Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:13

Samarqand hokimi yangi yilni restoranda nishonlashni taqiqladi


Samarqand viloyati hokimi shaharliklarga yangi yilni har qaerda "sang‘imay" oilasi davrasida nishonlash taklifini berdi. Hokim qaroriga ko‘ra, 31 dekabr kuni shahardagi restoran, kafe va barlar ishlamaydi. Boshqa kunlari esa bayramni soat 23 gacha tugatish tavsiya qilindi.

Samarqand viloyati hokimi Zoyir Mirzaev yangi yilni nishonlash tadbirlariga nisbatan cheklovlar joriy qildi.

Viloyat nashrlaridan biri - "Samarkandskiy vestnik" gazetasining yozishicha, hokim bu haqda yangi yilni nishonlashga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilishda gapirgan.

Yangi yil oilaviy bayram bo‘lgani uchun uni har bir odam o‘z oilasi davrasida nishonlashi kerakligini uqtirgan hokim, umumiy ovqatlanish shoxobchalarining barchasini 31 dekabr kuni yopishni ta’kidlagan.

Bundan tashqari bar, kafe va restoranlarning bayramoldi kunlari ham soat 23 gacha qilib belgilab qo‘yilgan. Tashkilotlarga ko‘ngilochar tadbirlar uchun 400 dan ortiq odam taklif qilmasligi tavsiya qilingan.

Samarqand shahridagi restoranlardan birining mulozimi, hokimiyat tomonidan shunday buyruq bo‘lganini tasdiqladi:

- 31 kuni ishlamaymiz ekan. Restoran yopiq bo‘ladi. Lekin soat 16 gacha buyurtma asosida olib ketish uchun turli xil taom va salatlarni tayyorlab berishimiz mumkin, dedi restoran mulozimi.

Ismi sir qolishini so‘ragan Samarqanddagi boshqa bir restoran direktori hokimning bu buyrug‘ini biznesga hokimiyatning bevosita daxl qilishi sifatida baholashini aytadi:

O‘tgan yilning 31 dekabr kuni juda yaxshi ishlagandik. Restoranimizga juda ko‘p mijoz kelgan edi. Kimdir yangi yilni uyida kutib olgisi keladi, kimdir restoranda. Odamlarni bunday imkoniyatdan mahrum qilish yaxshi emas”, dedi restoran direktori.

Viloyat hokimi yangi yil bayramlarida odam ko‘p to‘planadigan joylarda ichki ishlar xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat navbatchi guruhlar tuzishni buyurgan.

Samarqand viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni cheklash an’anasi bir necha yillardan buyon davom etib keladi.

Jumladan, O‘zbekiston maktablarida ham bitiruv kechalarini restoran va kafelarda o‘tqazish taqiqlangan.

Joriy yilda musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida ham restoran va kafelarda iftorlik o‘tkazish taqiqlandi.

XS
SM
MD
LG