Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:06

Sho‘rchida 30 yillik archalarni kesib, sotgan maktab ma’muriyati jarimaga tortilayapti


Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 24-sonli o‘rta maktab ma’muriyati maktab hududidagi yuzdan ziyod archani kesib, sotib yuborgani uchun 4 million so‘m jarimaga tortilishi mumkin. Mahalliy aholi 30 yillik, bo‘yi 7-8 metr keladigan archalarni o‘tin va yog‘och o‘rnida sotib yuborgan maktab direktoriga jiddiyroq jazo berilishini talab qilishayapti.

Sho‘rchiliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda archalar o‘tgan yilning noyabr oyida kesilgani va shu paytgacha buning uchun hech kim javobgarlikka tortilmaganini aytadi.

Sho‘rchiliklar yo‘llagan fotosuratlarda kesilgan archalar yuk mashinalariga ortib, olib ketilayotgani aks etgan
Sho‘rchiliklar yo‘llagan fotosuratlarda kesilgan archalar yuk mashinalariga ortib, olib ketilayotgani aks etgan

​– Bir yuz o‘ttizdan ortiq archa kesilgan. O‘tgan asrning saksoninchi yillari qadalgan, balandligi sakkiz metr, yog‘ochini qalinligi 30 santimetr bo‘lgan bu archalar to‘rtta yuk mashinasida olib chiqib ketilganini ko‘rdik. Maktab rahbari o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida shu archalarni kestirib, sotib yuborgan. Hozir biz uni javobgarlikka tortish masalasini ko‘taryapmiz,- dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan sho‘rchilik.

Ozodlik Sho‘rchi tumanidagi 24-sonli o‘rta maktabga ham bog‘landi. Lekin, daraxtlar nimaga kesilgani borasida ular hech qanday izoh berolmasligini aytishdi.

- Direktorimiz yo‘q hozir. Men bu haqda sizga hech narsa aytolmayman, -dedi Sho‘rchidagi archalari kesilgan maktabning Ozodlik bog‘langan xodimi.

O‘zbekiston Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining Sho‘rchi tumanidagi bo‘limi rasmiylari 24-sonli o‘rta maktab atrofidagi archalar kesilganini tasdiqlashdi.

Qo‘mita vakili Ozodlik bilan suhbatda archalar kesilgani yuzasidan maktabni 4 million so‘mlik jarimaga tortish masalasi ko‘rilayotganini aytdi:

- Kesib tashlagan-da maktabni mulkini talon-taroj qilib. Hozir buning uchun shu maktab rahbariyatiga nisbatan chora ko‘rilyapti, - dedi qo‘mita rasmiylaridan biri.

Lekin, sho‘rchiliklar archalarni kesishga buyruq bergan maktab rahbariga jiddiyroq jazo berilishini talab qilishayapti:

- Maktabni rahbari shaxsan bu daraxtlarni kestirgan. Uni kesilishiga qarshi chiqqan shu maktabni ilmiy bo‘lim mudirini ham ishdan bo‘shatib yuborgan. Tabiatga ziyon keltirgan bunaqa berahm inson qanday qilib maktabga rahbar bo‘lishi mumkin, - deydi sho‘rchiliklardan biri.

Poytaxt Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida daraxtlarni ommaviy tarzda kesish bir necha yillardan beri davom etmoqda.

2009 yilda Toshkentning Amir Temur hiyobonidagi 100 yillik chinorlar kesilishi katta janjalga sabab bo‘lgandi. O‘shanda Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hokimiyatini qo‘mita bilan umuman maslahatlashmasdan daraxtlarni kesishda ayblab chiqqandi.

Kesilayotgan daraxtlar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda, lekin hech kim buning uchun shu paytgacha javobgarlikka tortilmagan.

XS
SM
MD
LG