Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:59

Buxoroda 47 yoshli o‘g‘il ota-onasini yoqib yubordi


Buxoroda 47 yoshli Farhod Egamov o‘zaro janjal payti jahl ustida ota-onasini ustiga benzin sepib, yoqib yubordi. Hodisa 29 yanvar kuni Buxoroning Peshku tumani, Denov qishlog‘ida ro‘y berdi. Egamov jinoyat joyidan g‘oyib bo‘lgan va keyinchalik ushlanib, hibsga olingan. Jabrlanuvchi chol-kampir esa yuzi va tanasi kuygan holda og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha, ota-ona va farzand o‘rtasidagi janjalga pul sababchi bo‘lgan:

- O‘g‘il ikki yil davomida Rossiyada ishlab, otasiga pul jo‘natib turgan. Ishi yurishmay yaqinda Buxoroga qaytib kelganidan keyin otasidan pul so‘rasa, bermagan. Otasi foizga pul berib yurar ekan. Sudxo‘r ota o‘g‘liga pul bermagan. O‘g‘lini jahli chiqqan va otasi, onasini ustiga bakalashkada benzin sepib yoqib yuborgan, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan peshkuliklardan biri.

Buxoro viloyati huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalari ota-onasiga o‘t qo‘ygan shaxs Farhod Egamov ekani va unga nisbatan odam joniga qasd qilishga urinish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytishdi:

- Farhod “Vatanga qaytish sertifikati” bilan yaqindagina Rossiyadan uyiga qaytgan edi. Otasidan pul so‘ragan, bermagan. Tergov davomida Farhod Egamov mast holatda bu ishga qo‘l urgani, qilmishidan pushaymon ekanini aytdi. Hozir u hibsda ushlab turilibdi. Baxtga ko‘ra, 72 yoshli otasi Egamov Nosir, 71 yoshli onasi Egamova Shabon omon qolgan. Hozir ular kasalxonada, - dedi Ozodlik manbasi.

O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida bunday fojealar tez-tez ro‘y berib turadi.

Uch oy avval Xorazmning Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida 30 yoshli ayol oilada yetishmovchilik sabab ikki farzandini pichoqlagan edi. Oqibatda 7 yoshli qizi hayotdan ko‘z yumgan, 10 yoshli o‘g‘li og‘ir yaralangandi.

O‘tgan yilning iyul oyida Samarqandning Bulung‘ur tumanidagi Pastki Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida ayol piyonista erini pichoqlab o‘ldirgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

2015 yilning fevral oyida esa Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi 28 yashar ayol o‘z otasini bolta bilan chopib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

Tergov davomida ayol oilaviy kelishmovchilik bois kelib chiqqan janjal natijasida ushbu qotillikka qo‘l urganini aytgan.

XS
SM
MD
LG