Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:34

Rossiya va O‘zbekiston mehnat muhojirlari bo‘yicha Kelishuv hozirlamoqda


Rossiya va O‘zbekiston mehnat muhojirlariga doir kelishuv ustida ishlamoqda. Ishlab chiqilayotgan hukumatlararo kelishuvda O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishini tartibli tashkil etish haqida gap borishi aytilmoqda. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenevga ko‘ra, bu hujjat Rossiyaga kelayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakatga kirdi-chiqdisini tartibga soladi.


25 dekabr kuni Toshkentda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenevning ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

- 25 kuni Toshkentning “Poytaxt” biznes markazida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek-rus munosabatlarining o‘tgan yildagi holatidan tashqari elchixona tomonidan uyushtirilgan ijodiy tanlov g‘oliblari - O‘zbekiston jurnalistlarini taqdirlash marosimi ham bo‘ldi, dedi anjuman haqida qo‘shimcha ma’lumot bergan Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot attashesi Dmitriy Petrov.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Vladimir Tyurdenev ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida mehnat muhojirlari oqimini tartibga solish bo‘yicha qator hujjatlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Jumladan, O‘zbekiston va Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Rossiyaga yollash bo‘yicha hukumatlararo kelishuv tayyorlanayotganini bildirdi elchi.

- Kelishuv mamlakatimizga mehnat qilishga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini oqimini tartibga soladi. Rossiya migratsiya qoidalari muntazam ravishda takomillashtirilmoqda. Mana bir yildirki xorij fuqarolarini Rossiyaga mehnat faoliyatiga yollashning yangi tartibini yo‘lga soluvchi qonun amal qilmoqda. Uning mazmuni shundan iboratki, Rossiyaga vizasiz tartibda kirib kelgan xorijliklar mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent rasmiylashtirishlari kerak, dedi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi.

Avvalroq O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rasmiylari o‘zbek fuqarolarini tartibli ravishda Rossiya Federatsiyasi hududida ishga yollash yoki jalb qilish bo‘yicha hukumatlararo loyihani ishlab chiqqanini ma’lum qilgan edi: ikki davlat hukumatlari o‘rtasida bu hujjatni tayyorlash ishlari 2015 yilning boshida boshlangan edi. Unda Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarning ijtimoiy, huquqiy va boshqa kafolatlari o‘z aksini topgani aytildi jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida.

Vladimir Tyurdenev mazkur kelishuv Rossiya hukumatiga muhokama uchun taqdim etilganini bildirdi.

Rossiyada rasman ikki millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ro‘yxatga olingan. Lekin mustaqil manbalar o‘zbek mardikorlari soni besh millionga yaqin ekanini taxmin qiladi.

Shu bilan birga Rossiyada iqtisodiy inqiroz vujudga kelishi mehnat muhojirlari soni kamayayotganiga sabab bo‘layotgani ham aytiladi.

Rossiya elchisi o‘z chiqishida iqtisodiy bo‘hron ortidan ikki tomon o‘rtasida savdo munosabatlarining biroz susayishiga qaramasdan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston uchun asosiy savdo hamkori bo‘lib qolayotganini ta’kidlab o‘tdi:

- Rossiya Federal bojxona xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning 9 oyi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 29,2 foizga qisqardi va 2,14 mlrd.dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlarning pasayishi eng avvalo rubl kursining tushishi tufayli bo‘ldi, ayni paytda amalda ikki taraflama tovar almashinuvi atigi 1,8 foizga qisqardi, ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa oshdi ham. Masalan, o‘sha 9 oy davomida o‘zbek sabzavot va mevalarining jismoniy hajmdagi Rossiyaga eksporti 78,4 foizga oshdi, deya qo‘shimcha qildi Vladimir Tyurdenev.

2014 yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlan 6 milliard 100 million dollarni tashkil etganini ta’kidlash joyiz.

Tyurdenev so‘nggi yillarda Rossiya shirkatlari tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga 6 milliard dollar miqdorida sarmoya yotqizilgani, O‘zbekistonda 900-ga yaqin qo‘shma qorxona, Rossiyada esa 500-ga yaqin ikki mamlakat tadbirkorlari kapitali asosida korxona faoliyat yuritayotganini bildirdi.

Shuningdek, 2015 yilda 1,5 mingdan ziyod talaba Rossiya oliy uquv yurtlariga o‘qishga kirgani, ulardan 180 nafari Rossiya hukumati o‘rnatgan kvota asosida ekanini ma’lum qildi Tyurdenev.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan “Rossotrudnichestvo” vakili Viktor Shulik O‘zbekiston MDH davlatlari orasida Rossiyada tahsil olayotgan talabalari soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelmoqda, dedi. Uning aytishicha, bugungi kunda 12 ming o‘zbek talabasi Rossiyada o‘qimoqda.

Yig‘ilishda Vladimir Tyurdenev “Vatandoshlarni qo‘chirish Dasturi”ga alohida to‘xtalib o‘tdi.

- 2015 yilda ko‘chirish davlat dasturida ishtirok etish uchun Rossiya elchixonasiga 8300 ming ariza kelib tushdi. Bu dasturda ishtirok etish istagida bo‘lganlar soni, oila a’zolarini qo‘shib hisoblaganda, taxminan 20 ming kishini tashkil etadi, dedi Rossiya diplomati.

U ko‘chirish dasturida Rossiyaning 59 mintaqasi ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Aholi soni keskin kamayib borayotgan Rossiya bu loyiha yordamida birgina 2015 yilda mamlakatga 150 ming odamni doimiy yashashga jalb qila olgani aytildi.

Tyurdenyov “hech kimni ko‘chishga targ‘ib etmayotganimiz va balandparvoz va’adalar bilan jalb etmayotganimizni alohida qayd etmoqchiman”, deya ta’kidladi.

Shunga qaramasdan, so‘nggi yillarda Rossiyaga ko‘chib ketmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan o‘zbek millatiga mansub oilalar soni oshayotgani kuzatilmoqda.

Sobiq SSSR fuqarolarining Rossiyaga ko‘chishini targ‘ib etish dasturi 2006 yilda Rossiya prezidenti farmoniga ko‘ra joriy etilgan.

XS
SM
MD
LG