Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:48

O‘zbekistonliklarni o‘z hukumati tuzoqqa tushirdi (Blog)


Ha, nobiometrik pasport bilan horijda yurgan o‘zbekistonliklarni o‘z hukumati, hukumatning tarkibiy qismi – Tashqi ishlar vazirligi tuzoqqa tushirdi. Vazirlikning Istanbuldagi mulozimi Ozodlikka tuzoqning shaklu shamoyilini tasvirlab berdi:

O‘zbekistonlik vataniga eski pasport bilan qaytish uchun konsulxonadan “Vatanga qaytish sertifikati” olishi lozim.

Sertifikatni olish uchun u ariza yozadi;

arizaga uchta fotosuratini tirkaydi;

60 dollar to‘laydi.

Shundan so‘ng sertifikat berilishini 1 oy kutadi.

Puli tugab qolgan bo‘lsachi? Konsulxonaga "e yo‘q, be yo‘q" to‘lanadigan 60 dollarni emas, umuman puli tugab qolgan bo‘lsachi, deyapman.

Chiqib ketolmay qolgani mamlakat bilan O‘zbekiston o‘rtasida viza tartibi bo‘lsayu, uning vizasi muddati tugagan bo‘lsachi?

Bu masalalar O‘zbekiston hukumatini qiziqtirmaydi.

Tuzoq bo‘lmay nima bu?

Siz – hukumatparvar o‘zbek aybni hukumatingizdan emas, o‘zingizdan izlayapsizmi?

Unda buyog‘ini o‘qing.

Men Qirg‘iziston fuqarosiman.

2000 yilgacha Qirg‘izistonda sovet davridan qolgan “chiqish vizasi” bor edi (O‘zbekistonda hozir ham bor). O‘sha vizani olishim bilan bog‘liq gaplardan mavzumizga oid boshqa muhim bir gap chiqadi.

Birinchi marta 1997 yili chet elga chiqdim. Safarim Xaj bilan bog‘liq bo‘lgani uchun chetga chiqishga iznniyu Saudiyaning vizasini men uchun xojiboshilar oldi.

Uzbekistan - passport copy of uzbek service moderator Oktambek Karimov
Uzbekistan - passport copy of uzbek service moderator Oktambek Karimov

Ikkinchi marta 1999 yili Shvetsiyaga bordim va chetga chiqishga iznni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligining O‘shdagi konsulxonasidan oldim.

O‘sha yili kuzda Chexiyaga boradigan bo‘ldim va yana konsulxonaga bordim, konsul pasportimga “falon sanagacha chiqib ketishi mumkin”, degan shtapm bilan muhrini bosib berdi.

Oradan 6 oycha vaqt o‘tgach (2000 ning mayi) yana Chexiyaga boradigan bo‘lib qoldim va pasportimni ko‘tarib konsullikka bordim.

Konsul “chiqish izni” bekor qilingani aytdi.

Dabdurustdan tushunmadim.

Konsul gapini takrorladi. “Bemalol ketaverasiz”, dedi.

Suyagi sovetcha qotgan menday bir “sovok”ka “bemalol ketaverish” baribir tushunarsiz edi va konsulga dedim:

- Sizdan benzin ketadimi, har ehtimolga qarshi pasportimga muhringizni bosib qo‘yavering? Chexiyaga kiritmay qo‘yishsa nima qilaman?

Konsul bir bo‘zarib oldi va dedi:

- E, qanaqa odamsiz, axir?! Bekor qilingan deyapmanku. Demak, muhr bosishim mumkin emas. Haqqim yo‘q bunday qilishga. MIDimiz bu haqda dunyodagi barcha mamlakatlarga nota jo‘natgan. Istasangiz, Antarktidaga boring. Hech kim so‘ramaydi sizdan chiqishga izn. Bo‘ldi, keting. Ishim ko‘p...

"MIDimiz bu haqda dunyodagi barcha mamlakatlarga nota jo‘natgan".

Qirg‘iz konsulining shu gapiga e’tibor berdingizmi?

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham, biometrik pasportga o‘tish to‘g‘risidagi dastlabki qarordan kelib chiqib, dunyodagi barcha mamlakatlarga 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘zbekistonlikning shaxsini tasdiqlaydigan yagona hujjat biometrik pasportdir, degan nota jo‘natgan bir yilmi, ikki yilmi, uch yilmi muqaddam.

Lekin do‘ppi tor kepqolib, biometrik pasport berish muddati uzaytirilgach, vazirlik oldingi notasini bekor qiluvchi yangi nota jo‘natmaganga o‘xshaydiki, natijada aytganimiz tuzoq paydo bo‘ldi.

Siz – hukumatparvar o‘zbek hanuz aybni hukumatingizdan emas, o‘zingizdan izlayapsizmi?

Balki, dunyodagi barcha davlatlar biometrik pasportga o‘tib bo‘lgandir, shuning uchun bu faqat o‘zbekistonlikka emas, hammaga kelgan to‘ydir, deyapsizmi?

Unda yana Qirg‘izistonga oid mana bu gapni ham o‘qing:

Bu davlat o‘z vatandoshlariga (fuqaro so‘zini bugun ishlatgim kelmayapti) biometrik pasport berish to‘g‘risida o‘ylashni 2015 yil kuzida boshladi. Hukumat mulozimlarining aytishicha, biometrik pasportlarni berish 2017 yildan boshlanadi. Hozircha esa, prezident Atambaevning pasporti ham biometrik emas.

U yoki bu mamlakatning pasport nazoratida o‘tirgan chegarachiga sizning pasportingiz biometrikmi-nobiometrikmi – farqi yo‘q. Uning uchun pasportingiz qalbaki bo‘lmasa, muddati o‘tib ketgan bo‘lmasa, ismingiz xalqaro qidiruvdagilar ro‘yxatida bo‘lmasa, kirish vizasi bilan bog‘liq muammongiz bo‘lmasa, bas.

Pasportingiz qalbaki bo‘lmasa bas, u hatto qo‘lda to‘ldirilgan bo‘lsa ham o‘tkazaverishadi.

Ha, aytgancha, chegarachi davlatingiz tashqi ishlar vazirligi talabidan kelib chiqib ham ish ko‘radi.

Men boyadan beri shu haqda javradim.

Hali ham kech emas.

Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni bitta nota bilan bir kunda hal qilishi mumkin.

Agar shunday qilsa, qishning izg‘irinida kuni elchixonalar ostonasida o‘tayotgan o‘n minglab vatandoshini bilib-bilmay ilintirgan tuzog‘idan ozod qilgan bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG