Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:45

Yil oxiriga kelib yangi pasport olish qanchaga cho‘zilishini hech kim bilmaydi


Biometrik pasportga o‘tish uchun prezident farmoniga ko‘ra belgilangan birlamchi muhlat – 2015 yil 31 dekabriga sanoqli kunlar qolgan bir paytda¸ yangi pasportga hujjat topshirganlarning uni qachon qo‘lga olishlari mavhum qolmoqda. Ozodlik bog‘langan rasmiylar¸ yil oxiriga kelib pasportga murojaat qilganlar sonining nihoyatda ko‘pligidan kompyuter tizimi buncha katta oqimdagi arizani ko‘tarolmay qolib¸ tez-tez ishdan chiqayotganini bildirdi.

Ozodlikka Buxoro shahridan murojaat qilgan Ozoda Usmonova 2015 yil oxiriga qadar biometrik pasport olmasam¸ pasportsiz qolaman¸ degan qo‘rquv bilan xorijdan O‘zbekistonga qaytgan yuz minglab muhojirdan biri.

12 oktyabr kuni 7 va 3 yoshlik farzandlarini Birlashgan arab amirliklarida eri va keksa qaynonasiga tashlab yangi pasport olish uchun Buxoroga qaytgan Ozoda¸ bu jarayonga ko‘pi bilan bir oy vaqt ketadi¸ deb xayol qilgan. Zotan qonunga ko‘ra¸ yangi pasport olish uchun ikki hafta¸ chiqish vizasi uchun yana ikki hafta belgilangani bois¸ Ozoda hamma ishni qonun doirasida hal qilaman¸ deb ishongan.

25 dekabr kuni Ozodlikka bog‘langan Ozoda¸ oradan uch oy o‘tib¸ nafaqat yangi pasportni olmagani¸ balki uni qachon olish ham mutlaq noma’lum qolayotganini aytadi:

- Kelgan kunimdan pasportga murojaat qildim. Chet eldan kelganlarni tekshirayapmiz¸ dedi. Ekstremizm¸ odam savdosi va fohishalik bo‘yicha tekshirib¸ har xil joyda suhbatdan o‘tkazishdi. Eski pasportimni olishdi¸ hujjatlaringiz Toshkentga¸ SNBga ketadi deyishdi. Bir yarim oydan keyin¸ hech gap yo‘q ekan¸ vaqtingizni olganimiz uchun uzr¸ deyishib¸ biometrik rasmga tushirishga yuborishdi. Undan beri bir yarim oy vaqt o‘tdi. Hech gap yo‘q¸ pasportim qachon chiqadi¸ hech kim bilmaydi¸ deydi Ozoda.

“Abu Dabida oilam har kun bosim qilayapti¸ bolalarim nimaga bizni tashlab ketdingiz deb yig‘layapti. Ularga pasport chiqishini kutib o‘tiribman¸ desam ishonmaydi. Axir bu bir soatlik ishku!”¸ degan Ozoda¸ Buxorodagi pasport bo‘limi xodimlari muammo Toshkentda¸ biometrik pasportni bosmadan chiqarib beradigan Davlat personallashtirish markazida ekanini aytganidan so‘ng¸kuni-kecha bu markazga ham shaxsan murojaat qilganini aytadi:

- Bu yerda menga pasportni yozib chiqaradigan apparatlar buzilgan¸ deyishdi. Bu gapni yosh bolaga aytsa bo‘lar! Nahotki butun boshli O‘zbekistonda pasport chiqaradigan bitta apparat bor! Bittasi buzilsa¸ boshqalari ishlasa kerak! Respublika OVIRi boshlig‘iga kirsam¸ siz hali Personallashtirish markazidagi navbatga ham qo‘yilmagansiz dedi. Prokuraturaga shikoyat qilsam¸ arizangiz bir oy ichida o‘rganib¸ natijasi ma’lum qilinadi¸ deydi. Nima qilishni¸ kimga murojaat qilishni bilmayapman. Axir qonun bo‘yicha bunaqa bo‘lishi mumkin emasku!¸ deydi O‘zbekiston pasportini olaman deb oilasi buzilish tahlikasi qolganidan cho‘chiyotgan Ozoda.

Bu shikoyat ortidan Ozodlik muxbiri Ichki ishlar vazirligining Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qildi.

Boshqarma rasmiysi biometrik pasportni chop etish bilan bog‘liq jiddiy muammo bois¸ yangi pasportga murojaat qilgan fuqarolarning uni olishi uchun qancha vaqt ketishini mutlaq oldindan aytib bo‘lmay qolganini e’tirof qildi:

- Yangi pasportning qanchada chiqishi haqida umuman bir narsa deya olmaymiz. Qonunda 12-15 kun ichida¸ deb yozilgan¸ lekin hozir nihoyatda cho‘zilib ketayapti. Sababi¸ yil oxiriga kelib yangi pasportga murojaat qiluvchilar soni keskin ko‘payganidan¸ ma’lumotlar bazasi to‘lib qolgan. Hozir bazani qayta ishga tushirishga harakat qilishayapti. Tortsa¸ yana pasport chiqarish tezlashadi. Bu muammo OVIR emas¸ Davlat personallashtirish markaziga bog‘liq. Ulardagi kompyuter tizimi haddan tashqari ko‘p ma’lumotni ko‘tara olmay¸ qotib qolayapti. Balki yangi yildan keyin tezlashar¸ deydi o‘zini tanishtirmagan rasmiy.

Ozodlik Davlat personallashtirish markazidan bu muammo yuzasidan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Islom Karimov 2009 yil 23 iyunda imzolagan“O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston aholisini biometrik pasportga o‘tkazish jarayoni 2015 yil 31 dekabrga qadar tugallanishi lozim edi.

Ammo Ozodlik respublika ichki ishlar tizimi xodimlaridan belgilangan bu muhlat arafasida o‘tkazilgan sanoq natijasida mamlakat aholisining qariyb yarim biometrikpasport olishga ulgurmagani bois¸ bu muhlatni uzaytirishni so‘rab prezidentga murojaat qilinganini bildirgan edi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda¸ bu taklif prezident tomonidan tasfiqlangan va pasportlarni almashtirish jarayoni 2018 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirilgan.

Hozircha bu farmon jamoatchilikka rasman e’lon qilingani yo‘q.

XS
SM
MD
LG