Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:48

Hokim, militsiya va soliqchining tadbirkor biznesiga aralashishi taqiqlandi


O‘zbekistonda 2000 yilda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari haqida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar asosida tadbirkorlar faoliyatiga davlat idoralarining aralashishi taqiqlandi. Ya’ni, bundan buyon davlat idoralari va mansabdor shaxslarning tadbirkorlarga shartnoma tuzish, pul o‘tkazish, xayriya qilish, rahbar saylash kabi ishlarda ko‘rsatma berishga qonunan haqqi yo‘q.

“O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik aktlariga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish borasida”gi 2015 yilning 29 dekabridan kuchga kirgan qonunga ko‘ra, davlat idoralarining tadbirkorlar faoliyatiga aralashishi taqiqlandi.

Endi davlat idoralari, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik sub’ektlarining shartnomalar tuzish, foydani taqsimlash, rahbarlar saylash(tayinlash) kabi ularning kompetensiyasiga kiradigan ishlariga aralashishi taqiqlanadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari boshqaruv organlarining a’zolarini o‘z vakolati doirasida tavakkal qilib qabul qilgan va so‘ngra ziyonga sabab bo‘lgan qarorlari uchun mahalliy hokimiyat va davlat idoralari tomonidan o‘z boshimcha javobgarlikka tortish ham taqiqlanadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda davlat idoralarining ular faoliyatiga aralashishi taqiqlangani haqida qonun qabul qilinganidan xursand bo‘lganini aytdi:

Juda zo‘r bo‘pti, lekin. Masalan, men Izboskan tumanida ko‘mir sotaman. Ko‘mirni Angrendan birja narxida olib kelamiz. Tuman hokimi esa kilosini 350 so‘mdan ortiq sottirgani qo‘ymayapti. Biz ko‘mirni tuprog‘idan ajratib, paketlab chiroyli qilib sotamiz. Shuning uchun ham bizga kilosi 500 so‘mdan kam bo‘lsa foyda qolmaydi. Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Ilgari ham amaldorlarning tadbirkorlar faoliyatiga aralashishni cheklaydigan bir qancha qonunlar qabul qilingan, lekin ular baribir aralashaveradi”, dedi tadbirkor.

Navoiy shahridan bo‘lgan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, agar tadbirkorlar hokimlarning og‘zaki buyruqlarini ijro qilmasa, ularning boshida kaltak sinishi aniq:

Men bu qonundagi gaplarni aniq formulirovka qilinishini istardim. Masalan, hokim, prokuror, militsiya boshlig‘ining bevosita aralashuvi taqiqlansin, deb yozgan bo‘lardim. Chunki, turli tadbirlarga, musobaqalarga tadbirkorlardan pul yig‘ishlari jonga tegdi. Agar hokimni aytganini qilmasang, u seni qaysi yo‘l bilan jazolash yo‘lini albatta o‘ylab topadi”, dedi tadbirkor.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning turli xil qurilish va tadbirlar uchun tadbirkorlarga o‘lpon solish holatlari ham ko‘p kuzatiladi.

Jumladan, o‘tgan yilning noyabr oyida Ozodlikka murojaat qilgan samarqandlik tadbirkorlardan biri¸ Samarqand hokimi shahardagi aksar do‘kon egalariga solinayotgan norasmiy o‘lponlar ustiga “yo‘l solig‘i” ham qo‘shganidan shikoyat qilgan edi.

Tadbirkorga ko‘ra¸ shahar hokimi har bir do‘kondordan yo‘llarni ta’mirlash uchun 600 dan 1500 gacha “ko‘kida naqd” berishni so‘ragan¸ aks holda soliqchilarga do‘konni yoptirish bilan tahdid qilgan.

XS
SM
MD
LG