Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:32

“O‘zkimyosanoat” Olmaliqdagi 3200 ishchisiga uch oylik maoshini bera olmayapti


O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri- “Ammofos-Maksam” shirkati o‘z ishchilariga uch oydan buyon oylik maoshlarini bera olmayapti. “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiruvchi Olmaliqdagi mazkur korxonada keyingi bir yil davomida qarzdorlik ko‘paygani ortidan ishchilarning oyliklari o‘z vaqtida berilmayapti.

O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri- “Ammofos-Maksam” shirkati o‘z ishchilariga uch oydan buyon oylik maoshlarini bera olmayapti. “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiruvchi Olmaliqdagi mazkur korxonada keyingi bir yil davomida qarzdorlik ko‘paygani ortidan ishchilarning oyliklari o‘z vaqtida berilmayapti.

Ulushining 51 foizi O‘zbekiston hukumatiga, 49 foizi Ispaniya sarmoyadorlariga tegishli Olmaliqdagi "Ammofos-Maksam" hissadorlik jamiyatining 3200 ishchi-xodimi sentyabr oyidan buyon maosh olgani yo‘q.

Korxona ishchilarining Ozodlikka arz qilishicha, kimyo zavodida maoshlarning bir necha oylab kechikishi surunkali tus olgan va rahbariyat ishlarning og‘ir ahvolda qolayotganini e’tiborga olmayapti:

“Biz Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan “Ammofos-Maksam”da ishlaymiz. Biz ishchilarga 3 oydan beri ish haqimizni bermayapti. Oilamiz, farzandlarimiz bor, lekin korxona oylik bermayapti. 3 oydan beri. So‘rasak zavodning qarzi bor deyishadi. Nima qilish kerak? Boshqa ish bo‘lmasa, oylikni vaqtida to‘lamasa. Bunday ish yuritish yaxshi emas. Lekin korxona ishlayapti. Kimga arz qilaylik? Boylarda pul bordir, lekin oddiy xalq nima qilsin? Hamma narsa oshib ketayapti”, deyiladi Ozodlikka kelgan maktubda.

Korxona rahbariyati oyliklar bilan bog‘liq muammo borligini tan olib, buni jahon bozorida ammofos narxi tushib ketishi ortidan mahsulot eksporti to‘xtab qolgani bilan izohladi.

Ushbu korxonada keyingi bir yil davomida oyliklar to‘lanishida yuzaga kelgan muammolar barham topmayapti.

Kimyo zavodi ishchilari dastlab joriy yil boshida oyliklar kechikishi bilan bog‘liq muammoga duch kelishdi.

Korxona mulozimlaridan birining mikrofonsiz suhbatda aytishicha, ishchilarning to‘lanmay qolgan ikki oylik mehnat haqi bahorga chiqib kredit hisobiga yopilgan. Lekin apreldan boshlangan oyliklar bilan bog‘liq muammo yana uch oy davom etgan va korxonaning ish haqiga oid qariyb 3 milliard so‘mlik qarzdorligi yoz o‘rtasiga kelib, yana kredit hisobiga yopilgan.

Korxona mulozimiga ko‘ra, eksport to‘xtagani, mahalliy xaridorlarga sotilgan mahsulotlarning puli o‘z vaqtida tushmasligi bois zavodda moliyaviy muammo yuzaga kelgan.

Shuningdek, mulozimning aytishicha, o‘tgan yili korxonada yuz bergan avariya ham moliyaviy muammolar kuchayishiga turtki bo‘lgan.

O‘tgan yilining boshida kimyo zavodida 3,5 ming tonnaga yaqin sulfat kislotasi to‘kilib, 1 gektar maydonni zararlagan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, to‘kilgan kislotaning 540 tonnasi oqova suvi orqali Gijgen kanaliga tushadigan Tanachi-Buqa arig‘ini zaharlagan. Natijada “baliqlar va boshqa tirik jonivorlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘lgan”. Bundan tashqari ariqdan suv ichgan to‘rtta hayvon ham nobud bo‘lgani aytilmoqda. Odamlar ovlagan 300 kilogramm baliq yo‘q qilingani xabar qilindi.

Kimyo zavodi mulozimiga ko‘ra, hozirda korxonada yuzaga kelgan moliyaviy vaziyatni hal qilish uchun hukumatga rasmiy murojaat qilingan.

Mulozimning aytishicha, “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiruvchi “Ammofos-Maksam”dan tashqari yana 13ta sanoat korxonasida ham moliyaviy muammolar kuzatilayapti.

O‘tgan yili "O‘zkimyosnoat"ning qarzi 3 trillion so‘m ekani aytilgan edi. Ushbu qarzdorlik bois kompaniyani to‘rt yil davomida boshqarib kelgan Hamidullo Shermatov ishdan olinib, uning o‘rniga Normat Ibrohimov tayinlandi.

Biroq yangi rahbar ham moliyaviy muammolar echimini topa olmayotgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalanadigan tashkilot va korxonalarda ish haqining bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda. Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy qiyinchiliklar, xususan naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

Ozodlikka sizdirilgan O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotida mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG