Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:05

Germaniya Termiz bazasini tark etmoqda


Germaniya havo kuchlari O‘zbekistonning Termiz shahridagi harbiy transport bazadan chiqib ketmoqda. 11 dekabr kuni Termiz aeroportidagi Germaniya foydalanib kelgan harbiy transport bazaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Hozircha O‘zbekiston va Germaniya elchixonasi rasmiylaridan bu borada rasmiy izoh bo‘lmadi.

Bundesver Termiz aeroportidan 2002 yilda xalqaro koalitsiya Afg‘onistonga kiritilganidan buyon tranzit maqsadlarda foydalanib kelgan.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida Termiz bazasidan foydalanish shartnomasi 2002 yilda imzolangan va uning muddati 2014 yilning 31 oktyabrda tugashi kerak edi.

Germaniya hukumati o‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston tomoni bilan Termiz bazasidan foydalanish muddatini uzaytirishga oid kelishuvni imzolagani haqida Der Shpigel ro‘znomasi xabar bergan edi.

Lekin, Germaniya va O‘zbekiston rasmiylari kelishuv shartlarini ochiqlashmagan.

Gazetaga ko‘ra, dastlab Berlin hukumati baza ijarasi uchun O‘zbekistonga oyiga 240 ming evro haq to‘lagan.

2005 yildan esa Germaniya ayni baza ijarasi uchun yiliga 12 million 400 ming evro to‘lagan.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 2011 yilda erishilgan kelishuvga muvofiq, Germaniya Termiz bazasi uchun to‘lanadigan yillik ijara haqini 15 million 950 ming evroga ko‘targan edi.

Bungacha Germaniya ijara haqqi uchun yiliga 35 million evro to‘lab kelayotgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 31 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 24 yilligi tantanalarida qilgan chiqishida o‘z davlati hech qanaqa harbiy uyushmalarga qo‘shilmasligi va o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor ta’kidlagandi.

- Eng muhimi, hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, muqaddas yurtimiz tuprog‘ida chet mamlakatlarning harbiy bazalarini joylashtirishga va harbiylarimizning chegaralarimiz tashqarisiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shular jumlasidandir. Bugun yuzaga kelayotgan xalqaro vaziyatda ayni shu yo‘l, shu siyosat biz uchun maqbuldir,- degandi Karimov.

2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan so‘ng AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari O‘zbekistonning Xonobod harbiy bazasidan foydalanib keldi.

2005 yil Andijon voqealari ortidan esa O‘zbekiston Amerika harbiylarini o‘z hududidan chiqarib yubordi.

XS
SM
MD
LG