Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:58

Mintaqaga xavf solayotgan Sarez ko‘li to‘g‘oni zilziladan zarar ko‘rmadi


Tojikistonda 7 dekabrda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida Sarez ko‘li atrofidagi aholi punktlariga zarar yetganiga qaramay, ko‘ldagi vaziyat barqaror ekani ta’kidlanmoqda. Mutaxassislar Sarez ko‘li to‘g‘oni ochilib ketsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston hududidagi 5 millionga yaqin odam yashaydigan aholi punktlarini suv yuvib ketishi mumkinligidan ogohlantirib keladi.

Tojikiston hukumati 7 dekabrdagi zilzila oqibatida Sarez ko‘liga ziyon etgani yoki etmaganini aniqlash maqsadida davlat komissiyasini tashkil qildi. 9 dekabrda bu haqda ma’lum qilgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Nozim Orifov komissiya a’zolari hozir yo‘lda ekanini aytdi. Sarez ko‘li Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati markazi Xorug‘ shahridan yuz kilometr uzoqlikda joylashgan.

Hozirgi Tojikiston hududida 1911 yilda ro‘y bergan sakkiz ballik zilzila oqibatida 567 metr balandlikdagi to‘g‘on paydo bo‘lib, uning ortida Sarez ko‘li hosil bo‘lgan.

Mutaxassislar dengiz sathidan 3263 metr balandlikda joylashgan Sarez ko‘li to‘g‘oni ochilib ketsa, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston hududidagi 5 millionga yaqin aholi jabr ko‘rishi mumkinligidan ogohlantirib keladi.

Sarez ko‘lining uzunligi 55,8 kilometrga, chuqurligi 500 metrga yaqin. Ko‘ldagi suv miqdori 16 kub kilometrni tashkil qiladi.

Tojikistonlik jurnalist Anushervon Oripov rasmiy manbalarga tayangan holda, Sarez ko‘lidagi vaziyatga dushanba kungi zilzila ta’sir qilmagani haqida aytib berdi:

-So‘nggi xabarlarga qaraganda, Sarez ko‘li atrofidagi vaziyat o‘zgarmagan. Kuchli zilzila ko‘lning tabiiy to‘g‘oniga ham ta’sir qilmagan, -dedi Anushervon.

Sarez ko‘li bo‘yicha mutaxasis Andrey Ishuk esa Sarez ko‘li yaqinidagi hududlarda tog‘dan tosh ko‘chishi oqibatida chang-to‘zon ko‘tarilgani aytdi. Mutaxasis ayni paytda ko‘lning tabiiy to‘g‘oniga zarar yetmagani kuzatilayotganini bildirdi.

Lekin bu dastlabki ma’lumotlardir. Davlat komissiyasi Sarez ko‘lidagi vazitni o‘rganib qaytganidan so‘ng yanada aniqroq manzara hosil bo‘ladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Nozim Orifov Sarez ko‘li yaqinidagi Bartang daryosi o‘zanidagi ayrim hududlarda tog‘dan tosh ko‘chgani va ayrim joylarda suv yo‘lini berkitib qo‘yganini aytdi. Rasmiyga ko‘ra, buning oqibatida Bartang daryosi sathi 5 santimetrga ko‘tarilgan.

2000 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari Jahon banki boshqaruvi ostida Sarez ko‘li to‘g‘onining buzilishi oldini olish va havotirlarni ozaytirish olti yillik loyihasini boshlagan edi. Mazkur loyiha doirasida Sarez ko‘li atrofida ogohlantiruv tizimi tarmog‘i tashkil qilingan.

Tojikiston sharqida 7 dekabr kuni yuz bergan 7.2 balli zilzila oqibatida 2 odam halok bo‘ldi, 13 odam jarohatlandi va 500dan ortiq turar-joy binolari vayron bo‘ldi. Jarohat olganlardan uch nafarining ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

Tojikiston prezidenti davlat idoralariga zilziladan jabr ko‘rganlarga tezkor yordam ko‘rsatish, ularni uy-joy bilan ta’minlash haqida ko‘rsatma bergan.

Epimarkazi poytxat Dushanbedan 345 kilometr sharqda bo‘lgan zilzila kuchlanishi 7,2 ballga teng bo‘lgan.

Tojikistondagi zilzila O‘zbekistonda ham sezilgan. O‘zbekistondagi seysmik markazlar zilzila kuchi Toshkentda 3 ball, Namanganda 3,5 ball va Farg‘onada 4 ball bo‘lganini xabar qildi.

XS
SM
MD
LG