Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:56

Toshkent-Dushanbe maslahatlashuvlari ortga surildi


O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklari delegatsiyalarining 17-18 dekabr kunlari Dushanbeda o‘tishi kerak bo‘lgan siyosiy maslahatlashuvlari keyinroq muddatga qoldirildi.


Bu haqda chorshanba kuni ma’lumot tarqatgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati muddat ko‘chirilishining sabablariga to‘xtalmagan.

Maslahatlashuvlar muddati tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra ko‘chirilgani qayd etilmish vazirlik xabarnomasida bo‘lajak uchrashuvning aniq sanasi ham ko‘rsatilmagan.

REGNUM axborot agentligining O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbasi buni “tomonlar ayrim bahsli masalalar bo‘yicha murosa kela olmagan”i bilan izohlagan.

Bu kabi muammolar orasida “chegaraoldi masalalari, Tojikiston yuklarining O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilinishi masalasi, gidrotexnik inshootlarning qurilishi va boshqalar” borligi aytilmoqda.

Tojikiston rasmiylari hali bu borada biror izoh bermadilar.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 17-18 dekabr kunlari Dushanbeda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari yetakchiligida O‘zbekiston va Tojikiston TIV delegatsiyalari siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tishini e’lon qilgandi.

O‘zbek diplomatlari xabarida maslahatlashuvlar chog‘ida Markaziy Osiyoning umumiy muammolari, Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan o‘zaro fikr almashilishi aytilgan. Shuningdek, ikki mamlakat diplomatlari uchrashuvida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport va kommunikatsiyalar sohalarida Toshkent va Dushanbe aloqalarini rivojlantirish hamda boshqa masalalar ko‘rilishi kutilayotgandi.

Dekabr oyi boshida o‘zbek tadbirkorlarining Dushanbega tashrifi chog‘ida savdo aloqalarini kengaytirish va Tojikiston poytaxtida O‘zbekiston Savdo uyini ochish haqida kelishuvga erishilgandi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar aylanmasida sakkiz yillik tushishdan so‘ng bu yil ilk bor ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalarida o‘sish kuzatila boshlagan. Xususan, joriy yilning o‘tgan 9 oyida bu ko‘rsatkich qariyb 67 foizga (8,7 million AQSh dollaridan ko‘proq) oshgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar O‘zbekiston prezidentining o‘tgan yil sentyabrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Dushanbega qilgan safaridan so‘ng biroz tuzalgan.

Shu yil iyunida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaningToshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanishiga umid uyg‘otgandi.

Sobiq sovet o‘lkalari mustaqillikka erishgan 1991 yildan beri O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar bir tekisda rivojlanmagan. Tojikiston Rog‘un GESini qurib bitkazish haqida qaror qabul qilganidan keyin ikki mamlakat aloqalari sezilarli darajada sovigan. Toshkent haligacha Rog‘un GESi qurilishining yakunlanishiga qarshi chiqib keladi.

XS
SM
MD
LG