Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:36

Andijon hokimi ishga kech qolmaslik uchun “Damas” qatnovini taqiqladi


Andijon shahrida yo‘lovchi tashiydigan “Damas” avtomobillari Eski shahar va Yangi bozor hududlariga kiritilmay qo‘ydi. Yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega “Damas”lar endi odamlarni aylanma yo‘llar bilan manziliga yetkazishga majbur bo‘lmoqda. Natijada, yo‘lkira narxi ikki baravarga oshdi. Shahar hokimiyati qo‘ygan avtobuslar esa yo‘lovchilar oqimini eplay olmayapti.

Andijon shahrining Eski shahar va Yangi bozor hududiga shahar markazi orqali yo‘lovchi tashiydigan “Damas” avtomobillarining qatnovi 21 yanvardan taqiqlandi.

Shahar markazining bu hududlariga eltadigan barcha yo‘llarga yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari post tashkil qilib, yo‘lovchilar bilan to‘la “Damas”larni ortga qaytarmoqda.

“Damas” haydovchilari yo‘lovchilarni manziliga yetkazish uchun mahallalar ichkarisi va aylanma yo‘llar bilan yurishga majbur bo‘lyapti.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan andijonlik manbaning aytishicha, bundan yo‘lovchilar aziyat chekmoqda:

“Hokimiyat “Damas”larni to‘xtatib o‘rniga avtobuslar qo‘yishdi. Lekin, bu avtobuslar kech yuradi va juda ham tiqilinch bo‘lib ketyapti. “Damas”lar esa odamlarga qulay edi, shipillab manziliga yetkazib qo‘yardi. Buning oqibatida “Damas”larning yo‘lkira narxi ham oshib ketdi. Ilgari shahar ichida yo‘lkira 500 so‘m edi. Endi haydovchilar aylanma yo‘llar bilan yuryapmiz deb, 1000 so‘mdan olyapti. Ko‘pchilik hozir piyoda yuryapti”, dedi andijonlik manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan damaschilardan birining Ozodlikka aytishicha, mashinalar tirbandligi oqibatida viloyat hokimi mashinasining yo‘lda qolib ketgani uchun, hokim shunday qaror chiqargan:

“Haqiqatan ham ba’zan tirbandlik bo‘ladi. Lekin GAIlar yaxshi ishlasa, bunday bo‘lmaydi. Viloyat hokimi bir-ikki bor ana shunday probkada qolib ketdi. Endi o‘ziga yo‘l doim ochiq bo‘lishi uchun “Damas”larning harakatini markazda taqiqladi”, dedi haydovchilardan biri.

Andijon shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda “Damas”lar harakatini markazda taqiqlash haqidagi buyruqni viloyat hokimi berganini tasdiqladi:

“Viloyat hokimining buyrug‘i bilan qilindi, bu ish. To‘g‘ri, “Damas”larning haddan tashqari ko‘pligi yo‘llarda probka bo‘lishiga sabab bo‘layotgan edi. Viloyat va shahar hokimlari ham probkada qolib ketgan vaqtlari bo‘lgan. Shunga viloyat hokimi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga ko‘rsatma berib, bu bardakni yo‘q qil degan. Mana, o‘ndan ortiq avtobus qo‘yildi, ko‘chalar ochildi”, dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonning deyarli barcha viloyat markazlarida yo‘lovchilar asosan "Damas" avtomobillarida tashiladi. Yetti yo‘lovchini olib yurishga mo‘jallangan bu avtomobillar saloni tor va yurishi qattiq bo‘lsada, yo‘lkirasi arzonligi uchun ham yo‘lovchilar shahar ichida shu avtomobil xizmatidan ko‘proq foydalanadilar.

XS
SM
MD
LG