Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:37

“Navbahor” futbol klubi uchun majburiy xayriya boshlandi


Namangan viloyati Pop tumani markaziy shifoxonasining barcha hodimlari bir kunlik maoshini “Navbahor” futbol klubi hisobiga o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. Shu kunlarda Namangan viloyat hokimining maxsus qarori bilan viloyatdagi byudjet va nobyudjet tashkilotlarining barchasi “Navbahor” klubi uchun xayriya qilishga majburlanmoqda.


“Navbahor” futbol klubi uchun majburiy xayriya boshlangani borasida Ozodlikning poplik manbasi ma’lum qildi:

“Pop tumani markaziy shifoxonasining har bir vakili bir kunlik maoshini "Navbahor"ga o‘tkazishga majbur bo‘lishdi.To‘g‘risi, pul ushlashlariga ko‘pchilik qarshi emas. Qachonki, "Navbahor" sovrinli o‘rinlar uchun kurashsa! Necha yildan buyon klub pastgi o‘rinlarda yuribdi. Undan tashqari so‘nggi ikki yilda "Navbahor" bir nechta kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi ko‘pchilikka ma’lum. Bunaqa komandalarga pul o‘tkazishdan nima naf?”, degan iddaolar bilan maktub yo‘lladi poplik manba.

Pop tumani markaziy shifoxonasi mas’ullaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Navbahor” klubi uchun pul o‘tkazish borasida tuman hokimligidan maxsus topshiriq berilgani bois ishchilarning oyligidan bir kunlik maoshi ushlab qolingan.

Pop tuman hokimligining ismini ochiqlamayotganimiz mas’uliga ko‘ra, “Navbahor” klubi uchun xayriya nafaqat Popda balki butun viloyat bo‘ylab o‘tkazilayapti va bu borada viloyat hokimining maxsus qarori chiqqan.

“Navbahor” futbol klubi rasmiylaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, klub uchun pul o‘tkazish borasida viloyat hokimi yil boshida qaror chiqargan va bu qaror bajarilmay qolgani uchun dekabr boshida hokim yana tashkilot va idoralarga qayta topshiriq bergan.

Klub rasmiysi so‘nggi bir hafta davomida klub hisob raqamiga deyarli har kuni yuz minglab so‘m mablag‘ tushayotgani aytdi, biroq yig‘ilgan mablag‘ miqdorini ochiqlashni istamadi.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokirning aytishicha, “Navbahor” klubi uchun mablag‘ yig‘ish tadbirlari har yili muntazam o‘tkazib kelinayapti:

- Bizdagi futbol tizimi Evropa tizimi emas. Biz o‘sha sovet davridagi tizim bilan yashayapmiz. Nimaga desangiz, o‘sha paytda ham tashkilotlar futbol jamoalariga pul berardi. Ular shu bilar tirikchilik qilardi. Hozir endi har bir jamoaga ikkita-ikkita jamoa belgilab qo‘yilgan. Endi uning puli yetmaydi. Mana masalan, bitta jamoani hech bo‘lmasa, 12-13 o‘rinda yurishi uchun 6 milliard so‘m kerak bo‘ladi. Buni ikkita kompaniya beradi. Qolganini davlat tashkilotlari zimmasiga yuklaydi. Masalan, hozir oylik oladigan tashkilotlar ishchilaridan 6000 so‘mdan yig‘ayapti ekan. Boshqa tashkilotlardan ham yig‘ib, o‘sha jamoaga tushirib beradi. Shu bilan jamoa tirikchilik qiladi. Chunki, bizdagi futbol tizimi bozor iqtisodiga o‘tgani yo‘q. Xorijda televidenie pul to‘laydi jamoaga, reklamalardan foydalanadi million dollar. Unaqa tizim yo‘q bizda. Shuning uchun davlat qo‘llab-quvvatlab turadi jamoalarni. Bu bitta bizda emas, hamma jamoalarda shu ahvol,- deydi Nosir Zokir.

2013 yili “Navbahor” klubining stadioni qurilishi uchun ham viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan o‘qituvchilardan tortib “Damas” haydovchilarigacha “soliq” solingan va bu ham aholi orasida yashirin norozilik kuchayishiga sabab bo‘lgan edi.

1974 yilda tashkil topgan “Navbahor” klubi 1992 yildan beri O‘zbekiston oliy ligasida muntazam ishtirok etib kelayapti. "Navbahor" o‘tgan davr mobaynida birgina 1996 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Qolgan chempionat bahslarida ko‘proq bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Jamoa 1992, 1995 va 1998 yillarda O‘zbekiston kubogini, 1999 yili O‘zbekiston superkubogini qo‘lga kiritgan.

“Navbahor” jamoasi 1999-2000 yillarda o‘tkazilgan Osiyo kubok egalari kubogining final bosqichida ishtirok etib, qit’ada to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

XS
SM
MD
LG