Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:10

O‘zTIV: Terrorizmga qarshi kurash islomofobiyaga aylanib ketmasligi kerak


“Mamlakatimiz terrorizmga qarshi kurash islomofobiyaga aylanib ketmasligi va islom dunyosi bilan oshkora yoki xufyona ziddiyat shaklini kasb etmasligi kerak, deb hisoblaydi”.

Bu O‘zbekistonning pozitsiyasi ekanligi va u haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yaqinda bo‘lib anjumanida gapirilgani 9 dekabr kuni ma’lum bo‘ldi.

Shu kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy sayti YeXHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining Serbiya poytaxti Belgradda o‘tgan 22- majlisida O‘zbekiston delegasiyasi yetakchisi so‘zlagan nutq matnini e’lon qildi.

O‘zbekiston delegasiyasi yetakchisi, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilyor Hakimov 3-4 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan majlisda qilgan chiqishida YeXHTga a’zo davlatlar delegasiyalari e’tiborini uch muammoga qaratishga harakat qilgan.

O‘zbekiston delegasiyasi fikricha, jahon bo‘ylab radikalizm, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik tahdidlari kuchayib, ziddiyat va qarama-qarshiliklar ko‘lami ortib bormoqda.

Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun esa, Afg‘onistondagi tobora kuchayish tendensiyasiga ega beqarorlik tahdid solmoqda.

“O‘zbekiston har qanday jiddiy qarama-qarshilik va to‘qnashuvlarni xalqaro huquqning asosiy printsiplariga og‘ishmay rioya qilgan holda faqat siyosiy yo‘llar va tinch vositalar bilan hal qilish mumkinligiga qat’iy ishonadi”, degan O‘zbekiston vakili.

U, shuningdek, ekologiya masalalariga ham to‘xtalib, yana Orol muammosini tilga olgan va bu masalani qo‘shnilari bilan yillardan buyon davom etib kelayotgan suv-energetika masalalaridagi pozisiyalar ziddiyatiga burgan.

O‘zbekiston vakilining fikricha, Amudaryo va Sirdaryoda va unga tutashuvchi irmoq daryolarda to‘g‘onlar va GESlar qurish mintaqadagi “suv - ekologiya muvozanatining buzilishiga, Orol muammosining kuchayishiga, mintaqaning ekologik xavfsizligiga putur etishiga olib keladi”.

O‘zbekiston delegasiyasi yetakchisi so‘zlagan nutqning uchinchi yo‘nalishi diniy e’tiqod va bu sohadagi siyosat bilan bog‘liq va uni deyarli to‘la keltiramiz:

“Mintaqaviy va global darajada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun tolerantlik, o‘zaro tushunish va madaniy plyuralizm mafkurasini shakllantirish va ilgari surish muammosi alohida dolzarblik kasb etmoqda.

O‘zbekiston asrlar davomida yaxshilik va tinchlikka intilish, millatlararo va dinlararo munosabatlarda toqatli bo‘lish, kishilarning irqi va e’tiqodlaridan qat’inazar o‘zaro hurmat va murosa kabi abadiy qadriyatlarning kishilar ongida mustahkamlanishi tarafdori bo‘lgan ma’rifatli Islomning markazlaridan biri bo‘lib kelgan.

Mamlakatimiz terrorizmga qarshi kurash islomofobiyaga aylanib ketmasligi va islom dunyosi bilan oshkora yoki xufyona ziddiyat shaklini kasb etmasligi kerak, deb hisoblaydi”, degan O‘zbekiston delegasiyasi etakchisi, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilyor Hakimov YeXHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining 3-4 dekabr kunlari Belgradda bo‘lib o‘tgan majlisida qilgan chiqishida.

O‘zbekiston delegasiyasi yetakchisi YeXHT yuksak minbarida turib irod etgan nutqning diniy e’tiqod va bu sohadagi siyosat bilan bog‘liq qismida aytgan gaplari mamlakat ichida olib borilayotgan siyosat bilan ziddiyatga kirishmaydimi?

Mana so‘nggi 2 – 3 oyda Ozodlik yoritgan batafsil xabarlarning sarlavhalari:

“Toshkentda "kiyinish madaniyati"ni buzgan ro‘mollilar imzosi yig‘ilyapti”, ​

“Toshkentdagi tug‘ruqxonalarda hijob yoki ro‘mol o‘ragan ayollar ishdan bo‘shatilmoqda”, ​

“Ro‘mol yechtirish kampaniyasi Andijonga ko‘chdi”,

“Farg‘ona bozorlarida tomoq tagidan o‘ralgan ro‘mollar yechtirilayapti”,

“Namozxon: Imom oq do‘ppisini yechmaganlar masjiddan haydalishini aytdi”

Bu sarlavhalar zamirida yotgan siyosat ham O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilyor Hakimov tasvirlagan O‘zbekistonda, ya’ni “asrlar davomida yaxshilik va tinchlikka intilish, millatlararo va dinlararo munosabatlarda toqatli bo‘lish, kishilarning irqi va e’tiqodlaridan qat’i nazar o‘zaro hurmat va murosa kabi abadiy qadriyatlarning kishilar ongida mustahkamalanishi tarafdori bo‘lgan ma’rifatli Islomning markazlaridan biri bo‘lib kelgan”, O‘zbekistonda olib borilayaptimi yoki boshqa yurtdami?

XS
SM
MD
LG