Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:34

NATO Chernogoriyani harbiy alyansga qo‘shilishga rasman taklif etdi


Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti - NATO Chernogoriyaga harbiy alyansga 29- a’zo o‘laroq qo‘shilishni rasman taklif etdi. Tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenberg bu haqdagi qaror chorshanba kuni NATOga a’zo mamlakatlarning Bryussel shahrida o‘tayotgan uchrashuvida qabul qilinganini aytdi.

Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti - NATO Chernogoriyaga harbiy alyansga 29- a’zo o‘laroq qo‘shilishni rasman taklif etdi. Tashkilot bosh kotibi Yens Stoltenberg bu haqdagi qaror chorshanba kuni NATOga a’zo mamlakatlarning Bryussel shahrida o‘tayotgan uchrashuvida qabul qilinganini aytdi.

Chernogoriyaning NATOga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan edi.

2006 yilda mustaqilligini e’lon qilgan mamlakat NATOning Tinchlik uchun hamkorlik dasturiga qo‘shilgan.

2007 yilda esa Chernogoriya hukumati NATO qo‘shinlarining o‘z hududi orqali o‘tishini ta’minlovchi kelishuvni ham imzolagan edi.

So‘nggi yillarda Chernogoriya NATOga qo‘shilish uchun harbiy alyans talab etgan shartlar doirasida o‘z qurolli kuchlarini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish va armiyada korrupsiyaga chek qo‘yishni nazarda tutuvchi islohotlarni amalga oshirdi.

NATO rasmiylari Chernogoriya hukumati qo‘l urgan islohotlar tahsinga sazovor ekani va bu mamlakatning harbiy alyansga qo‘shilishi uchun yo‘l ochilganini aytishdi.

Ayni vaqtda Chernogoriyaning NATOga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror harbiy alyansga a’zo barcha 28 mamlakat parlamentlarida ratifikasiya etilmog‘i kerak va bu jarayon bir yarim yilga cho‘zilishi mumkin.

NATO ichkarisida Chernogoriyaning alyansga qo‘shilishiga e’tiroz yo‘q.

Lekin, Rossiya NATOning sharq tomon kengayishi va Chernogoriyaning bu tashkilotga a’zo bo‘lishiga jiddiy e’tiroz bildirib keladi.

Rossiya Davlat Dumasi vise-spikeri Sergey Jeleznyak agar Chernogoriya NATOga qo‘shilsa, Moskva bu mamlakat bilan munosabatlari, jumladan iqtisodiy munosabatlarini qayta ko‘rib chiqadi, deb aytdi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa “NATOning sharq tomon davom etayotgan ekspansiyasi”ga Rossiya tomonidan javob choralari bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

"NATOning Sharq tomon ekspansiyasi Sharq, ya’ni Rossiya tomonidan javobsiz qolmaydi. Xavfsizlik va manfaatlar doirasida chora ko‘riladi”, - dedi Peskov.

Lekin, Peskov qanday choralar haqida gap ketayotganini aniqlashtirmadi.

O‘tgan oyda Chernogoriya parlamenti mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi rezolyusiyani qabul qilgan.

Qabul qilingan hujjatda NATO Chernogoriya hududiy yaxlitligi va suvereniteti, qonun ustuvorligi, inson huquqlari hamda demokratiya rivoji kafolati ekani aytilgan.

Biroq mamlakat ichkarisida o‘tkazilgan so‘rovlar aholining yarmidan ko‘pi Chernogriyaning NATOga a’zo bo‘lishini istamayotganini ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG