Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:54

O‘zbekistonda nafaqadagi militsionerlarning uylari tortib olinmoqda


O‘zbekiston IIV tizimlarida 25 yil ishlab nafaqaga chiqqan 52 yashar militsiya podpolkovnigi Sharifboy Jumaniyozovning aytishicha, (ism-familiyasi o‘zining iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi)uning Toshkent shahridagi kvartirasi tortib olingan.

Sharifboy akaning aytishicha, uy O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyev imzolagan buyruq va Bosh prokuratura yozma ko‘rsatmasiga binoan tortib olingan:

- Hujjatni ko‘rdim. "Asos" degan joyiga "IIV Ahmadboyevning 15 apreldagi buyrug‘i", deb yozilgan. Genprokuratura predpisaniyasida esa IIV ga qarashli uy noto‘g‘ri privatizatsiya qilingani uchun qaytarilsin deyilgan. Menga bu uyning kalitini yaxshi ishlaganim uchun tantana bilan topshirishgan edi. Keyin 2001 yilda uyni qonunan o‘z nomimga o‘tkazdim. Hama hujjatlar bor. Notariuslangan. Lekin shunga qaramay, qishning kunida meni ko‘chaga haydashdi. Hozir ijarada yashayapman. Shikoyat qilsam¸ shukur qil qamalmaganingga deyishdi. Prosto alam qilyapti. 25 yil ishlaganimga rahmat shumi¸ deydi nafaqadagi militsiya podpolkovnigi.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ ilgari IIV tizimida ishlab, vazirlikdan uy olgan nafaqadagi zobitlarning muassasaga qarashli uylari joriy yil aprel oyidan boshlab tortib olina boshlagan.

- Bu borada O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyevning buyrug‘i bor. Vazirlikda komissiya ishlayapti. Qonuniy privatizatsiya qilingan xonadonlarga e’tiroz yo‘q. Lekin vazirlikka oid uyni noqonuniy privatizatsiya qilganlar javobgarlikka tortilmoqda¸ dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlikka shikoyat qilgan nafaqadagi militsiya podpolkovnigi Sharifboy akaning iddao qilishicha¸ viloyatdan kelib Toshkentdan uy olgan o‘nga yaqin sobiq militsionerning uylari tortib olingan.

Ayni ma’lumotni Ozodlik rasman tasdqilata olmadi. Ozodlikning huquq-tartibot organidagi manbasining aytishicha, 1999 yildan keyin Toshkent shahrida ishlaydigan militsionerlar soni viloyatdagi kadrlar hisobiga to‘ldirilgan va ularning aksariyati IIV tarafidan muassasaga qarashli uylar bilan ta’minlangan:

- Men sizga qancha militsionerning uyi tortib olingani haqida aniq raqamni ayta olmayman. Ahmadboyevning buyrug‘i ustida ham “dlya slujebnogo polzovaniya” degan grif turibdi. Sizga aytishim mumkin bo‘lgan ma’lumot shuki, vazirlikda komissiya ishlayapti. Komissiya lozim topsa uyni tortib olyapti yoki uyning bozor narhidagi pulini qaytartiryapti. Komissiya tarkibida Genprokuratura vakillari bor¸ deydi Ozodlik manbasi.

Prokuratura taftishi hamma mulozimlarga oid

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha¸ butun Toshkent bo‘ylab keyingi 15 yil mobaynida hususiylashtirilgan uylar jiddiy taftish qilinmoqda:

- Bitta militsioner tanishim uchastka noziri bo‘lib ishlagan paytda muassasaviy uyni privatizatsiya qilgan ekan. Xozir xavotirga tushib o‘tiribdi. Mening fikrimcha noqonuniy olingan uylarning davlatga qaytarilishi to‘g‘ri bo‘lyapti. Nafaqat militsiya, balki hokimiyat, BTI va boshqa idora xodimlari ham tekshirilyapti.

Manbaning aytishicha¸ Respublika Bosh prokuraturasida o‘nlab komissiyalar qo‘li qo‘liga tegmay ishlayapti. Katta ko‘lam va qamrovdagi taftish ishiga viloyatlardan ham mutaxassislar jalb qilingan.

Nafaqadagi militsiya podpolkovnigi Sharifboy aka Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda taftish tafsilotlarini gapirib berdi:

- Avvaliga komissiya a’zaolaridan biri siz bilan suhbatlashadi. Uyning dokumentlaridan kopiya so‘raydi. Juda xushmuomala. Keyin tez-tez chaqira boshlaydi. Endi xo‘mraygan boshqa odamlar sovuq tarzda qisqa savollar berishadi. Bildirgilarga qo‘l qo‘ydirishadi. Keyin uchta narsadan birini tanlang deyishadi. Men aybimga iqror bo‘lib uyni qaytarib topshirishim yoki bozor narxida uy qiymatini to‘lab qo‘yishim kerak. Uchinchisi esa ish sudga oshadi va maski –shou.

O‘zbekiston IIV tizimida 25 yil ishlab nafaqaga chiqqan zobit uyni qaytarib qutulganini aytdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ IIV xodimlaridan tashqari Toshkent shahar va tuman hokimliklarida ishlab kvartira olganlar ham tekshirilmoqda.

O‘zbekistonda “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida” 1993 yili qabul qilingan qonunda O‘zbekiston fuqarolariga davlat uy-joy fondini xususiylashtirishiga izn berilgan.

Bu qonunga ko‘ra¸ davlat o‘z uy-joy fondiga oid uylarni imtiyozli asosda sotishi yoki tekinga mulk qilib berishi mumkin.

XS
SM
MD
LG