Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:46

Prezident devonini piket qilmoqchi bo‘lgan shikoyatchilarni militsiya ushladi


Samarqand shahri va viloyatning Payariq tumanidan prezident devonini piket qilish uchun poytaxtga kelgan shikoyatchilarni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman militsiyasi ushlab, ichki ishlar bo‘limiga olib ketdi. Shikoyatchilar bilan o‘tkazilgan maxsus suhbatdan so‘ng ular qo‘yib yuborildi.

Samarqand shahrida istiqomat qiladigan 45 yoshli Jamshid Shomurodov va payariqlik 56 yoshli Bahodir Sarimsoqov 25 noyabr kuni prezident devonini piket qilish uchun Toshkentga keldi.

Bahodir Sarimsoqovning aytishicha, toshkentlik inson huquqi faoli Elena Urlaeva piketga ruxsat so‘rab rasmiylarga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng, uning uyini 20 nafar militsiya xodimi bosgan:

- Biz Toshkentga adolat izlab bordik. Iloji bo‘lsa Karimovga kirmoqchi edim. Bir do‘stim bor edi, u Elena Urlaeva bilan uchrashtirdi. Elena opa Karimovning oldiga hech kim kirolmasligini aytganidan so‘ng, devonni piket qilishga qaror qildik. Elena opa bu haqda hokimiyat va militsiyani rasman ogohlantirdi. Hali plakatlarni yozib bo‘lmasimizdan, 20 nafarga yaqin militsiya xodimi uyga bostirib kelishdi. Meni va Jamshid Shomurodovni zo‘rlik bilan Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketishdi, dedi Bahodir Sarimsoqov.

Shikoyatchiga ko‘ra, ular ichki ishlar bo‘limida uch soat ushlab turilganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan:

- Men militsiyaga ham adolat izlab kelganimni aytdim. Mahallamizdagi gazning uzib tashlanganiga 7 yil bo‘lgan bo‘lsa ham, yo‘q erdan meni 2 million so‘m qarzdor qilib qo‘yishganini, sud ijrochilari mol-mulkimni musodara qilmoqchi bo‘lishayotganini, lekin hech qaerdan haqiqat topolmayotganimni aytdim. Ular hamma ma’lumotlarni yozgach, qo‘yib yuborishdi. Arizalaringni tegishli idoralarga etkazamiz, faqat piket qilmanglar deb, javob berishdi, dedi Bahodir Sarimsoqov.

Samarqand shahrida istiqomat qiladigan Jamshid Shomurodov esa militsiya mayorining tovlamachiligi ustidan qilgan shikoyatlari mahalliy idoralar tomonidan rad qilinavergach, adolat izlab prezident devoniga kelganini aytadi:

- Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sobiq tergovchisi tovlamachilik bilan bizni rosa tushirgan. U bizga sotgan do‘konining hujjatlarini soxtalashtirib, yana qaytarib boshqaga sotgan. Lekin sud, militsiya va prokuratura kabi idoralarda uning yaqin qarindoshlari ishlayotgani bois, arzimiz shu erda qolib ketayapti. Shuning uchun Toshkentga kelgan edim. Mirzo Ulug‘bek tumani militsiya xodimlari bizni ushlab kelgandan so‘ng, arzimizni yuqori idoralarga o‘zlari etkazishini aytdi, dedi Jamshid Shomurodov.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar bo‘limidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda huquq himoyachilari va adolat istab kelgan fuqarolarning prezident devonini piket qilish holatlari kuzatilib turadi.

Biroq bu piketlar uzoq davom etmaydi. Aksariyat hollarda piketchilar plakatlarini yoyishi bilan militsiya xodimlari ularni ushlab, ichki ishlar bo‘limlariga olib ketishadi.

XS
SM
MD
LG