Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:30

O‘zbekistondagi barcha vazir va hokimlar Shavkat Mirziyoevga ta’ziya bildirdi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning shanba kuni olamdan o‘tgan onasi yakshanba kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida dafn qilindi. Janoza marosimida barcha vazirlar va viloyat hokimlari ishtirok etgani aytilmoqda. Janoza namozini O‘zbekiston muftiysi Usmon Alimov ado etgan.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra, bosh vazirning onasi shanba kechqurun Toshkentdagi hukumat kasalxonasida vafot etgan.

“Shanba kuni olamdan o‘tgan Bosh vazir onasi solingan tobut Toshkentdan Zominga keltirilib, musulmon odatiga ko‘ra, tezda yakshanba kuni dafn qilingan. Janoza marosimida Bosh vazirning o‘zi chopon kiyib, ta’ziya qabul qildi. Janozani muftiy Usmonxon Alimov o‘qidi. Odam tumonat edi. Azadorlar yonida Prezident devoni rahbari Zelimxon Haydarov ham bor edi. 12 viloyat hokimlari va barcha vazirlar kelib ta’ziya bildirishdi. Karimovdan boshqa barcha mulozim keldi desak bo‘ladi”, deydi Ozodlik muxbiri.

Unga ko‘ra, janoza marosimiga kelganlar orasida sobiq davlat maslahatchisi Ismoyil Jo‘rabekov ham bo‘lgan.

“Juda ko‘p sobiq amaldorlar bor edi janozada. Masalan, sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov taniqli akter Yodgor Sa’diev bilan birga kirib keldi. Almatov kalta palto kiygan va boshi yalang edi. Yakshanba kuni Xudoyi berildi. Zomindagi “Marhabo” degan to‘yxonada dasturxon yozildi. Odamlar kelib fotiha o‘qib ketib turishdi”, deydi Ozodlik muxbiri.

Ozodlik manbalaridan biri O‘zbekiston Bosh vaziri biografiyasi bilan bog‘liq ba’zi tafsilotlarni so‘zlab berdi.

“Shavkat Miromonovichning haqiqiy onasi yoshligida o‘tib ketgan. Lekin shanba kuni olamdan o‘tgan onasi unga haqiqiy mehr berib katta qilgan deyishadi. Shu bois Bosh vazir “o‘gay ona” degan kalimani xush ko‘rmagan. Shavkat akaning otasi Miromon aka Zominda vrach bo‘lgan. O‘g‘li Shavkat tug‘ilganidan keyin Miromon akaning rafiqasi olamdan o‘tgan. Keyin Miromon aka bu ayolga uylangan. Marhuma Bosh vazir tarbiyasida ijobiy rol o‘ynagan", deydi Ozodlik manbasi.

59 yoshli Shavkat Mirziyoev 2003 yil dekabridan beri bosh vazir lavozimini egallab keladi.

Undan avval ikki yil davomida Samarqand viloyati hokimi, 1996 yildan 2001 yilgacha esa Jizzax viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida bosh vazirning onasi vafoti yuzasida ta’ziya bildirilmadi. Bundan bir oy avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning akasi Ibod Karimov olamdan o‘tganida ham rasmiy matbuotda hech bir shaklda na ma’lumot, na ta’ziya bildirilgan edi.

XS
SM
MD
LG