Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:12

Bo‘stonliqda 1-sinf o‘quvchilari “Yosh kuch” jurnaliga obuna qildirildi


Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 30-umumta’lim maktabining “Alifbe” o‘qiyotgan birinchi sinf o‘quvchilari “Yosh kuch” jurnaliga majburan obuna qildirildi. Bu haqda shikoyat qilgan ota-onalarga ko‘ra, bundan tashqari kuzatuv kameralari o‘rnatish uchun har bir o‘quvchidan etti ming so‘mdan pul yig‘ilgan. Biroq rasmiylar bu iddaolarni inkor qilmoqda.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi 30-umumta’lim maktabida farzandlari tahsil olayotgan ota-onalarning Ozodlikka yozishicha, maktabning barcha o‘quvchilari gazeta va jurnallarga majburan obuna qildirilmoqda:

“Bu xatni 30-maktabdagi o‘quvchilarning ota-onalari yozyapti. Bizning bolalarimizdan obuna uchun 2700 so‘mdan pul yig‘ib olishdi. Eng taajjubli joyi shundaki, birinchi sinf o‘quvchilari balog‘at yoshidan katta bo‘lgan yoshlarga mo‘ljallangan “Yosh kuch” jurnaliga obuna qilindi. Axir ular endi harf tanidi, endi "Alifbe"ni tugatyapti, qanday qilib jurnal o‘qishsin?”, deb yozadi ota-onalar.

Ozodlik ikki farzandi ana shu maktabda o‘qiyotgan otalardan biri bilan bog‘landi. U birinchi sinf o‘quvchilari “Yosh kuch” jurnaliga obuna bo‘lganini tasdiqlar ekan, bundan tashqari maktabga o‘rnatiladigan kuzatuv kameralari uchun ham pul yig‘ilganini aytdi:

- Mening ikkita bolam shu maktabda o‘qiydi. Ularning har biriga 2700 so‘mdan obuna uchun berdim. Bundan tashqari kuzatuv kameralari o‘rnatishni ham ota-onalarning bo‘yniga yuklashibdi. Bunga ham ikki bolam uchun 14 ming so‘m berdim”, dedi otalardan biri.

30-umumta’lim maktabining direktori Ziyoxo‘ja Isomov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchi va o‘quvchilarning gazeta va jurnallarga obuna qilinayotganini tasdiqladi, biroq birinchi sinf o‘quvchilarining “Yosh kuch” jurnaliga obuna qilinganini inkor qildi:

- Hozirgi kunda bir talay jurnalga obuna bo‘lyapmiz. Har bir fan o‘qituvchisi o‘zining mutaxassisligiga tegishli bo‘lgan gazeta-jurnalga obuna bo‘lgan. O‘quvchilar ham o‘zining yoshiga mos bo‘lgan nashrlarga obuna bo‘lgan. Obuna majburiy emas, ixtiyoriy bo‘lyapti”, dedi Ziyoxo‘ja Isomov.

Bo‘stonliq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Norpo‘lat Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda kuzatuv kameralari uchun ota-onalardan pul yig‘ilayotganini qisman tasdiqladi:

- Kuzatuv kameralari ko‘p maktablardagi ota-onalar vasiylik kengashlari bilan maslahat qilgan holda o‘rnatiladi. Agar imkon topsa ota-onalar yordam beryapti, imkoni bo‘lmasa maktablarning o‘zlari byudjetdan tashqari fondlari hisobidan qo‘ydirilyapti. Buning uchun maktab o‘quvchisidan pul yig‘ib olish mutlaqo mumkin emas. Hattoki ota-onalardan yoppasiga pul yig‘ilmasin degan topshiriq ham berilgan. Agar birinchi sinf o‘quvchilari “Yosh kuch” jurnaliga obuna qilingan bo‘lsa, bu noto‘g‘ri ish bo‘libdi. Buni surishtiramiz”, dedi Norpo‘lat Qurbonov.

O‘zbekistonda har yili obuna kampaniyasi mavsumida korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari va pensionerlar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarini, maktablarni hukumat, parlament va siyosiy partiyalar gazetalariga majburiy obuna qilish holati kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG