Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:57

Rossiya eks-sanitari: AQSh Rossiyaga qarshi Zika virusini ishga solmoqchi


Rossiya sobiq sanitariya vrachining iddaosicha, AQSh Qora dengiz yaqinidagi hududlarda chivinlarga zika virusini yuqtirgan va shu usul bilan Rossiyaga qarshi biologik urush olib boshlagan bo‘lishi mumkin.

Bi-Bi-Sining rus xizmatiga 15 fevral kuni bergan intervyusida Gennadiy Onishchenko rus olimlari Abxaziyada 2012 yildan beri virus tashuvchi chivinlar soni ko‘payganini kuzatishganini aytdi. Bir tarafdan Rossiya, ikkinchi tarafdan Qora dengiz bilan chegaradosh Abxaziya Gruziyaning ayirmachi hududlaridan biridir.

“Bu meni tashvishlantiradi, chunki hozir bu chivin urchigan joydan 100 km narida, bizning chegaramizga yaqin joyda AQSh armiyasining harbiy mikrobiologiya laboratoriyasi bor”, dedi hozirgi kunda bosh vazir Dmitriy Medvedevning yordamchisi o‘laroq faoliyat yuritayotgan Onishchenko .

“Pentagon gruziyalik bolalarni qizamiqdan himoya qilish uchun harbiy biologik baza qurmagan”, deb kesatdi u.

Aftidan, Onishchenko AQSh Mudofaa xavfini ozaytitirish agentligi 2011 yilda Gruziyada qurgan, 2013 yilda esa Kasalliklarni boshqarish gruzin milliy markaziga o‘tkazib berilgan biologik izlanishlar inshootini nazarda tutgan.

AQSh elchixonasiga ko‘ra, bu markaz “xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi AQSh hamda global salomatlik xavfsizligiga” soluvchi tahdidlar bilan kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlar mahsulidir. Ammo Rossiya rasmiylari bu markazning maqsadi aslida yovuz ekanligini iddao qilib keladi.

Zika virusi katta tezlik bilan butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa, Janubiy Amerikada tarqalmoqda. Virus yengil kasallikka chalintirsada, mikrotsefaliya deb ataluvchi tug‘ma kasallik bilan bog‘liq bo‘lgani sabab global miqyosda xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Onishchenko Bi-Bi-Si bilan suhbatlashgan kun, ya’ni 15 fevralda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi Zika virusini yuqtirgan ilk rossiyalik haqida xabar tarqatdi.

Rasmiylar Dominikan Respublikasida hordiq chiqargan ayol Rossiyaga qaytib kelganidan keyin kasallikka chalingani aniqlanganini bildirishdi. Virus ayolning oila a’zolariga yoki u bilan birga Rossiyaga qaytgan yo‘lovchilarga yuqmagani aytildi.

Onishchenko 2013 yil Medvedev tomonidan lavozimidan bo‘shatilib, yordamchi qilib qo‘yilganidan keyin omma nazaridan chetda qolib kelayotgan edi.

1996 yil Rossiyaning yetakchi sanitariya vrachi, 2004 yil iste’molchilarni himoya qilish agentligi - Rospotrebnadzor etakchisi etib tayinlangan Onishchenko xorijdan keltirilgan mahsulotlarga qo‘yilgan qator siyosiy cheklovlarga bosh bo‘lgan. Kreml tanqidchilari Rossiya hukumatining bu harakati qo‘shnilarni Moskva bilan hamkorlik qilishga majburlash uchun amalga oshirilganini aytib keladi.

Qo‘yilgan to‘siqlar orasida Gruziya va Moldovadan keltiriladigan oq vino hamda Yevropa Ittifoqidan keladigan meva-sabzavotlar importiga 2011 yil qo‘yilgan cheklovlarni aytib o‘tish mumkin.

Onishchenko yana turli fitna nazariyalariga ishonishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG