Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:31

Turkiyada ishlayotgan o‘zbeklarni vatanga qaytarish harakati boshlandi


Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab MXX, milisiya va mahalla faollari Turkiyaga ishlashga ketib, uzoq muddatga qolib ketganlarni uyiga qaytarish harakatini boshladi. Turkiyaga ketganlar va ularning uyida qolgan yaqinlari qaydga olinib, milisiya va MXX suhbatidan o‘tkazilib, har bir oiladan tushuntirish xati olinayapti.

Turkiyadan qaytarish tadbiri

Mahalla qo‘mitalaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Turkiyaga ketganlarning oilalari bilan ishlash mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan aksilterror tadbirlari doirasida amalga oshirilayapti.

Poytaxtdagi mahallalardan birining faoli Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, o‘z mahallasidan Turkiyaga ketgan 6 kishining Toshkentdagi oilasi to‘la nazoratga olingan:

“Biz hammasini xatlov qildik. 6 kishining Turkiyaga qachon ketgani, nimaga ketgani va Turkiyaning qaerda yashayotgani, nima ish qilayotgani bo‘yicha hamma ma’lumotlarni yig‘ganmiz. Ular oldindan ham ro‘yxatimizda edi. Lekin hozir bo‘layotgan antiterror tadbirlari bo‘yicha ularni qattiqroq tekshirib, to‘la ma’lumotlarni oilalaridan oldik”, dedi mahalla faoli.

Ayrim mahallalarda Turkiyada uzoq muddatga qolib ketganlarni uylariga qaytishlari talab qilinmoqda.

Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklardan Ozodlikka kelgan maktubda aytilishicha, ushbu talab bois ko‘pchilik uyiga qaytishga majbur bo‘layapti:

Sizga Turkiyadan yozmoqdamiz. O‘zbekistondagi yaqinlarimizning aytishicha, shu kunlari uylarimizga mahalla raislari va uchastka nozirlari kelishib, bizning Turkiyadan qaytishimiz lozimligini aytishmoqda. Surxondaryo, Samarqand va jizzaxlik bolalardan so‘rasam, ular ham ayni gapni aytishdi. Juda ko‘p odam O‘zbekistonga ketayotganmish", deyiladi Turkiyadan kelgan maktubda.

Farg‘onadagi mahalla oqsoqollaridan birining aytishicha, hozircha Turkiyada ishlayotganlarni qaytishi qattiq talab qilinayotgani yo‘q:

“Bu Turkiyada uzoq muddatga qolib ketgan va uyiga ancha vaqtdan buyon qaytmayotganlardan so‘ralayapti. Talab qilinmayapti, faqat qaytishsa yaxshi bo‘lardi, deb so‘rayapmiz. Turkiyada o‘qiyotganlarga buning aloqasi yo‘q. Ularning kontaktlari olingan. Yana uyidagilar bilan tez-tez gaplashib turadiganlarga ham bu taalluqli emas. Ketganlar orasida ayollar ham ko‘p. Biz ayol, erkak deb ajratmayapmiz. Hammasini birday tekshirayapmiz”, dedi mahalla oqsoqoli.

Mahalla yig‘inlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Turkiyaga ishlashga ketganlarning oilalari MXX va milisiya suhbatidan o‘tkazilib, ulardan tushuntirish xati olinmoqda.

“IShID safiga qo‘shilayotgan o‘zbeklarning ko‘pchiligi shu Turkiyada yashab, keyin Suriyaga o‘tib ketganlar ekan. Shunga boshqalar ham aldanib, terrorchilarga qo‘shilib, ketishmasin degan maqsadda oila a’zolari bilan batafsil gaplashilayapti. Agar oilasi bilan tez-tez telefonlashib turishsa, xavotir olishga hojat yo‘q. Lekin ayrimlar yarim yil, bir yillab uyidagilar bilan gaplashmayapti ekan. Shularning qaerda ekani, nima ish qilayotgani noma’lumda. Shuning uchun oila a’zolari bilan suhbatlashib, bu borada ma’lumotlar to‘planayapti”, dedi Samarqanddagi mahalla yig‘inlaridan birining faoli mikrofonsiz suhbatda.

Aksilterror tadbirlari

Shu kunlarda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan aksilterror tadbirlari doirasida maktab, kollej-liseylar, oliy o‘quv yurtlari, shifoxona va deyarli barcha davlat tashkilotlarida tungi navbatchilik tashkil qilindi.

Shuningdek, joylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, MXX nazoratida turgan, ya’ni oldin qamalgan yoki yaqinlari qamoqda bo‘lgan shaxslar MXX idorasiga chaqirtirilib, maxsus suhbatdan o‘tkazilayapti.

Asiaterra nashriga ko‘ra, poytaxtning katta savdo markazlarida odamlar metall detektorlar yordamida tekshirilib, ryukzak, portfel va sumkalar tintilmoqda.

Uzmetronom nashri xorijdan qaytgan har bir fuqaroning terrorchilik tashkilotlariga aloqasi bor yoki yo‘qligini tekshirish uchun uchastka nozirlari so‘roq qilayotgani haqida yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan xabarga ko‘ra, poytaxtdagi barcha Internet kafelar qattiq nazoratga olingan hamda Internet trafigi tekshirilayapti.

IShID xavfi

Mamlakatdagi antiterror tadbirlari IShID jangarilari O‘zbekistonga kirishga harakat qilayotgani haqidagi xabar chiqqanidan so‘ng boshlangani aytilmoqda.

Noyabr boshidan buyon huquq-tartibot idoralari xodimlari aholi orasida tushuntirish ishlari o‘tkazib, aholini hushyorlikka chorlamoqda.

Mahalliy matbuot ma’lumotiga ko‘ra, Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etib, so‘ng qochishga majbur bo‘lgan ayrim jangarilar O‘zbekiston hududiga kirib, yashirinishga urinmoqda.

Nechta jangari O‘zbekistonga o‘tgan yoki o‘tishga uringani haqidagi ma’lumotlar shu paytgacha ochiqlanmadi. Lekin hushyorlikka chaqiruvchi tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning Ozodlikka bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilayotgan antiterror tadbirlari natijasida mamlakat bo‘yicha IShIDga aloqadorlik ayblovi bilan hibsga olinganlar soni 200 nafarga etgan.

Hibs etilganlarning kamida 160 nafari Toshkent shahri va viloyatida yashovchi fuqarolar ekani aytilayapti.

XS
SM
MD
LG