Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:30

Moskva viloyatida o‘zbekistonlik "jigolo" qo‘lga olindi


Moskva viloyatining Orexovo-Zuevo shaharchasida 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi mahalliy cherkov qorovulini tunaganlikda ayblanmoqda. Hibsga olingan yigit professional tarzda striptiz bilan shug‘ullanishi va qorovuldan xizmati haqini undirganini aytmoqda. Jabrlanuvchi uy egasi esa andijonlik bu yigitning undan zo‘ravonlik yo‘li bilan 40 ming pul va ikkita mobil telefonini olib ketganini iddao qilyapti. Talon-torojga qo‘l urganini mutlaqo rad etayotgan o‘zbek striptiz ustasi o‘zining dindor ekanini ham ta’kidlamoqda.

O‘zbekistonlik striptizyor Moskvaning Orexovo-Zuevo shaharchasidagi uylardan birida o‘tkazilgan bazmi jamshid paytida uy egasi, uning o‘g‘li va xotinini tunab ketganlikda ayblanmoqda.

Mahalliy cherkovda qorovul bo‘lib xizmat qiladigan 1972 yilda tug‘ilgan fuqaroning politsiyachilarga aytishicha, muhojirni uning uyiga o‘g‘li Dmitriy boshlab kelgan.

- U bizni 40 mingga “kidat” qilib ketdi (chuv tushirdi, demoqchi-tahr.). Qaerdan olganini ko‘rsatishim ham mumkin. U o‘g‘lim bilan keldi, o‘g‘limning hech qanday do‘sti ham emas, shunchaki tanishib qolishibdi. Uni banketga artist sifatida taklif qilibdi, dedi politsiyachilarga ismini aytmagan jabrlanuvchi qorovul.

Ma’lum bo‘lishicha, Dmitriy 26 yoshli o‘zbekistonlik bilan 9 yanvar kuni Moskvaning tunggi klublaridan birida tanishib qolgan. Aroq ichib olgan va mast bo‘lib qolgan Dmitriy o‘zbek muhojiriga katta va’dalarni berib, otasining uyida “o‘tirish”ga olib keladi.

Jabrlanuvchilar “o‘zbek mast holatda pichoq ko‘tarib ulardan pul talab qila boshlagani” va do‘q-po‘pisa qilib “40 ming rubl va ikkita telefonni” ko‘tarib chiqib ketganini o‘z arizasida yozib bergan.

Gumonlanuvchi tez orada qo‘lga olindi.

Ozodlik talon-torojda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi 26 yoshli andijonlik Islom A. ekanini aniqladi.

Moskva viloyat IIBsi telestudiyasi xodimlariga bergan tushuntirishida u o‘z xizmatlari uchun haq ololmagani tufayli shunday tutishga majbur bo‘lgani, uy egalari esa uni “podstavka” qilishganini gapirib berdi:

- Meni “podstavka” qilishdi (tuzoqqa tushirishdi, demoqchi-tahr.). Ular pulni o‘zlari berishdi – xizmatlarim uchun 9,5 ming qarzlari bor. Men aslida 35-dan 50-gacha bo‘lgan ayollarni shahvoniy hissiyotlarini uyg‘otaman, qizlar bilan yuraman mening bir soat chiqishim 2 ming rubl turadi. Nima istashsa qilaman! To‘g‘ri, biroz noqonuniy ish, ammo rasman ovqat tashuvchi bo‘lib ishlayman. Uy egalari xizmatlarim uchun haq to‘lamadi, deydi Islombek.

Islombek Dmitriyning uyiga tashrifini “zakaz” sifatida baholagani va uy egalariga “professional xizmat” ko‘rsatganini aytdi.

​Bu hodisada aslida o‘zi jabrlanuvchi ekanini aytgan o‘zbek striptiz ustasi oshxonada unga ikki nafar ayol hujum qilib, zo‘rlashga uringanlari to‘g‘risidagi versiyani ham ilgari surdi.

Biroq, Islom A. “Ollohdan qo‘rqishi va eri borlarga xizmat ko‘rsatmasligi”ni tushuntirdi:

- “Ortingizda eringiz turibdi, menga mumkin emas” deb tushuntirdim. Chunki eri borlar bilan yurish gunoh, Olloh buni kechirmaydi. Men erga tegmagan qizlar bilan yurishim mumkin, “romantik kayfiyat” uyushtirishim mumkin. Pulim yo‘q emas – asosan oligarx ayollar, kampirlar bilan Moskvada yuraman, deydi Islombek.

Striptiz uning asosiy daromad manbayi emasligini iddao qilgan bu muhojir banketlarni tashkillashtira olishi, to‘y va tug‘ilgan kun bayramlarini o‘tkazishi, ekskursiyalarni yoki O‘zbekistonga birovni jo‘natish ishlarini uyushtirishi mumkinligini ham bildirdi.

Qo‘lga tushganidan keyin "jigolo" rolini o‘ynovchi migrantdan o‘g‘irlangan pullarning bir qismi va uy egasiga tegishli bo‘lgan ikkita oddiy telefon musodara qilindi.

Moskva viloyatining Ichki ishlar boshqarmasi vakillari Ozodlik so‘roviga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 162-moddasi, ya’ni “talon-toroj”da ayblanayotgan Islom A. 12 yilgacha qamoqqa hukm etilishi mumkinligini ma’lum qilishdi:

- U bola o‘zini “striptizchi” ekanini gapirmoqda. O‘tgan haftada u bilan suhbatlashgan edik. Ammo buning hozircha isboti yo‘q. Nima bo‘lganda ham u sovuq qurol bilan odamlarni qo‘rqitgani va talon-toroj qilgani uchun uzoq muddatga qamalishi mumkin, dedi Moskva viloyati politsiyasi rasmiysi Aleksandr Podabashev.

XS
SM
MD
LG