Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:30

Olmaotada muxolifat sayti jurnalisti sudlanmoqda


Olmaotaning Bo‘standiq tuman sudida muxolifatdagi Nakanune.kz sayti jurnalisti Yuliya Kozlova ishi ko‘rib chiqilayapti. U noqonuniy ravishda narkotik modda saqlaganlikda ayblanmoqda. Kozlova o‘ziga qarshi jinoyat ishi siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘zg‘atilgan, degan qanoatda.

40 yoshli jurnalist Yuliya Kozlova ishi Bo‘standiq tuman sudida hakam Lyudmila Bektemirova raisligida 9 fevraldan ko‘rila boshladi. Unga Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 296-moddasi (narkotik va psixotrop moddalarni noqonuniy ravishda tayyorlaganlik, qayta ishlaganlik, sotib olganlik, saqlaganlik va tashiganlik) bo‘yicha ayblov bildirilgan.

Tartib posbonlari iddaosicha, giyohvand moddalar Yuliya Kozlovaning xonadoni tintuv qilinganida topilgan. Olmaota Ichki ishlar departamenti tergov guruhi yolg‘on ma’lumot tarqatganlik bo‘yicha ish doirasida o‘tgan yilning dekabr oyida Nakanune.kz sayti tahririyatida, nashr muharriri Go‘zal Baydalinova uyida va jurnalist Yuliya Kozlova xonadonida tintuvlar o‘tkazgan.

Kozlovaning uyini tintish u yo‘q paytda boshlangan. Tintuv boshlangan paytda xonadonda uning o‘g‘li, singlisi va jiyani bo‘lgan. Jurnalist uyga kelgan paytda politsiyachilar “narkotik moddalarni topib bo‘lgan” edilar.

Yuliya Kozlovaga ko‘ra, yolg‘on ma’lumot tarqatganlikka oid ish bo‘yicha tintuv o‘tkazgan tintuvchilarni birinchi navbatda yozuv daftarchalari, kompьyuterlar, planshetlar, smartfonlar va boshqa shu kabi ma’lumot saqlanadigan ashyolar qiziqtirishi lozim edi, biroq ular keliboq o‘zlarini vannaxona, hojatxona va oshxonaga urganlar.

- Oshxonada ular ichida narkotik bo‘lgan o‘ramni “topib olishibdi”, - dedi Yuliya Kozlova Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan suhbatida.

O‘ziga nisbatan ish siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘zg‘atilganini urg‘ulagan jurnalist bu boradagi dalillarini sudda ochiqlashini bildirgan.

Tergov tomonidan tintuv kuni tayinlangan majburiy ekspertiza Yuliya Kozlova va uning singlisi organizmida giyohvand moddalar topilganini ko‘rsatgan. Buning ertasiga Kozlovaning advokati Ayman Umarova tashabbusi bilan o‘tkazilgan mustaqil ekspertiza esa jurnalistning organizmida narkotik modda izlari yo‘qligini ko‘rsatgan. Shunga qaramay, Kozlovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Advokat Ayman Umarova tergov chog‘ida katta tergovchi Ruslan Alkenov o‘z himoyasidagikishi haqlarini buzganini da’vo qilmoqda. Biroq bu da’volarni advokat mahkama chog‘ida ochiqlamoqchi.

Yuliya Kozlovaning 33 yoshli singlisi Yelena mazkur ish bo‘yicha mahkamaga guvoh sifatida chaqirilgan. Yuliyaning aytishicha, singlisi va uning erini 2008 yilda giyohvand moddaga aloqador ish bo‘yicha qamaganlar. Er-xotin qamoqdan chiqqanlaridan so‘ng Yelenaning turmush o‘rtog‘i o‘lgan, singlisi esa uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan. Shuning uchun ham singlisining o‘g‘li Yuliyaning uyida yashagan.

Yuliya Kozlova singlisi Yelena davolanish paytida Qo‘stanayda yashagani, narkotik iste’mol qilmay qilmay qo‘ygani, uyda gamburger tayyorlab, sotish bilan mashg‘ul bo‘lgani, biroq so‘nggi oylarda ishi yurishmay qolgani uchun Olmaotaga kelib, uning uyida turganini aytadi.

Yuliya Kozlova Kazkommersbank arizasi bo‘yicha Nakanune.kz muxolifat nashri xodimlariga nisbatan ochilgan yana bir ishda guvoh sifatida ishtirok etmoqda. Yolg‘on ma’lumot tarqatganlik bo‘yicha ochilgan bu ish yuzasidan ayblanayotgan sayt muharriri Go‘zal Baydalinova o‘tgan yil dekabridan beri Olmaota tergov hibsxonasida tutib turilibdi.

Baydalinova ham o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni tan olmasligini va bu ish siyosiy sababga ko‘ra ochilganini aytmoqda.

Nakanune.kz saytiga Qozog‘istonda sud qarori bilan yopilgan “Respublika” muxolifat gazetasi jurnalistlari tomonidan asos solingan.

YeXHTning Ommaviy axborot vositalari masalalari bo‘yicha mulozimi Dunya Miyatovich shu yil 26 yanvarida qilgan chiqishida Qozog‘istonda shu kunda blogerlar, jurnalistlar va muxolifat faollariga nisbatan jinoiy ta’qib kuchayganini urg‘ulagan va bu ta’qiblarni fuqarolik jamiyatiga bosim o‘laroq baholagandi.

XS
SM
MD
LG