Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:17

Jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardaev ustidan sud boshlandi


Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida taniqli huquq himoyachisi O‘ktam Pardaev ustidan mahkama boshlandi. 37 yashar Pardaev firibgarlik, pora berish va haqorat qilishda ayblanmoqda. Ammo yaqinlariga ko‘ra, Pardaevning sudga tortilishiga uning kasbiy faoliyati sabab bo‘lgan. Nufuzli xalqaro inson huquqlari tashkilotlari huquqbonni ozod etishni talab qilmoqdalar.

O‘ktam Pardaev ustidan mahkama Jizzax viloyati Do‘stlik tumani sudida dushanba kuni tushlikdan keyin boshlandi.

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bo‘limi raisi O‘ktam Pardaev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140-moddasi 2-qismi (haqorat qilish), 168-moddasi 2-qismi (firibgarlik) va 211-moddasi 2-qismi (pora berish) bilan ayblanmoqda.

Huquq faoli yaqinlariga ko‘ra, 37 yashar Pardaev tergov jarayonida ham, dastlabki sud tinglovida ham o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasiga iqror bo‘lmagan.

Yaqinlarining aytishicha, O‘ktam Pardaev mahkama jarayonining boshlanishiga qarshi ekanini bildirgan.

Huquq himoyachisining ukasi Sharof Pardaevning Ozodlikka ma’lum qilishicha, faol o‘z yaqinlarining sudning boshlanishi borasida bor-yo‘g‘i bir necha soat avval xabardor etilganiga norozilik bildirgan.

- Biz sudda qatnashishdan bosh tortdik. Advokat "kiringlar", deb chaqirayapti. Sudning aytishicha, yaqinlari bo‘lmasa, sud boshlanmas ekan. Biz sudning boshlanishi haqida bugun tushlikdan keyin 15:30da eshitdik. Keldik. Lekin, bizni kech xabardor etganlari uchun akam sudning boshlanishiga qarshi chiqayotgan ekan,- dedi Sharof Pardaev.

O‘ktam Pardaevga ochilgan jinoyat ishini kuzatayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovaning fikricha, bu ayblovlar mantiqsiz bo‘lib, ular huquq himoyachisining faoliyatiga chek qo‘yish uchun to‘qib chiqarilgan:

- Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevning hibsga olinishi va unga jinoyat ish ochilishi O‘zbekiston huquq tartibot tizimi mutlaq zo‘rovonligi namoyishidir. Ish ancha xashaki uydirilgan. Militsiya muttasil firibgarlik va mayda shantaj bilan shug‘ullanib kelgan ayolni hibsga oladi. U odamlardan pul olib, ularning turli muammolarini hal qilish va’dasini berib kelgan. Pul ta’magirligi 2012 yili yuz bergan. Sho‘rlik O‘ktam esa bu xotin bilan 2014 yilda tanishgan. Bu ayol hibsga olingach, militsiya bilan kelishib, firibgarligini O‘ktamga ilishiga ishonchi komil bo‘lgan. Ayni paytda, u aldagan biror shaxs O‘ktamni tanimasligini, ular pulini shaxsan ayolning qo‘liga berishganini tergov davomida aytgan, deydi Umida Niyozova.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bulimi raisi vazifasida ishlagan O‘ktam Pardaev o‘tgan yilning 16 noyabrida hibsga olingan edi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘ktam Pardaevga qo‘yilayotgan ayblovlar to‘qima ekanligini, uning hibsga olinishi bevosita faoliyati bilan bog‘liqligini aytib kelmoqda.

O‘ktam Pardaev O‘zbekistonda qolgan va tazyiqlarga qaramay faoliyatini davom ettirib kelgan oz sonli inson huquqlari himoyachilaridandir.

U Jizzax viloyatida poraxo‘rlikni fosh qilgan va paxta dalalaridagi bolalar va kattalarning majburiy mehnati bo‘yicha kuzatuv olib borgan.

Qamoqqa olinishidan avvalroq Pardaev mahalliy rasmiylarning o‘ziga chiqish vizasi bermaganiga e’tirozan sudga shikoyat qilgan va OVIR bilan sudlashayotgan edi.

Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatidan O‘ktam Pardaevni zudlik bilan hibsdan ozod etish haqida 27 noyabr kuni bayonot e’lon qilgan edi.

Pardaevning yaqinlari va hamkasblari sudning adolatli bo‘lishiga ishonmasliklarini aytishadi.

Ozodlik sud jarayonini kuzatib bormoqda.

XS
SM
MD
LG