Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:36

Andijonda 700 yillik masjid minorasini buzib, o‘rniga fontan qurishmoqchi


Andijon shahri markazidagi 13- asrda qurilgan minorani buzib, uning o‘rniga fontan qurish rejalashtirilayapti. Minora joylashgan xududdagi 2,5 gektar maydonni egallagan Jome me’moriy majmui o‘rnida Bosh vazir talabi bilan “Andijon Registoni”ni qurish harakatlari ketayapti. Rejaga ko‘ra, majmuadagi 700 yillik tarixga ega namozgoh ham buziladi.

Tarixiy minora o‘rniga fontan quriladi

Andijonning eski shahar qismidagi Jome me’moriy majmui hududida joylashgan tarixiy minora buzilib, uning o‘rniga fontan qurish rejalanayotgani haqidagi xabarni Ozodlikka andijonlik huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinov ma’lum qildi:

- Hozir o‘sha majmuadagi hammayoq buzilayapti, shu qatorda u minora ham buzilib ketar ekan. Jome masjidning oldirog‘ida joylashgan minora. O‘sha yerda panno qo‘yib qo‘yishgan, pannoda keyingi ko‘rinishi maketi suratini chiqarib qo‘yishgan. O‘sha maketda minoraning o‘rnida fontan turibdi. Men quruvchilarning o‘zidan ham so‘rab- surishtirdim. Ular ham buzilib ketadi, deb ichlari achiyapti.”Planga tushdi, minoraning buzilishi”, deb aytishdi. Shu kunlarda buzilib ketishi mumkin. Shu 1 kun, 2 kunning ichida buzib yuborishlari mumkin,- dedi Saidjahon Zaynobiddinov.

Huquq faoli Jome me’moriy majmuida olib borilayotgan ishlar aks etgan suratlarni Ozodlikka taqdim qildi. Suratlardan birida Jome me’moriy majmui o‘rnida tashkil qilinadigan yangi ob’ektlarning maketi aks etgan. Maketda minora o‘rnida fontan joylashganini ko‘rish mumkin.

Mahalliy tarixchilardan birining Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, buzilishi rejalanayotgan tarixiy minora 700 yillik tarixga ega:

Minoraning asosi (poydevori) 13- asrning ikkinchi yarmiga tegishli. Keyin 19- asrning 2- yarmida minora qayta tiklangan. 1882 yilda usta Jahon va usta Yusufali taklif etilib minora qayta tiklangan. Minora tarixiy ahamiyatga ega madaniy yodgorlik hisoblanadi. Bu erda milliy amaliy san’at namunalari bo‘lgan betakror naqshlarni ko‘rishingiz mumkin. Minora peshtoqlarida xalq amaliy san’atiga oid go‘zal naqqoshlik san’ati namunalari bor. Buni buzish mutlaqo mumkin emas”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz andijonlik tarixchilardan biri.

Minora yangi yilning martiga buzilishi mumkin

Andijon viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, minora joylashgan hududdagi 2,5 gektar maydonni egallagan Jome me’moriy majmuida 2016 yilning mart oyida rekonstruksiya ishlari boshlanadi:

“Rekonstruksiya uchun Respublika madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan mablag‘ ajratilishi kerak. Hozir ta’mir ishlariga tayyorgarlik ketayapti, hali boshlanmadi. Minora Jome me’moriy majmui markazida joylashgan. Minorani buzish to‘g‘risida Respublika Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari taklif kiritgan. Ya’ni Andijonda 9 ballik zilzila xavfi borligi va minora bunday katta zilzilaga chidamsizligini aytib, uni buzish borasida taklif kiritgan. Shu taklif asosida buyruq chiqqan”, dedi viloyat hokimligining ismini ochiqlamayotganimiz mulozimlaridan biri.

Tarixchilar noroziligi inobatga olinmayapti

Mahalliy tarixchilar va bir guruh faollar minoraning buzilishiga qarshi chiqib, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomiga norozilik maktubi ham yo‘llagan.

Ushbu norozilardan biri bo‘lgan andijonlik faolning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Respublika Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi mulozimlari minorada o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari ijobiy chiqqanini ham inobatga olishmagan:

Mahalliy ekspertlar ishtirokida minorada ekspertiza o‘tkazildi. Tekshiruv natijasi ijobiy chiqqan. Minoraning tom qismida maxsus metalldan ishlangan tortma g‘ujanak uskunalar joylashgan. Bu uskunalar ochiq ayvon qismi bilan orqa binoning uzangisini bir –biri bilan bog‘lab tortib turadi. Shuni hisobga olib ekspertiza komissiyasi ijobiy xulosa bergan. Lekin nimagadir Respublika arxitektura va qurilish qo‘mitasi minorani buzish fikrida qa’tiy qolayapti. Bizning Bosh vazirga yozgan xatimizga hozircha biror javob kelgani yo‘q”, dedi andijonlik faollardan biri.

Minora yonidagi qadimiy namozgoh ham buziladi

Andijonlik tarixchilarga ko‘ra, Jome me’moriy majmuida joylashgan 700 yillik tarixga ega namozgohni ham buzish rejalangan:

Namozgoh Jome me’moriy majmuidagi eng qo‘hna yodgorlik hisoblanadi. Bu namozgoh 13- asrning ikkinchi yarmiga tegishli. Lekin bizning qarshiliklarimizga qaramay uni ham buzishmoqchi”, dedi andijonlik tarixchi.

O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Andijondagi tarixiy minora va namozgohning buzilishi qonunga zid ravishda rejalashtirilayapti:

“Biz vaziyatdan yaxshi xabardormiz. Mutaxasislarimiz borib, shaxsan o‘rganib kelishgan. Biz bu ikki yodgorlikning buzilishiga qarshilik bildirganmiz. Bu borada rasman xat berganmiz. Bu madaniy yodgorliklar respublika ahamiyatiga ega tarixiy ob’ektlar hisoblanadi. Ularga qarshi qilinadigan har bitta harakat qonun bo‘yicha jazolanadi, deb Andijon viloyatiga rasman xat berganmiz. Biz bu ob’ektlar buzilishiga norozilik bildirganmiz”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Ozodlik Respublika Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasiga murojaat qilib, Andijondagi buzilishi rejalanayotgan yodgorliklar bo‘yicha izoh so‘radi. Biroq qo‘mita mulozimlari buni izohlashni istashmadi.

Buzish va qurishlar Bosh vazirning taklifiga ko‘ra qilinayapti

Andijon viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Jome me’moriy majmui Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan “Andijon Registoni”ga aylantiriladi:

“Shavkat Miromonovich 13 iyun kuni viloyat hokimiga shaxsan topshirdi. “Samarqanddagi Registonni shu erda qurasan. Samarqandga borib, ko‘rib kel. Xuddi Samarqanddagiday maydon shu erda qurilsin”, deb topshirdi. Hozirda bunyodkorlik ishlari boshlangan. Eski shahar hududidagi o‘lkashunoslik muzeyi binosi ta’mirlanib, bu erda "Yoshlar markazi" tashkil etiladi. Adabiyot va san’at muzeyi joylashgan Jome me’moriy majmui rekonstruksiyadan chiqarilib, uning oldida "Andijon Registoni" quriladi”, dedi hokimlik mulozimi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bosh vazir taklif qilayotgan “Andijon Registoni” qadimiy Musallo maydonida quriladi.

Andijondagi "Katta masjid-madrasa" ya’ni hozirgi Jome me’moriy majmui madrasa, masjid va minoradan iborat qadimiy yodgorlik hisoblanadi va Musallo maydoni bu yodgorlikning ajralmas bir qismidir.

Andijonlik tarixchilar 8 asrlik Musallo maydonining “Andijon Registoni”ga aylantirilishiga ham norozilik bilan chiqishgan.

Lekin hozircha bu noroziliklar hech bir ko‘rinishda inobatga olinmayapti.

Masalaga bilvosita daxldor yana bir jihat

Buzilishi kutilayotgan Jome me’moriy majmui tarkibiga kiruvchi 700 yillik tarixga ega namozgohda 90-yillarning birinchi yarmida mashhur Abduvali qori Mirzaev imomlik qilgan edi. Imom bundan 20 yil muqaddam - 1995 yilning yozida Rossiyaga uchib ketayotgan paytda Toshkent aeroportining samolyotga olib boruvchi yo‘lagidan sirli g‘oyib bo‘lganidan buyon hanuz daraksiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG