Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:47

Prezident trassasi bo‘yidagi uylarga yangi taqiq qo‘yildi


Joriy yil yozida Toshkentda o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti oldidan prezident va mehmonlar korteji o‘tadigan markaziy ko‘chalarni ta’mirlash boshlandi. Rasmiylar bu yo‘llar yoqasidagi uylarda yashovchilardan qoraytirilgan oynalar, balkonlardagi panjara va sun’iy yo‘ldosh antennalarini olib tashlashni talab qilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotining iyun oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan sammiti oldidan markaziy tumanlar hokimiyatlari uy-joy mulkdorlari shirkatlariga aholi uylarining ko‘chaga qaragan tomonlarini “tartibga” solish haqida farmoyish berdi.

AsiaTerra internet sayti uy-joy mulkdorlari shirkatining aholiga yuborgan ogohnomalaridan birini chop etdi.

Kvartiralar egalariga yuborilgan ogohnoma
Kvartiralar egalariga yuborilgan ogohnoma

Bu ogohnomada aytilishicha, xususiy kvartiralar sohiblari balkonlariga qo‘yilgan soyabonlar, sun’iy yo‘ldosh antennalari, panjara va qoraytirilgan oynalarni olib tashlashi va o‘n kun muddatda balkonlarni bir xil ko‘rinishga keltirishlari shart.

Bu talabni bajarmaganlarning O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 160-moddasi asosida jarimaga tortilishi aytiladi.

Yakkasaroy tumanidagi uy-joy mulkdorlari shirkatining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri shoshma-shosharlik bilan berilgan bunday buyruqdan aholi norozi bo‘layotganini aytadi:

“Bizga qarashli uylar Afrosiyob ko‘chasida joylashgan. Hokimiyatdan shunday buyruq keldi. Aholiga tarqatdik. Lekin ko‘pchilik norozi bo‘layapti. Chunki odamlar xarajat qilib balkonlarini akva derazalari bilan yopib olgan. Sputnik antennalarini ham olib tashlashni aytishayapti”, dedi shirkat mulozimi.

Yakkasaroy tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bunday topshiriq shahar hokimligi tomonidan berilganini aytdi:

“Bu faqat bizning tumanda emas, prezident va keladigan mehmonlar korteji yuradigan boshqa ko‘chalarda ham bo‘layapti. Uylarning tashqi fasadi bir xil bo‘lishi kerak. O‘zboshimchalik bilan qurilgan hamma narsani oldirib tashlayapmiz”, dedi hokimlik mulozimi.

AsiaTerra internet saytining yozishicha, 21 yanvar kuni Afrosiyob ko‘chasidagi 13-uyning balkonlaridagi panjara va soyabonlar uy egalaridan so‘ralmasdan kesib tashlangan:

“Bu “mehnat”lari uchun ishchilar uy egalaridan 350 ming so‘mdan undirmoqchi ham bo‘lishgan. Vaholanki, bu uchun byudjetdan pul ajratilgan”, deydi toshkentliklardan biri.

Hokimlikning bu qarori oldidan prezident trassasidagi chinorlarni kesish, uylarning tashqi ko‘rinishlarini bir xil qilish tadbirlari ham boshlangan edi.

Bir oy muqaddam Toshkent markazining O‘zbekiston va Sharof Rashidov ko‘chalari kesishgan joy - Kosmonavtlar xiyobonidagi chinorlar kesilgan edi.

O‘tgan yil avgust oyida O‘zbekiston Xalq rassomi G‘afur Qodirov ustaxonasining prezident trassasiga qaragan derazalari tashqaridan temir tunuka bilan qoplab tashlangan edi.

2015 yilning iyul oyida esa Toshkent shimoli sharqida joylashgan “Buyuk ipak yo‘li“ metrosi atrofidagi prezident trassasi yo‘lida joylashgan do‘kon va bekatlar buzilgan edi.

XS
SM
MD
LG