Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:17

Interpol Toshkent vakolatxonasining sobiq rahbari Yuriy Savinkov qo‘lga olindi​


Yuriy Savinkov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati zobiti bo‘lgan.
Yuriy Savinkov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati zobiti bo‘lgan.

Interpolning O‘zbekistondagi vakolatxonasi sobiq boshlig‘i¸ MXX polkovnigi va tadbirkor, 56 yashar Yuriy Nikolayevich Savinkov Toshkent talabi bilan Rossiyada qo‘lga olindi. Savinkov O‘zbekiston bosh prokuraturasi tarafidan qidiruvga berilgan edi. Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra¸ Yuriy Savinkov noqonuniy tadbirkorlik¸ katta miqdordagi valyutani davlat chegarasidan iznsiz o‘tkazish¸ hizmat vakolatlarini suiiste‘mol qilish va korruptsiyada ayblanmoqda.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati polkovnigi va mamlakatni Interpolda tamsil etgan mulozimning qidiruv ortidan Moskvada qo‘lga olinganligi to‘g‘risidagi iddaolarni bir-biridan mustaqil bir nechta manba Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda ilgari surdi.

"Yuriy Nikolayevich Savinkov 17 avgust, dushanba kuni Moskvada qo‘lga olindi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Minsk kelishuvi bo‘yicha Rossiya huquq-tartibot organlariga ekstaraditsiya so‘rovi yuborgan. So‘rov hujjatiga Savinkovning O‘zbekistonga uskunalar jo‘natish niqobi ostida pul yuvish bilan shug‘ullanganligi va katta miqdordagi valyutani o‘zlashtirganiga oid aybnomalar ilova qilingan. Bu hujjatlar asosida Rossiya huquq-tartibot organlarni Savinkovni hibsga oldi. Yana bir narsani ham qo‘shib qo‘ysam¸ Savinkov Interpolning O‘zbekistondagi vakolatxonasida ishlagan paytida hizmat vakolatini suiiste‘mol qilganlikda ham ayblanmoqda. Bu jiddiy ayblov”¸ dedi Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasi Savinkovning Rossiyada hibsga olinganligini tasddiqladi. Ammo uning hozir qayerdaligi haqidagi ma‘lumot turlicha qolmoqda.

Bitta manba iddaosiga ko‘ra “Savinkov allaqachon O‘zbekistonga deportatsiya qilingan va Gvardeyskiy, deb nom chiqargan MXX yerto‘lasida ko‘rsatma bermoqda”.

Boshqa manba esa¸ qo‘lga olingan Savinkovning hali O‘zbekistonga jo‘natilmaganligini aytadi:

- Dushanba kuni Rossiyada qo‘lga olingan Savinkov hali deportatsiya qilinmadi. Minsk kelishuvida zudlik bilan deportatsiya qilinsin, degan band yo‘q. Rossiya huquq-tartibot organlari O‘zbekiston tarafi taqdim qilgan ayblov hujjatlari va isbot-dalillarni sinchiklab o‘rganib chiqqanidan keyin Savinkov Toshkentga yuborilishi mumkin. Bilishimcha, hali Savinkov Rossiyada ancha qolsa kerak¸ dedi manba.

Ozodlikning Moskvadagi muxbiri Rossiya huquq-tartibot organlaridan Savinkov qo‘lga olinganligi va deportatsiya qilinganiga oid tasdiq ham, inkor ham ola olmadi.

Mulozimlar “tergov siri” bois, bu borada sukut saqlashini bildirishgan.

Dubaydan qidirilgan Savenkovning daragi Moskvadan chiqdi

Shu paytgacha Savinkov Dubayda yashirinib yuribdi, degan ma‘lumot mavjud edi. Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimlari ham bu “sohta iz” ketidan tushib, Dubayga borishgan:

- Uning Dubaydagi uyiga keyingi uch oy davomida chaqriruv qog‘ozi yuborilganiga qaramasdan Savinkov tergov idoralari bilan kontaktga chiqmagan. O‘zbekistondan Dubayga maxsus borgan Bosh prokuratura vakillari Savinkovning o‘z uyida istiqomat qilmayotganligini aniqlashganidan so‘ng u qidiruvga berilgan edi "¸ deydi Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Mkrtchyan Savenkovga "strelka berdi"

Ozodlikning boshqa manbasi iddaolariga ko‘ra, Savinkov o‘ziniing pul yuvish sxemalarini Latviyadagi o‘zbek tadbirkorlari bilan “jinoiy hamkorlikda” amalga oshirib kelgan.

"Mamlakat tashqarisidagi turli xolding¸ ko‘chmas mulk va foyda keltiruvchi bizneslar Savinkovning qizi Yuliya Savinkova va uning eri Yevgeniy Xaxalkov nomiga o‘tkazilgan. MXX soyaboni ostida turizm sohasidagi ishlaydigan Savinkovning o‘g‘li Igor Savinkov esa o‘z xizmat vazifasidan foydalanib, koruptsion sxemalarning xamirdan qil sug‘urgandek amalga oshirilishiga ko‘maklashgan", deydi manba.

Savinkovga qarshi O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi huquqiy kelishuv bo‘yicha tergov eksperimenti o‘tkazish uchun Rigaga olib borilgan va jinoyat olamida Husan Moskovskiy, degan nom bilan tanilgan, bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingan 58 yashar Husan Ziyamuhammedovning 31 may kuni ko‘rsatma berganini Ozodlik ma‘lum qilgan edi.

Bu ko‘rsatma asosida Latviya hududida biznesi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Yuriy Savinkov va Ovik Mkrtchyanlarga qarshi jinoyat ishi ochilganini iddao qilgan edi Ozodlik manbalari. Manbalardan biriga ko‘ra¸ Savenkov bilan jinoiy sheriklikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Ovik Mkrtchyan o‘tgan hafta qo‘lga olingan va qisqa so‘roqdan keyin shaharni tark qilmaslik tilxati bilan qo‘yib yuborilgan:

- Bu o‘ziga xos estafeta bo‘ldi. Husan Moskovskiy (Husan Ziyamuhammedov) Ovikka strelka berdi. Ovik esa Savenkovga strelka berdi. Shu tariqa Savenkovninmg qayerdaligi aniqlanib¸ issig‘ida qo‘lga olindi¸ deydi Ozodlik manbasi.

Gulnora izi

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Turkiyaning “Hurriyat” va Britaniyaning “Guardian” nashrlariga bergan suhbatida Yuriy Savinkovni “MXX zobiti”, deb atagan edi. Yana bir manbaga ko‘ra, Yuriy Savinkov O‘zbekiston MXXsi polkovnigi rutbasiga ega shaxs sifatida O‘zbekistonning Inetrpoldagi vakili ham bo‘lgan.

Savinkovning qo‘lga olinganiga oid xabar ham AQSh hukumati Gulnora Karimova uchta yirik telekom shirkatidan pora olgani iddaolariga oid korruptsiya tergovi doirasida 1 milliard AQSh dollariga teng mablag‘ini muzlatishni so‘rab, Yevropaning besh mamlakatiga murojaat qilganidan so‘ng o‘rtaga chiqdi.

Savinkov qo‘lga olingani aytilayotgan 17 avgust kuni Gulnora Karimovaning biznes sheriklari bo‘lgan Nurmuhammad Sodiqov (Nurik) doxil 9 kishi hibsga olinib Toshkent viloyat jinoyat ishlari sudida mahkamaga tortildi.

Yuriy Savinkovning qo‘lga olinishi ¸ MXX generali Hayot Sharifxo‘jayevning ishdan olinishi va uning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev ustidan jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olinishi "Gulnora Karimova mojarosi" bilan bog‘liq tadbir sifatida ham ko‘rilmoqda.

Gulnora Karimova 2013 yilda matbuot orqali qilgan chiqishlarida Yuriy Savinkov hamda Hayot va Javdat Sharifxo‘jayevlarga qarshi bayonotlar qilgan edi.

Jumladan, Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan interv yusida Gulnora Karimova Savinkov va aka-uka Sharifxo‘jayevlarning korruptsiyaga aralashganini bildirgan edi.

Bu yozuvlardan bir yildan ko‘p vaqt o‘tib Gulnora Karimova Twitterda qoldirgan yozuvlar va matbuotga bergan interv yularida ismi zikr bo‘lgan mulozimlarning ishi birin ketin “chappa ketayotgani”ni kuzatish mumkin.

XS
SM
MD
LG