Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

Umrbod qamalgan Azimjon Asqarov oilasi bosim va kuzatuv ostida yashamoqda


Azimjon Asqarov
Azimjon Asqarov

O‘sh voqealari bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan qirg‘izistonlik huquq faoli Azimjon Asqarovning turmush o‘rtog‘i Xadicha Asqarova unga nisbatan bosim va tahdid bo‘layotganini aytmoqda. Xadicha Asqarova iddaosicha, mahalliy rasmiylar uni xalqaro tashkilot vakillari, huquq faollari bilan uchrashishiga to‘sqinlik qilmoqda va noma’lum shaxslar uning ortidan muntazam kuzatib yuribdi.

Xadicha Asqarovaning aytishicha, u ortidan bo‘layotgan kuzatuv va bosimni so‘ngi bor 2015 yilning 9-dekabrida payqagan. O‘sha kuni u 10 dekabrda Azimjon Asqarov haqida suratga olingan film namoyishida ishtirok etish Bishkekka bormoqchi bo‘lgan.

Xadicha opaga ko‘ra, u safar tayyorgarligini ko‘rayotgan paytda Bozorqo‘rg‘on qishloq kengashi rahbari o‘rinbosari Yunus Teshebaev kelib, undan qaerga ketayotganini, kimlar bilan uchrashmoqchi ekanligini obdon surishtirgan.

U ketgach Xadicha opa uyining oldida oq rangli avtomashinada begona yigitlar uni kuzatib turganini payqagan.

O‘sha kuni soat 16.30 da bog‘cha mudirasi Tursunoy Mamajonova ham kelib, uning qaerga ketayotganini surishtiradi. Ular suhbatlashib turgan payt Bishkekka ketuvchi mashina keladi va ular xayrlashishadi.

Xadicha opa u ketayotgan mashina ortidan ham kuzatuv bo‘lganini aytadi:

“Men sezmagandim. Haydovchi “anavi mashina sizlar tomonda turgandi ortimizdan kelyapti”, deyishdi. Bozorqo‘rg‘onda kasalxona bor o‘sha yerda to‘xtab bir erga kirdik, u xam to‘xtadi. Kelaverdik, oxiri Qo‘chqorotada bir mahallaga kirdimda, boshqa moshinaga almashib keyin keldim. Ular meni kinofestivalga yetib kelishimni istamayapti shekilli deb, boshqa moshinaga o‘tirib yetib keldim”, -deydi Xadicha Asqarova.

Unga ko‘ra, bunday kuzatuv va bosimlar avval ham bir necha marotaba bo‘lgan.

Xadicha opa 23 dan 26 dekabrgacha Bishkekdagi 47-koloniyada saqlanayotgan Azimjon Asqarov bilan uchrashib chiqqanini aytar ekan, erining salomatligi ancha yomonlashganini ta’kidlaydi:

“Xozir sog‘ligi yomon. Boshi og‘riyapti. Beli, qovurg‘alari og‘riyapti. Buyraklari shamollagan shekilli, hojatxonaga borganida ham qiynalayapti”, - deydi Xadicha opa.

Bundan bir yil avval, 2015 yilning oktyabrida sud ijrochilari Zamir, Altinbek ismli shaxslar va boshqa notanish odamlar kelib, huquq faolining uyi musodara qilinishini, ular Musodara bayonnomasini tuzishga kelganini aytishgan edi. Lekin Xadicha Asqarova hech qanday qog‘ozga qo‘l qo‘ymasligini aytganidan so‘ng, sud xodimlari ketgan.

Azimjon Asqarov 2010 yil 15 sentyabrida O‘sh voqealariga aloqadorlikda ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan. Xalqaro va mahalliy huquqni himoya qilish tashkilotlari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganini ta’kidlaydilar. Uning hamkasblari va xalqaro tashkilotlar Asqarovning aybsiz ekaniga amin bo‘lgan holda, qariyb besh yildan buyon huquq faolining ozod qilinishini talab qilib keladi.

2015 yilning iyulida AQSh davlat departamenti Azimjon Asqarovni “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti bilan taqdirlagan. Bunga rasmiy Bishkek keskin munosabat bildirib, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Asqarovni “jinoyatchi” deb atagan, Qirg‘iziston hukumati esa AQSh va Qirg‘iziston o‘rtasidagi gumanitar yordam yetkazish bo‘yicha kelishuvni bekor qilgandi.

XS
SM
MD
LG