Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:41

Misr tergovi: Rossiya samolyoti halokati terror hujumi oqibati emas


Misr rasmiylari Sinay yarimorolida qulagan Rossiyaga tegishli samolyot halokati bo‘yicha dastlabki surishtiruv tugagani va fojiaga bomba portlashi sabab bo‘lmagan, degan xulosaga kelinganini ma’lum qildi. Yarimorolda oktyabr oyida qulagan samolyot bortidagi 224 odamning hammasi nobud bo‘lgan. Halokat ortidan Rossiya Misr bilan aviaqatnovni to‘xtatgan.

Misr rasmiylari 14 oktyabr kuni tarqatgan bayonotida Sinay yarimorolida qulagan Rossiyaga tegishli A321 uchog‘i halokati bo‘yicha dastlabki tergov yakunlanganini ma’lum qildi.

Misr Fuqarolik aviatsiyasi vazirligi tarqatgan bayonotda aytilishicha, texnik tergov bilan shug‘ullangan qo‘mita "hozirga qadar samolyot bortiga noqonuniy kirilgani yoki terror akti sodir etilgani"ni ko‘rsatuvchi birorta dalil topmagan.

Bunga qadar Rossiya va G‘arb rasmiylari A321 halokatiga bomba portlashi sabab bo‘lgan, degan xulosani bergan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov o‘tgan oyda Misrda qulagan Rossiya samolyoti “terrorchilik akti” oqibati bo‘lganini tasdiqlagach, mamlakat prezidenti Vladimir Putin “qasos olishga ont ichgan" edi.

Metrojet shirkatining Misrning Sharm al-Shayx shahridan Sankt-Peterburgga uchgan Airbus 321 samolyoti 31 oktyabь kuni Sinay yarim orolida qulagan. Uning bortidagi 224 kishining hammasi qurbon bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning deyarli barchasi Rossiya fuqarosi edi.

“Islomiy davlat” guruhining Misrdagi qanoti ko‘rilgan terrorchi guruh hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov 16 noyabr kuni Putin yetakchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda samolyot parchalari orasida “yot portlovchi moddalar izlari” topilganini aytgan. Bortnikovning aytishicha, bomba 1 kilogramm trotil ekvivalentiga teng bo‘lgan.

FSB Rossiya samolyotini qulatganlarni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot puli va’da qilgan.

Ayni paytda Qohira samolyot jinoyat sabab qulaganini ko‘rsatuvchi dalil hali topilmaganini ta’kidlab keladi. Jumladan, Misr aviatsiya vaziri Hossam Kamol Rossiya bayonotiga avvaldanoq shubha bildirgan.

XS
SM
MD
LG