Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:24

Farg‘onada uka o‘z akasini chavaqlab, Shahrixonsoyga uloqtirganlikda gumonlanmoqda


Quva tumani yashovchisi, 19 yoshli Xisravbek Qayumov ikki sherigi bilan birga o‘zining 26 yoshli akasi Kozimjon Qayumovni o‘ldirib, jasadini Shahrixonsoyga tashladi. Qotillikda gumonlanayotganlar hodisadan uch kun o‘tib hibsga olindi. Bu Farg‘ona viloyatida so‘nggi bir necha kun ichida ro‘y bergan ikkinchi shov-shuvli qotillikdir.

Quva tumani huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalarining ma’lum qilishlaricha, ayni tumanning Toshhovuz mahallasida yashovchi 19 yoshli Xisravbek Qayumov ikki sherigi bilan birga o‘zining akasi 26 yoshli Kozimjon Qayumovni o‘ldirib, jasadini tuman hududidan o‘tuvchi Shahrixonsoyga tashlagan.

Tergovni olib borayotgan guruhga yaqin manbaning bildirishicha, voqea 1 fevralga o‘tar kechasi Quva shahri chetidagi Toshhovuz mahallasi hududida ro‘y bergan.

Manbaning aytishicha, qotillikka “aka-ukalar o‘rtasidagi oilaviy nizo” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Vahshiyona qotillik”

Dastlab bu haqda Ozodlikka WhatsApp orqali xabar yo‘llagan ichki ishlardagi manbaning bayon qilishicha, Xisravbek Qayumov yoshlikdan birga o‘sgan tengqur o‘rtoqlari Asilbek Bozorov va Nozim Narimovlar bilan “o‘zaro jinoiy til biriktirib, akasini o‘ldirish rejasini tuzishgan”.

Unga ko‘ra, Asilbek akasini “tanish qiz orqali mahallaning ovloq joyiga chaqiradi”.

U yerda qotillikka tayyor turgan, Xisravbekning o‘rtog‘i Asilbek Bozorov o‘zi bilan olib kelgan yo‘g‘on yog‘och bilan Kozimjon Qayumovning bosh qismiga zarba bilan bir necha marotaba urishi natijasida Kozimjon Qayumov yerga yiqiladi. Nozim Narimov va Xisravbek Qayumovlar uning turli joylariga tepa ketishadi, ukasi o‘z yonida olib yuradigan pichoq bilan akasining ko‘krak, bo‘yin va orqa ko‘krak va qorin qismlariga qattiq-qattiq sanchib oladi. Qayumov Kozimjon olgan o‘ta og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyining o‘zida vafot etadi”, – deb yozadi Ozodlikka WhatsApp orqali bog‘langan ichki ishlardagi manba.

Qotillik tafsilotlaridan voqif bo‘lgan bir-biridan mustaqil manbalarning ma’lum qilishlaricha, uchovlon Kozimjon Qayumovning oyoq-qo‘lini bog‘lab, jasadni qum qopga solib, Shahrixonsoyga uloqtirishadi.

Kozimjon Qayumovning suv ustiga qalqib chiqqan jasadi voqeadan uch kun o‘tib, 3 fevral kuni ertalab militsiya xodimlari tomonidan topilgan.

Tezkor qidiruv amaliyoti natijasida Xisravbek Qayumov va uning ikki sherigi ayni kunning o‘zida tushlikdan so‘ng qo‘lga olingan.

Amaliyot tafsiloti Ozodlikka ma’lum emas.

“Qotillik motivi”

Tergovni olib borayotgan guruhga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, qotillikka “aka-ukalar o‘rtasidagi oilaviy nizo” sabab bo‘lgan.

Ammo, u qo‘shimcha tafsilotlarga ega emasligini bildirdi.

Qayumovlar oilasini yaqindan tanigan quvalik o‘qituvchiga ko‘ra, Quva Kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejining 3-bosqich talabasi bo‘lgan Xisravbek va uning Andijon Davlat tibbiyot institutining 6-bosqich talabasi bo‘lgan akasi Kozimjon o‘rtasida “eskitdan kelishmovchilik bo‘lgan”.

Ularning ota-onasi ancha yil oldin ajrashib ketgan. Bolalarni onasi yolg‘iz katta qilgan. Farzandlar o‘rtasida eskitdan kelishmovchilik bo‘lgan ekan. Kozimjon o‘qishim kontraktiga pul topib berasan, deb ukasini va onasini bir necha marta urgan ekan”, dedi quvalik o‘qituvchi.

“Biz aybdormiz”

“Bu voqea butun Quvani oyoqqa turg‘izib yubordi”, deydi Xisravbekka Qayumovga dars bergan Quva Kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘qituvchilaridan biri.

Uning aytishicha, qotillik yuzasidan 7 yanvar kuni Quva shahrida Farg‘ona viloyati hokimi boshchiligida viloyat faollarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Viloyat hokimi, profilaktika nozirlari, voyaga yetmaganlar bilan ishlovchilar ishtirokida ikki yuzu elikka yaqin o‘qituvchi bilan yig‘in o‘tkazdik. Juda qattiq gaplar bo‘ldi. Aslida biz o‘qituvchilar vaqtida bolalar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermaganimiz, ular orasida tushuntirish ishlari olib bormaganimiz uchun mana shunaqa voqea yuz berdi. Juda yomon bo‘ldi. Biz aybdormiz”, dedi Quva Kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi.

Uning ilova qilishicha, Xisravbek Qayumov va uning ikki sherigi hibsga olingan kunning o‘zidayoq ular ta’lim olgan muassasalar rahbarlari militsiya bo‘linmalariga chaqirilib, so‘roqqa tutilgan.

Tergovni olib borayotgan guruhga yaqin manbaning aytishicha, Xisravbek Qayumov va uning sheriklari odam o‘ldirishda ayblanib, Farg‘ona shahridagi tergov izolyatoriga olib ketilgan.

Tergov jarayonining uch oy davom etishi kutilmoqda.

Bu so‘nggi bir necha kun ichida Farg‘ona viloyatida ro‘y bergan yagona shov-shuvli qotillik emas. 7 fevral kuni viloyatning Oltiariq tumanida bir oilaning besh nafar a’zosi, jumladan 2 nafar yosh bola bosqinchilik qurboni bo‘ldi.

Oltiariq tumani Tinchlik shaharchasida yashovchi Madaminovlar oilasining besh a’zosini, jumladan ikki nafar yosh bolani o‘ldirib, yoqib yuborganlikda gumonlangan ikki shaxs qo‘lga olindi. Tergovchilarning gumon qilishicha, hibsga olinganlar oila bekasining jiyanlari bo‘lib, ular xolasining mashinaga yiqqan pulini o‘g‘irlash maqsadida oila a’zolarini o‘ldirib, keyin murdalarga o‘t qo‘yishgan.

XS
SM
MD
LG