Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:47

Jizzax tumanida 200 qarzdor fermerning "uyi kuydi"


Jizzax tumanidagi davlatga paxta va bug‘doy sotish rejasini bajarmagan hamda ta’minotchi korxonalar, banklardan qarzdor bo‘lib qolgan fermerlar mol-mulkini musodara qilish amaliyoti davom etmoqda. “Oybolta” deb nomlangan bu tadbir davomida, fermerlarning aytishlaricha, ularning bor-budi tortib olinmoqda.

Jizzax viloyati Jizzax tumanidagi ikki yuzdan ortiq fermerning mol-mulki sud ijro departamenti tomonidan tortib olindi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan fermerlardan birining aytishicha, milisiya xodimlari bosimida o‘tkazilayotgan “Oybolta” tadbiriga fermerlar qarshilik qila olmayapti:

- Bir guruh bo‘lib kelishayapti. Sud ijro departamenti, hokimiyat, adliya, milisiya xodimlari 7-8 kishi bo‘lib. Qarzdor fermerlarning uyidan ko‘zga ko‘ringan nima narsasi borki, hammasini olib ketishayapti, dedi o‘z xavfsizligi uchun cho‘chiganidan ismi sir qolishini so‘ragan fermer.

Ismi sir qolishini istagan jizzaxlik boshqa fermer esa “G‘ozg‘ontepa dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Maqsuda Imomovaning uyidan gilamlarigacha olib chiqib ketilganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

- Maqsuda opa xo‘jaligimizdagi eng eski fermerlardan. Shu paytgacha hamma rejalarni bajarib kelgan. Bu yil esa bug‘doy va paxtasi yaxshi bo‘lmay qoldi. Qariyb 90 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgan ekan. Shu opaning uyiga bir gruppa bo‘lib kelishganining guvohi bo‘ldim. Opaning traktorini, kultivasiyasini olishdi. Ijrochi bu yetmaydi dedi. Opaning g‘ururi kelib, uyidan to‘rtta gilamini ham olib chiqib tashladi. Hammasini olib ketishdi, dedi fermer.

Ozodlik manbasining aytishicha, u “Arisli oq oltini”, “O‘rtabo‘z dalasi” kabi fermer xo‘jaliklarining mol-mulki musodara qilinayotganiga ham guvoh bo‘lgan:

- Fermerlar “Oybolta” bo‘lib kelgan hokimiyat vakili va boshqa mulozimlarga bu qarzlarning qaerdan paydo bo‘lganini sinchiklab tekshirish kerakligini aytdilar. Lekin ular hech kimga quloq solmadi. Vaholanki, biz fermerlar bekordan bekorga qarz bo‘lib qolmaymizku. Bu yil bahorda bug‘doy endi avjiga kirganda sovuq urib ketdi. G‘o‘za ayni shonaga kirgan paytda suv bo‘lmadi, keyin o‘sha paytda jazirama issiq bo‘ldi. Natijada g‘o‘za hosilini to‘kib tashladi. Bular qarzdorsan deb aytayotgan pullar axir shu bug‘doy va g‘o‘za parvarishiga sarflanganku, nega buni hisobga olishmaydi. Nega tabiat yetkazgan talafotni hisoblab chiqishmaydi? Nega o‘zlari suvni yetkazib berisholmaydiyu, bizning mol-mulkimizni talaydi?, dedi fermerlardan biri.

Fermerga ko‘ra, "Oybolta" tadbiri hokimiyatga yaqin bo‘lgan fermerlarni chetlab o‘tmoqda:

- Masalan, fermer Maqsuda Imomova paxta topshirish yillik rejasini 65 foizga bajardi. Lekin rejani 10-15 foiz qilib bajargan, katta qarzi bor ba’zi fermer xo‘jaliklariga esa hech kim teginmayapti. Teginolmaydi ham, chunki ular hokimiyatga yaqin odamlar. Birining melisa, yana birining prokuraturadan krishalari bor. Kambag‘alni esa tuyani ustida it doim qopib kelgan va bugun ham qopishda davom etmoqda¸ dedi fermer.

Jizzax tumani hokimligidan fermerlarning mol-mulki tortib olinayotgani voqeasiga munosabat olish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonlik fermerlarning ko‘pchiligi, ayniqsa, joriy yilgi paxta va g‘alla rejasini topshirish harakatlari oqibatida davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan. Davlat xususiy fermerlarga paxta va g‘alla uchun to‘laydigan haq xarajatlarni qoplamasligi bois, davlatdan qarzga olingan olingan neft mahsluotlari va o‘g‘it haqini to‘lay olgani yo‘q.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning shaxsiy tashabbusi bilan tashkil etilgan “Oybolta” nomli maxsus guruhlar fermerlar qarzdorligini tugatish chora-tadbirlarini amalga oshirmoqda.

“Oybolta” amaliyoti oqibatida keyingi haftalar ichida mamlakat bo‘ylab yuzlab fermerlarning xususiy mashinasidan tortib, televizor, gilam va maishiy ro‘zg‘or buyumlarigacha musodara etildi.

XS
SM
MD
LG