q.

O‘zbekistonda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qurbonlar borligini tasdiqlagan, ammo hozirga qadar aniq raqamlarni keltirgani yo‘q.

Bu holat Urganchda qurbonlar soniga oid turli mish-mishlarning urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Voqea guvohlariga ko‘ra, konsert paytida bog‘dagi sun‘iy orolchaga ulangan ko‘prik yon panjaralarining bir qismi sinib ketgan va ko‘prikda turib konsert tomosha qilayotgan yuzlab odam, asosan, yoshlar, bolalar va ayollar shom qorong‘usida suvga qulagan.

“Yoshlar ko‘li” xizmatchilaridan biri “bunday dahshatli narsani hayotimda ko‘rmagandim,” deydi.

Ko‘prik panajarasi birdan sinib, 180-200tacha odam suvga yiqildi. Odamlar bir-birining ustiga quladi. Baqir-chaqir boshlanib ketdi. Yigirmatacha odam cho‘kayotganlarni qutqarish uchun o‘zlarini suvga otishdi. Bunday dahshatli narsani hayotimda ko‘rganim yo‘q. Qutqaruvchilar va tez yordam mashinasi 10-15 minut o‘tib, yetib keldi,” deydi “Yoshlar ko‘li” maskanida ishlovchilardan biri.

Qurbonlar oilalariga yordam

Ozodlik suhbatlashgan urganchliklar so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat hodisada yaqinlarini yo‘qotgan oilalarning ba‘zilariga moddiy yordam ko‘rsatgan.

O‘lganlar oilalarining hammasiga emas, ba‘zilariga davlat yordam berdi. O‘ziga to‘q bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatilmadi. Lekin, kambag‘alroq oilalarga 5 million so‘mdan pul ajratishdi”, dedi urganchliklardan biri.

Farzandi fojiada halok bo‘lgan urganchlik onaning Ozodlikka aytishicha, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev shaxsan uyiga kelib, ta‘ziya bildirib ketgan.

Ayni paytda jabrlanganlar yaqinlari, falokat aybdorlarini jazolashni talab qilib, Urganch shahar prokuraturasiga murojaat qilgan.

Urganch shahrida barcha ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilingan.

Qurbonlar yaqinlari va jabr ko‘rganlar 15 avgust kuni Urganch istirohat bog‘iga borib, qo‘y so‘yishib, marhumlar xotirasiga Qur‘on tilovat qilishgan.

XS
SM
MD
LG