Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:27

Rossiyada bedarak yo‘qolgan andijonlik qidirilmoqda


Andijonlik 28 yashar Doniyor Soliev 2014 yilning 1 oktyabrida Rossiyaning Ryazan shahridagi kvartiradan chiqib ketganidan beri bedarak yo‘qolgan. Uni qidirib bormagan joyi qolmaganini bildirgan Doniyorning yaqinlari Ozodlik orqali bu yigitning o‘lik-tirigini bilganlardan bu haqda ma’lumot berishni so‘ramoqdalar.

Andijon shahrida ma’lum vaqt tadbirkorlik bilan shug‘ullangan Doniyor Soliev¸ ishi yurishmay qolganidan so‘ng¸ Rossiyada ishlab yurgan ikki ukasi va onasi yoniga kelgan.

Ikki farzandning otasi bo‘lgan Doniyor ishga ruxsatnoma va boshqa hujjatlarga ariza topshirib¸ vaqtincha Ryazandagi baliq konservasi tayyorlovchi zavodning tungi smenasiga ishga kirgan. 30 ming rubl oylikdan ko‘ngli to‘lmagan Doniyor¸ yaqinlariga ko‘ra¸ kunduzlari ham chiqib ketib¸ har xil qurilishlardan ish izlayotganini bildirgan.

Rossiyaga kelganidan bir oycha o‘tib¸ 1 oktyabr kuni ertalab Doniyor onasi va ukalari bilan birga yashab turgan kvartiradan chiqib ketganu¸ shu ketgancha bedarak yo‘qolgan.

Doniyorning Rossiyada ishlab yurgan ukasi gapiradi:

- Xotinim o‘sha kuni obedga kelasizmi deb so‘rashga telefon qilgan¸ telefon o‘chiq bo‘lgan. 1 oktyabr kuni ertalab chiqib ketgan bo‘yi yo‘q. Shundan beri bormagan joyim qolmadi. Avvaliga yonimizdagi melisaxonaga bordim. Ular uch kungacha topilmasa¸ keyin ariza yozasan dedi. Uch kun kutib o‘tirmadim¸ bolnitsalarga bordim¸ uchta morg bor ekan¸ o‘shalarga borib chiqdim. Melisa yoki FMS ushlagan bo‘lsa deb¸ hamma otdelenielardan so‘rab-surishtirib chiqdim. Bunaqa odam hech qaerda qayddan o‘tmagan. Keyin qidiruvga berish haqida ariza yozdim. Ular akang butun Rossiya bo‘yicha qidiruvga berildi¸ hozircha daragi chiqmadi¸ deyapti. Lekin akamning rasman Rossiya hududidan chiqib ketgani ham hech qaerda qayd qilinmagan¸ deydi Doniyorning ukasi.

Bir yarim yildan beri Doniyorni qidirayotgan yaqinlari uning Rossiya hududidan chiqmagani haqidagi bunday rasmiy izohga ko‘p ham ishonishmaëtir.

- Rossiyada bo‘lsa¸ odam dokument qilishi kerakku! Bir yarim yil oz vaqt emas dokumentsiz yashashga¸ qo‘lga tushib qolishi bor. Men akamni tirik¸ lekin Rossiyada emas¸ deb o‘ylayman¸ deydi Doniyorning ukasi.

Yaqinlari farazi orasida¸ Doniyorning Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i orqali radikal islomiy guruhlar ta’siriga tushib¸ ular safiga qo‘shilib ketgani haqidagi taxmin ham yo‘q emas:

- Akam kelishiga¸ men unga Odnodan akaunt ochib bergan edim. Unga kirsam¸ o‘ntadan oshiq guruhga qo‘shilgan ekan¸ hammasi islomiy. Akam namozxon yigit edi. Bizga ham namoz o‘qi¸ unday qil¸ bunday qil, deb gapirardi. Lekin bundan boshqa kuchliroq gap aytganini eslay olmayman. Bunaqalarga qo‘shilganini bilganimda¸ uni to‘xtatardim¸ deydi Doniyorning ukasi.

“Akam yo‘qolganidan beri onam birdan qarib qoldi¸ uning maykasini ko‘rsayam yig‘layveradi”¸ degan Eldor¸ o‘z akasi hayot bo‘lsa¸ yaqinlariga bir og‘iz bildirib qo‘yishni so‘raydi.

Ayni paytda¸ Doniyor qaysidir yo‘llar bilan Suriyaga chiqib ketgan bo‘lsa¸ uni bu qatorga tortganlardan ham akasining o‘lik-tirigi haqida ma’lumot berishni so‘raydi Eldor.

Taxminlarga ko‘ra¸ Suriya va Iroq hududining kattagina qismini ishg‘ol qilib¸ bu hududda islomiy xalifat qurilganini e’lon qilgan ishidchilar orasida yuzlab o‘zbekistonlik bor va ularning aksariyatibu saflarga Rossiyada ishlab yurgan paytida qo‘shilganlardir.

XS
SM
MD
LG