Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:19

Anneksiya qilingan yarimorolda qrim tatarlarining uyi tintildi


Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda payshanba kungi tintuvlardan keyin qrim-tatar millatiga mansub kamida 9 kishi hibsga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha Yalta va Bog‘chasaroydagi qrim tatarlari yashaydigan 12 ta uyda tintuv o‘tkazilgan. Yarimorolning rossiyaparast rasmiylari qo‘lga olingan shaxslarning to‘rt nafari “Hizbut-Tahrir” guruhiga a’zolikda gumonlanayotganini bildirganlar.

Uylari tintilgan qrim tatarlarining ayrimlari shu kunda Qrimda inson haqlariga oid vaziyatni monitoring qilish maqsadida yurgan Yevropa kengashi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashgandilar.

Mahalliy huquq faoli Emil Qurdebinov Rossiya Federal xavfsizlik xizmatini qrim tatarlariga qarshi soxta ayblovlar uydirayotganlikda aybladi.

“Krim.Realii” saytining qrim-tatar faoli Abdureshit Jepparov so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, tintuvlar shafqatsiz usullardan foydalangan holda o‘tkazilgan, qurollangan FXX xodimlari, qarshilikka uchramagan bo‘lsalar-da, qrim tatarlari uylarini shturm qilganlar, oyna va eshiklarni sindirganlar.

2014 yil martida Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan so‘ng yarimorolda inson haqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan, kievparast faollar, jurnalistlar va qrim-tatar jamoatchiligi vakillariga qarshi qatag‘on kuchaygan. Bu haqda YeXXTning Demokratik institutlar va inson haqlari byurosi hamda Milliy ozchiliklar ishlari bo‘yicha oliy komissari tomonidan 2015 yil sentyabrida tayyorlangan hisobotda aytilgan.

XS
SM
MD
LG