Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:14

“Asaka” banki boshqaruvi raisi hibsga olindi


O‘zbekistondagi eng yirik banklardan biri hisoblangan “Asaka” bankining boshqaruv raisi Qahramon Oripov 2 fevral kuni ish joyda hibsga olingan. Bankdagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Oripovni Toshkent shahar prokuraturasining Valyuta, soliq va noqonuniy daromadlarni legallashtirish jinoyatlariga qarshi kurash departamenti xodimlari qo‘liga kishan solib olib ketishgan.

“Asaka” bankining Ozodlik bog‘langan mulozimlaridan biri Qahramon Oripovning hibsga olinganini tasdiqladi va o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Rustam Qosimov bank boshqaruvi raisi lavozimini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanganini aytdi:

- Uch kun oldin Qahramon akani prokuratura olib ketgan, o‘shandan beri undan hech qanaqa darak yo‘q. Nimada ayblanyapti, bilmaymiz. Hozir uni o‘rinbosari Rustam Qosimovga vaqtincha, o‘zimizni ichki buyruq bilan boshqaruv raisi vazifasini yuklaganmiz, - dedi “Asaka” banki mulozimlaridan biri.

Toshkent shahar prokuraturasidan bu borada biror bir ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda Rustam Oripovni "Asaka" banki boshqaruvining raisi lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning hali imzolanmagan 26-sonli buyrug‘ining nusxasi Ozodlikka yetib keldi.

Bankning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlaridan biri Qahramon Oripov g‘ayriqonuniy valyuta operatsiyalariga aloqadorlikda ayblanayotgan bo‘lishini aytadi:

- Valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq, deyishyapti. Hozir prokuratura xodimlari shu bo‘yicha bankda taftish o‘tkazmoqda. Valyuta bo‘limining bir qancha xodimi prokuraturaga so‘roqqa chaqirtirilgan, - dedi “Asaka” bankining Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozimi.

48 yoshli Qahramon Oripov "Asaka" banki boshqaruvi raisi lavozimiga 2007 yilda tayinlangan edi.

"Asaka" banki O‘zbekistondagi valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi yirik tijoriy banklarning biri hisoblanadi.

Bank amaldorlari valyuta kursining hukumat belgilagan va "qora bozor"dagi kursi o‘rtasidagi farqdan mo‘may daromad ko‘rib kelishlari aytiladi.

Bundan avval O‘zbekistondagi “Ipotekabank”i boshqaruvi a’zolari valyuta boyliklarini fiktiv sotish kanalini tashkil etish va aholiga sotish uchun ajratilgan valyutalarni o‘z tanish-bilishlari orqali o‘zlashtirganlikda ayblanib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

O‘zbekistondagi bank tizimiga aloqador Ozodlik manbasining aytishicha, mamlakatda so‘mning qadri tushishi ortidan valyuta chayqovchiligi yana avj olgan:

- Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi deyarli barcha banklarda maxsus odamlar bo‘ladi, bu ish bilan shug‘ullanadigan. Ular valyutani o‘z tanishlariga davlat kursida sotadi, keyin shu odamlar valyuta mablag‘larini “qora bozor”ga qo‘yib yuboradi. Valyuta sotilishidan ko‘rilgan foyda o‘zaro taqsimlanadi, - deydi Ozodlik manbasi.

XS
SM
MD
LG