Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:24

G‘aznasi bo‘m-bo‘sh “O‘zbekenergo” xodimlariga maosh o‘rniga lampochka bermoqchi


Yillardan beri qariyb 70 mingga yaqin xodimiga oyliklarni vaqtida bera olmay kelayotgan O‘zbekistondagi eng yirik aksiyadorlik jamiyatlaridan sanalgan “O‘zbekenergo” muammoga “yechim” topdi. Jamiyat boshqaruvi raisi Iskandar Basidov 8 fevral kuni qo‘l qo‘ygan 41-sonli buyruqqa asosan¸ joriy oydan boshlab jamiyatda ishlovchi 66579 nafar xizmatchi har oy uch donadan “O‘zbekenergo” hissadori bo‘lgan ikki shirkat ishlab chiqarayotgan LED lampochkasini bozor narxidan qimmatga sotib olishi shart.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Iskandar Basidov imzo chekkan 41-sonli buyruq matnining Ozodlikka etib kelgan nusxasi rus tilida yozilgan.

Buyruqning 1-sahifasi.
Buyruqning 1-sahifasi.

Buyruq matni:

“Ishlab chiqarishga ketadigan energiyani tejash¸ elektr energiyasidan oqilona va samarali foydalanish¸ ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligini oshirish¸ shuningdek¸ IX Xalqaro ko‘rgazma va hamkorlik birjasi doirasida tuzilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida

BUYURAMAN” deb boshlanadi.

To‘qqiz banddan iborat mazkur buyruqning 1-bandida janob Basidov “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxona va tashkilotlar rahbarlariga “EGL-NUR” va “Yorqin Chiroqlar” qo‘shma korxonalaridan LED yoritish uskunalarini tarmoqning har bir ishchisi boshiga oyiga uch donadan hisoblagan holda sotib olishni buyuradi.

Buyruqning 2-sahifasi
Buyruqning 2-sahifasi

Ayni bandga ko‘ra¸ har bir ishchi boshiga beriladigan uch donadan LED lampochkasi puli ular oyligidan “yozilgan arizalar asosida” olib qolinadi.

Buyruqning 2-bandga ko‘ra¸ “O‘zbekenergo” korxona va tashkilotlariga 15 fevralga qadar “EGL-NUR” va “Yorqin Chiroqlar”¸ shuningdek “QUYOSH ISSIQLIK ENERGIYASI” qo‘shma korxonalarida sotib olinadigan yoritish uskunalari va suv isitish tizimlari uchun to‘lovlarni tugatish buyuriladi.

Elektrenergetika va ko‘mir sanoati bo‘yicha mamlakatda boshqaruv organi bo‘lgan “O‘zbekenergo” tarkibiga 51 ta korxona, jumladan, 37 ta aktsiyadorlik jamiyati, 11 ta unitar korxona, ikkita mas’uliyati cheklangan jamiyat va kompaniyaning “Energosotish” filiali kiradi va tarmoqda ayni kunlarda jami 66579 ishchi-xizmatchi bor.

Buyruqqa ilova qilingan jadval
Buyruqqa ilova qilingan jadval

Jamiyat boshqaruvi raisi buyrug‘iga ilova qilingan jadvalga ko‘ra¸ “O‘zbekenergo”ning 66579 nafar xodimi 2016 yil oxiriga qadar oyiga 202 588 dona¸ yil davomida esa¸ 2 228 375 dona lampochka sotib olishi shart. Yil davomida xizmatchi boshiga 33 donadan to‘g‘ri keladigan bu lampochkalar uchun eng arzoni 12 800 so‘mdan pul chegirib qolinadi.

“O‘zbekenergo” xizmatchilaridan Ozodlikka yetib kelgan murojaatda aytilishicha¸ ayni kunlarda tarmoqda ishlovchilarning hammasidan yoppasiga “har oyligimdan uch dona lampochka uchun pul ushlab qoling” degan mazmundagi ariza majburan yozdirib olinmoqda.

“Uch oydan beri oylikdan darak yo‘q. Rais buyrug‘ida¸ kelishuvlar bo‘yicha pul ko‘chirilsin¸ deyilgan. Bizga esa¸ na oylik¸ na lampochka berildi. Hammamizni majburlab “yil bo‘yi uch donadan lampochka olaman¸ oyligimdan pul chegirib qolinglar”¸ degan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishayapti. Qo‘l qo‘ymayman deyishga odamlar qo‘rqadi¸ bu degani ishdan haydalish degani”¸ deydi Ozodlik bog‘langan “O‘zbekenergo” xodimlaridan biri.

Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekenergo” rasmiysi¸ shunday jarayon borayotganini e’tirof etdi¸ ammo uning majburiyligini inkor etishga urindi.

“O‘zbekenergo” o‘z mahsulotini to‘lig‘icha o‘z ishchilariga yedirmoqchi

“O‘zbekenergo”ning 70 mingga yaqin ishchi-xizmatchisiga majburan o‘tkaziladigan 2 million donadan oshiq lampochkani EGL-NUR” va “Yorqin Chiroqlar” qo‘shma korxonalari sotadi. Bu korxonalar tarixini o‘rganish asnosida¸ ularning ham “O‘zbekenergo”ga qarashli ekanini aniqlandi.

Angren sanoat-industrial zonasida 2013 yilda ish boshlagan “EGL-NUR” qo‘shma korxonasi 1 million dollarlik nizom kapitalining 51 foizi¸ davlat matbuotiga ko‘ra¸ Janubiy Koreyaning “EG Lightings Co., Ltd” shirkatiga¸ qolgan 49 foizi esa¸ “O‘zbekenergo” qoshidagi “Yangi Angren” TESiga qarashli.

Jizzax maxsus industrial zonasida 2015 yil avgustida ish boshlagan “Yorqin Chiroqlar” qo‘shma korxonasi ham ayni shu formula asosida Janubiy Koreyaning OWELL va “O‘zbekenergo” o‘rtasida tuzilgan.

“EGL-NUR” yiliga 48000 dona¸ “Yorqin Chiroqlar” esa¸ 2 500 000 dona tejamkor lampochka ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ikkala korxona yiliga 2 548 000 dona lampochka ishlab chiqarayotgan bo‘lsa¸ “O‘zbekenergo” raisi buyrug‘iga ko‘ra¸ jamiyatning 67 mingga yaqin ishchisi majburiy tarzda 11 oy davomida 2 228 375 dona lampochka sotib olishi shart. Oddiy arifmetikaga ko‘ra, bu “O‘zbekenergo” o‘zi ishlab chiqarayotgan lampochkani to‘lig‘icha o‘z xodimlariga o‘tkazmoqda¸ deganidir.

“O‘zbekenergo” xodimlari¸ yo‘q oylikdan yo‘q lampochka uchun pul chegirib qolinayotgani¸ ammo hozircha tejamkor LED lampochkalarini ko‘rgan odam yo‘qligini aytishdi. Shu bois¸ hozircha Jizzax va Angrenda katta tantana bilan ochilgan bu qo‘shma korxonalarning amalda lampochka ishlab chiqarayotgan-chiqarmayotgani ham mavhumligicha qolmoqda.

Mamlakatdagi strategik jihatdan muhim korxonalardan hisoblangan “O‘zbekenergo” jamiyatining o‘z xodimlariga olti oylab oylik berolmaëtgani haqida Ozodlik ko‘pdan xabar berib kelmoqda.

Joriy oy boshida Ozodlik suhbatlashgan “O‘zbekenergo” rasmiylaridan biri¸shirkatga qarashli kamida o‘n tashkilotda oylik bilan bog‘liq muammo mavjudligini tan olib¸ uning echimini topish imkonsiz bo‘lib qolayotganini bildirgan edi:

“Shu paytgacha korxonalarda oyliklar kechikishi yuzaga kelgan paytda bankdan imtiyozli kredit olib, ish haqlari to‘lab kelingan. Lekin bankdan olingan kreditlarni qaytara olmayapmiz. Shuning uchun banklar bizga kredit bermay qo‘yishdi”, degan edi 1 fevral kuni jamiyatning o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Bankrot bo‘lgan iqtisodning bankrot bo‘lgan korxonasi

Ozodlik suhbatlashgan iqtisodchilar¸ "O‘zbekenergo" shirkati raisining tarmoqqa qarashli korxonalar ishlab chiqaraëtgan lampochkalarni o‘z xodimlariga majburiy sotish haqida bergan buyrug‘ini ham huquqiy¸ ham iqtisodiy jihatdan noto‘g‘ri ekanini ta’kidlashdi.

- Sovet ittifoqi qulaganida aksar korxonalar o‘z xodimlariga oylik to‘lay olmay qolgan va oylik o‘rniga o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni o‘tkazgan. Bundan maqsad¸ ishlab chiqarishni¸ zavod va fabrikalarni saqlab qolish bo‘lgan edi. Ammo bozor qonunlariga ters bo‘lgan bunday harakat o‘zini baribir oqlamadi va bu korxonalar oxir-oqibat sindi. "O‘zbekenergo" qilayotgan ish ham xuddi shu tajribaning takrori va bu korxonani uzoq vaqt ushlab qolishga imkon bermaydi¸ deydi Namangandagi Mashinasozlik zavodining sobiq bosh direktori.

XS
SM
MD
LG