Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:03

Suriyadagi IShIDdan qochib kelgan muhojir haqiqat izlamoqda


Moskvadan aldov yo‘li bilan “Turkiyaga ishga” deb Suriyaga olib ketilgan tojikistonlik 24 yoshli Abdusami hozirda Rossiyada hibsga olinib, Tojikistonga deportatsiya qilinishi xavfi ostida yashamoqda. Ozodlik bilan suhbatda u IShIDga yollovchilar ham unga tahdid qilayotgani bois yashirinib yurishga majburligini bildirdi. Huquq faollari ortga qaytish istagida bo‘lganlarga hukumatlar umumiy avf e’lon qilishlari kerak, demoqda.


Yaqinda Ozodlikning Moskvadagi tahririyatiga kelgan ayol erining jiddiy xavf ostida ekani va unga yordam berish iltimosi bilan murojaat qilayotganini bildirdi.

Bir guruh jurnalistlar bilan Moskvadagi o‘zbek oshxonalaridan birida uyushtirilgan maxfiy uchrashuvga hijobdagi ayol o‘zining eri bilan birga keldi...

Yollash

Abdusami (ismi o‘zgartirilgan.-tahr.) – Rossiya poytaxtida ishlab yurgan minglab mehnat muhojirlaridan biridir.

Rossiyada ish topa olmagan bu yigit hamyurtlari taklifi bilan Turkiyaga ishga taklif qilingani, ammo buning o‘rniga chegarani kesib o‘tib Suriyada jangarilar orasiga tushib qolganini gapirib berdi Ozodlik bilan suhbatda.

- Men o‘rtoqlarim bilan qurilishda 2008 yildan beri ishlab kelaman. 2014 yil boshlarida biz Odintsovoda ishlagan edik, bolalar bilan ishni tugatib tarqab ketdik. Ammo biroz vaqtdan keyin birga ishlagan yigitlardan biri Turkiyada yaxshi ish borligini aytib qoldi. Ulardan biri menga hamqishloq, qolganlari dushanbelik. Ular menga “Stambulga kelsang, seni kutib olamiz”, deyishdi. Xotinim bilan maslahatlashib, bu yerda ish topish qiyinligi sababli men chipta sotib olib, Stambulga ketdim, deydi Abdusami.

2014 yilning 14 aprelida bu muhojirni “Otaturk” aeroportida noma’lum kishi kutib olgan va shahardagi kvartiraga joylashtirgan.

Bu kvartirada u yana 3-4 kishi bilan tanishadi. Abdusamini kvartiraga olib kelgan odamning ham millati tojik bo‘lib, u bu yerda bir necha kun kutib turish kerakligini aytgan.

- Bu odam ham tojik edi. Ammo turk, o‘zbek tilida ham bemalol suhbatlashardi. 3 kundan keyin bizga yana 3-4 kishi qo‘shildi va hammamizga bilet olib berishdiyu avtobusga mindirib yuborishdi. “Yo‘l oxirida sizlarni kutib olishadi!”, deyildi. 18 soat yo‘l yurganimizdan keyin bizni kutib olishdi va mikroavtobusda bir uyga olib borishdi. “Dam olinglar, keyin ishga chiqamiz”, deyishdi. U yerda o‘tirganlar hammasi ishlagani kelgan ekan. Kech tunda bizni dalaga olib chiqishdi va “Yo‘l yomon, dalani piyoda kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi”, deyishdi. Soat 3-larda 30 kishilik guruhda men dalani kesib o‘tdim. Bizni u yerda kutib olishgandan keyin men qaerga tushib qolganimni sezib qoldim, deydi tojikistonlik muhojir.

Chegara

Abdusamining aytishicha, ularning guruhida sobiq ittifoq respublikalaridan bo‘lgan tojik, o‘zbek, kavkaz millati vakillari bor bo‘lgan.

Avtomat ko‘targan odamlar bu guruhni chegaradan uzoq bo‘lmagan – 700-800 metr narida joylashgan binoga joylashtiradi.

Sizlar kesib o‘tgan dala – Turkiya va Suriya o‘rtasidagi chegara. Sizlar hozir Suriyadasizlar! Bir necha kundan keyin sizlarni olib ketishadi”, deb bildirishdi.

Jangarilar, ayniqsa, Rossiyadan kelayotganlarni maxfiy xizmatlar bilan aloqasi borligida gumon qilib, ularni alohida ushlashgan va boshqalar bilan ko‘p gapirmaslikni talab qilgan.

Abdusami va uning sheriklari joylashtirilgan binoda yuzlab boshqa odamlar bor ekan. Bular orasida u Moskvada birga ishlagan tojikistonlik quruvchi tanishlari ham borligini ko‘radi.

- Shu tariqa men Suriyada ekanimni, men ishga emas, balki urushishga olib kelinganimni va menga yolg‘on gapirishganini tushundim. Men telefon topib, meni olib kelgan sherigimning otasiga telefon qildim. “Vaziyat shunaqa, meni o‘g‘lingiz aldab olib keldi. Unga ayting, imkon borida kechasi qochib ketish mumkin”, deb aytdim. Agarda men bir o‘zim qochib kelganimda, uning ota-onasi meni ayblashidan qo‘rqdim. Shunday ham bo‘ldi, dedi Abdusami.

Biroq, Rahim ismli sherigi ortga qaytishdan bosh tortadi.

Qochish

Uni qochib ketishidan xabar topgan millati dog‘istonlik bo‘lgan lager boshlig‘i Abdusamini Rossiyaga josuslikda ayblaydi va zindonga tashlaydi. U bu zindonda 10 kun yotganidan keyin qo‘yib yuboriladi.

- O‘sha kuni kechasi men o‘zim bilan olgan ish kiyimlari solingan sumkamni tashlab, pasportimni olib, qochib ketdim. U yerda chegaraning o‘zi yo‘q: vaqti-vaqti bilan chegarachilar paydo bo‘ladi va ketar ekan. Turkiya tomoniga o‘tib men odamlardan yordam so‘radim. Oldinroq qanday holatda ekanimni men Moskvadagi xotinimga tushuntirgan edim. U Tojikistonning Moskvadagi elchixonasiga yordam so‘rab bordi. Ular esa “Stambulgacha yetib kelsa, biz olib ketamiz”, deyishibdi. Chegarada yashovchi bir turk odam menga 50 dollar berib, meni Stambulgacha jo‘natvorishdi, deya hikoya qiladi Abdusami.

Stambulga qaytib kelgan yigitni Turkiyaga Rossiyadan maxsus uchib kelgan rafiqasi kutib oladi va ular 7 may kuni Moskvaga qaytib keladi.

Suriya hududida 13 kun bo‘lgan muhojir lagerda qolgan boshqalar jang bo‘layotgan mintaqaga olib ketilganini taxmin qildi.

Abdusamining so‘zlariga ko‘ra, Moskvada uning tanishi Rahimning otasi Tojikistonda uni “o‘g‘lini Suriyaga yollab ketganlikda” ayblab Tursunzoda tuman militsiyasiga ariza yozganini bilgan.

Vaziyat asirlari

Hozirda Rossiyada Federal qidiruvda ekanini aytgan Abdusami Tojikistondan tergovchilar qo‘ng‘iroq qilib tahdid qilishayotgani, yaqinda Tojikistonga borgan akasini ushlab, qattiq qiynoqlarga solishganini ma’lum qildi. “Onam 3 ming dollar qarz olib, akamni ozod qilishga erishdi. Shu voqeadan keyin men yurtimga borishga qo‘rqib qoldim”, deydi u.

- U yerda bunday vaziyatga tushib qolganidan aziyat chekkanlar ko‘p edi. Ayniqsa, tojiklar orasida “Qaytib kelsak Tojikiston bizni qamoqqa tashlaydi. Qaytib 20 yil qamoqda o‘tirgan maqulmi, shu yerda ozodlikda yurgan yaxshimi?” Ularning aksari shu sabab qaytib kelmayotir. Ular vaziyat asirlariga aylandi, deydi qochqin yigit.

Suriyadan sobiq sheriklari “sotqinlik uchun” o‘ldirish bilan qo‘rqitayotgani ham aytildi.

Hozirda Rossiya va Tojikistonda qidiruvda bo‘lgan bu yigit oila a’zolari nima qilishni bilmasdan, jurnalistlarga bu haqda so‘zlab berishga qaror qilganini aytishdi.

“Odamlar qaytishdan qo‘rqmoqda”

Ozodlik mustaqil manbalardan bu yigit hikoyasini tasdiqlay olmadi. Abdusami va uning rafiqasi maslahat so‘rab murojaat qilgan “Yordam” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti raisi, “Memorial” tashkiloti faoli Bahrom Hamroev Ozodlik Radiosiga bergan intervyusida Abdusamiga Rossiya huquq-tartibot idoralariga o‘zlari murojaat qilishlari kerakligini tushuntirganini aytadi.

U so‘nggi bir yilda unga aldov yo‘llari bilan Suriyaga olib ketilgan 10 dan ziyod markaziy osiyolik muhojir murojaat qilgani va ular ham ayni vaziyatda ekanini gapirdi:

- Suriyaga aldab olib ketilgan va qaytib kelib shaxsan menga murojaat qilgan men bilganlar soni 10 dan ortiq. Odamlar qaytib kelyapti, qaytib kelmoqchi bo‘lganlar soni judayam ko‘p! Lekin urush maydonida ularga targ‘ibot-tashviqot qilingan: “O‘z Vatanlaringga qaytaolmaysizlar. Qaytganing bilan 20-30 yillab turmada o‘tirasizlar!”, deb. Biz hozir mana shu yolg‘on gaplarga qarshi kurashmoqdamiz. Umumiy avf e’lon qilish zarur. Sekin-asta odamlarni tinch hayotga qaytarish, Suriyada yoki Turkiyada aldanib qolayotganning tinch hayotga qaytarish uchun davlat tomonidan amnistiya e’lon qilinishi kerak, dedi huquq faoli.

“Memorial”ning Markaziy Osiyo dasturi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Vitaliy Ponomaryov ko‘p hollarda bunday vaziyatga tushgan odamlar hukumatga murojaat qilishga o‘rinli ravishda qo‘rqayotganini bildirdi.

- Agarda u hukumatga murojaat qilsa juda muhim masalanining yechilishiga ko‘mak beradi, ammo o‘zi nima ahvolga tushishini oldindan aytish qiyin, dedi u.

Qo‘rquvga qaramasdan, Abdusami va uning ayoli haqiqat uchun kurashni davom ettirishlarini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG