Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:46

Xaridorlar puli to‘langan mashinalarini salondan ololmayapti


O‘zbekistondagi aksar avtosalonlarda mashinalar xaridorlarga shartnomada belgilangan muddatda berilmayapti. Avtomobilga belgilangan summaning 85 foizini olti oy oldin to‘lab qo‘ygan xaridorlar mashinalarni olish uchun yana oylab kutishayotganini aytishadi.

Shu kunlarda O‘zbekistonning qaysi avtosaloniga bormang, mashina yo‘q. Surxondaryolik avtomobil xaridorlaridan biri mashinani pulini to‘lab qo‘yganlar ham uni ololmay sarson bo‘layotganini aytadi:

- Termizdagi avtosalonga o‘tgan yilning mart oyida to‘lov qilgan edik. Shu yilning yanvarida mashina qo‘lga tegishi kerak edi. Haligacha ololmayapmiz, kechikish sababini aytishmaydi, - dedi ismi sir qolishini istagan surxondaryolik xaridor.

GM Uzbekistan shirkatining Termizdagi asosiy dilerlaridan biri hisoblangan “Avtotexxizmat” mulozimlari kechikish Asakadagi GM Uzbekistan avtomobil zavodida ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagani bilan bog‘liqligini aytishdi:

- Bir yarim oydan buyon zavodda mashina chiqmayapti. Ishlab chiqarish boshlansa biz ham mashinalarni berishni boshlaymiz, - dedi “Avtotexxizmat” shirkatining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

GM Uzbekistan shirkatidagilar haqiqatan ham zavodda mashina ishlab chiqarish bir yarim oydan buyon to‘xtab qolganini tasdiqlashdi:

- Profilaktika sabab ishlab chiqarish to‘xtagan edi. Bugundan qayta yo‘lga qo‘yilyapti. Yaqin kunlar ichida avtomobillarni salonlarga jo‘natish boshlanadi. To‘lovni noyabr oyida amalga oshirganlar kelasi oydan olishadi, - dedi GM Uzbekistan shirkatining mulozimi.

O‘zbekistonlik haridorlar mashinalarni olish uchun avtomobilga belgilangan summaning 85 foizini AQSh dollarida oldindan to‘laydi.

Mashina tayyor bo‘lganidan keyin qolgan 15 foizini beradi.

Shartnoma imzolangandan keyin mashina eng kam olti oy muddatning ichida xaridorga berilishi kerak.

"Ataylab cho‘zishyapti"

Ayni paytda GM Uzbekistan mijozlari orasida mashinalarni xaridorlarga berish ataylab cho‘zilyapti, degan gap-so‘zlar tarqalgan.

- Mashinalarning narxi oshishini kutib turishadi. Narx oshgan muddatgacha xaridorning qo‘liga bermay turishadi. Sababi narx oshgandan keyin xaridor oradagi farqni ham to‘lab mashinasini oladi-da, - deydi O‘zbekiston mashina bozoridagi ahvol bilan yaxshi tanish iqtisodchi Tohir Sobirov.

O‘zbekiston avtomobillarining narxi esa yil boshidan qariyb o‘ttiz foizga qimmatlagani ma’lum.

Demak, olti oy avval mashinani eski narxdagi qiymatining 85 foizini to‘lab qo‘yganlar endi to‘lovning qolgan 15 foizi bilan birga qimmatlagandan keyingi 30 foizlik ustamasini ham to‘lashi kerak bo‘ladi.

Mashina bozorini kimlar nazorat qiladi?

O‘zbekistonda mashina xarid qilish uchun xaridor avvalo salon bilan shartnoma tuzadi. Bunga esa uzoq navbatga turish orqali erishiladi.

Navbati kelgan xaridor shartnomani imzolab, mashina narxining 85 foizini oldidan to‘laganidan keyin ham, kamida olti oy, ba’zida bir yildan ko‘proq kutishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonliklar mashina sotib olishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani sababini tahlil qilgan Uzmetronom.com nashriga ko‘ra, O‘zbekistonda mahalliy avtomobillar savdosining sxemasi mavjud va bu maxsus guruhlarning keskin nazorati ostidadir.

Ma’lumki, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va narxi AQSh dollarida belgilanadigan mashinalarni sotib olish uchun xaridor avvalo O‘zbekistondagi “Kapitalbank” yoki "Asaka bank"da valyuta hisobini ochishi va mashina narxining 85 foizini naqd dollarda shu hisobga qo‘yishi talab qilinadi.

Uzmetronom.com nashriga ko‘ra, valyuta ayirboshlash operatsiyalaridan keladigan dollarlar muntazam ravishda "qora bozor"ga chiqarilib, ikki baravar qimmatga sotiladi.

O‘tgan hafta Ozodlik "Asaka bank" bankining boshqaruv raisi Qahramon Oripov ana shunday g‘ayriqonuniy valyuta operatsiyalariga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingani haqda xabar bergan edi.

Monopolist shirkat

O‘zDEUavto yopiq turdagi hissadorlik jamiyati bazasida 2008 yilda tashkil etilgan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqaradi.

Hozirgi kunda korxona engil mashinalarning sakkiz turini ishlab chiqaradi.

Hozir zavodda Chevrolet Captiva, Epica, Spark va Malibu mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda chetda ishlab chiqariladigan boshqa rusumdagi mashinalarni olib kiritilishi uchun yirik miqdorda boj to‘lovlari joriy etilgan.

GM Uzbekistan monopoliyasi mamlakatdagi mahalliy haridorlarga chetdan boshqacha mashina olish tanlovini qoldirmagan.

XS
SM
MD
LG