Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:34

“O‘z yerni qo‘yib hind sori yuzlangan” o‘zbek bemorlari ko‘paymoqda


Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ Hindiston tibbiy sayyohlik bo‘yicha eng jozibali mamlakatga aylangan va bu yerga turli muolaja¸ xususan¸ murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun kelayotgan o‘zbekistonliklar soni muttasil oshib bormoqda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi inqiroz¸ xususan¸ korruptsiya¸ bemorlarni o‘zbek kasalxonalarini qo‘yib¸ hind vrachlariga yo‘l olishga majbur qilmoqda.

Hindiston matbuotiga ko‘ra¸ mamlakat xususiy kasalxonalari 2015 yili xalqaro mijozlarni davolashdan 3 milliard dollar daromad ko‘rgan va bu ko‘rsatkichning 2020 yilga borib 10 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda asosan xorij bemorlariga tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan Apollo Hospitals korporatsiyasi vakili bu daromadning oshishiga hissa qo‘shayotgan o‘zbekistonlik mijozlar sonining yildan-yilga o‘sib boraëtganini aytadi:

- O‘zbekistonlik bemorlar kasalxonamizda davolanayotgan bemorlarning sezilarli qismini tashkil etadi. Bizning kasalxona O‘zbekistondagi UMT markazi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik mijozlarga tashxis qo‘yish va ularni davolashni yo‘lga qo‘ygan Har oyda ikki marta mutaxassislarimiz Toshkentga borib¸ ehtimoliy mijozlar bilan uchrashishadi¸ bepul konsultatsiya berishadi. O‘zbekistondan kelayotgan bemorlar sonining muttasil ravishda oshib borayotganini aytishim mumkin. Bular asosan yurak operatsiyalari va turli organ trasplantatsiyalari uchun kelayotganlar¸ shuningdek saratonga davo izlayotganlardir¸ dedi Apollo Hospitals xalqaro marketing bo‘limi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda.

Bu suhbatdosh O‘zbekistondan bir oy yoki bir yilda qancha bemor aynan Apollo Hospitals korporatsiyasiga qarashli kasalxonalarda davolanayotganiga oydinlik kiritmadi. O‘zbekistonda bemorlarni Hindistonga davolanish uchun yuborishga ixtisoslashgan tibbiy markazlardan biri xodimi bu savolga jaydari hisob-kitob bilan javob berdi:

- Bir haftada uchta Toshkent-Dehli reysi bor. Ana shu reysda uchayotganlardan kamida 50 tasi davolanish va operatsiya uchun ketayotgan o‘zbekistonliklardir¸ deydi bundaylar sonining oshib borayotganini ta’kidlagan Toshkentdagi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ Toshkentdan ko‘tarilgan uchqich atigi uch soatdan keyin Dehliga qo‘nadi va aeroportning o‘zidanoq bemorlar va ular yaqinlarini kasalxona vakillari kutib olib¸ butun safarning silliq kechishini ta’minlashga kirishadilar.

- Avvallari ko‘pchilik O‘zbekistonda davo topmagan dardiga¸ xususan¸ murakkab operatsiyalar uchun asosan Rossiyaga ketishardi. Hozir Rossiyaning Hindistonga nisbatan yagona ustunligi o‘zbekistonliklarning rus tilini bilishi bo‘lib qoldi¸ xolos. Qolgan hamma tomondan¸ Hindiston xususiy kasalxonalari Rossiyani o‘yindan chiqarishdi. Birinchidan¸ Hindistonda davolanish narxi Rossiyanikidan ancha arzon bo‘lib qoldi. Ikkinchidan¸ Hindiston xususiy kasalxonalari G‘arb standartlaridagi eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Uchinchidan¸ Hindistonda qadimdan jiddiy va har tomonlama rivojlangan tibbiyot va malakali doktorlar bor. Agar o‘zbekistonliklar bergan puliga qoniqarli xizmat ola olmaganda edi¸ Hindistonga ketayotganlar soni o‘z-o‘zidan kamaygan bo‘lardi. Amalda aksincha¸ ketayotganlar faqat ko‘paymoqda¸ deydi Toshkentdagi Hindiston xususiy kasalxonalariga mijoz jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi shirkat vakili.

Bu suhbatdosh bergan xomcho‘tga ko‘ra¸ haftasiga 150 ta o‘zbekistonlik Hindistonga tibbiy muaolaja uchun ketayotgan bo‘lsa¸ bir oyda bu raqam 600¸ bir yilda esa 7000-8000 ni tashkil etadi. 30 millionlik O‘zbekistondan Hindistonga davo izlab ketaëtganlar bu jarayonni ommaviy deb baholashga imkon bermasa-da¸ kuzatuvchilar ta’kidicha¸ “o‘z yerni qo‘yib hind sori yuzlangan” bemorlar sonining oshib boraëtgani¸ O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi inqiroz simptomlaridan biridir.

O‘zbekiston kasalxona va vrachlari nega puli bor mijozlarni yo‘qotmoqda?

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik mutaxassislar¸ bu savolning fundamental javobi¸ sistemaga borib taqalishini aytdilar.

- O‘zbekiston sog‘liqni saqlash muassasalarining aksari davlatga qarashli. Bu erda beriladigan oylik oila boqishga etmaganidan¸ malakali varchlarning ko‘pchiligi xorijga chiqib ketgan. Bugun Afrikadan tortib Lotin Amerikasigacha o‘zbek vrachlari bor. Davlat¸ bir tomondan¸ xususiy tibbiyotni rivojlantirish haqida har xil qonun va qarorlar chiqargan. Lekin amalda xususiy klinika ochishning imkoni yo‘q hisobi.

Birinchidan¸ oyligi yeb-ichishdan ortmaydigan vrach qaysi puliga xususiy kasalxona ochadi¸ qaysi puliga unga tibbiy uskuna olib keladi va qaysi puliga odam ishlatadi? Bankdan kredit olishga urinib ko‘rgan odam biladiki¸ buning amalda imkoni yo‘q.

Deylik¸ 20-30 ming dollar pulini kimdir xususiy kasalxona ochishga sarflamoqchi¸ ham deylik. Bunga bino topib¸ uni standart bo‘yicha ta’mirdan ham chiqarsin. Asbob-uskunaning hammasi xorijda¸ asosan¸ Xitoydan keladi. Yevropaniki qimmat¸ unga tishimiz o‘tmasligi aniq. Lekin chet eldan meditsina texnologiyasini olib kirish O‘zbekistonda faqat ikki-uchta odamga “xatlab” berilgan monopoliya. Xitoydan to‘g‘ridan-to‘g‘ri arzon olib kelish imkoni bo‘lgani holda¸ siz bu monopolistlardan ayni narsani bir necha baravar qimmatiga olishga majbursiz¸ chunki siz olib kelsangiz¸ tamojnyadan o‘tkazmaydi.Hali ish boshlamay turib¸ zararga kirasiz. Keyin¸ ishingizni har bir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qo‘yilgan MXX odami nazorat qiladi. Bu MXXchi tibbiyotda nima qilib o‘tiribdi¸ deb so‘rang. Uning vazifasi¸ vrachlarning qadamini poylash¸ ularga kompromat yig‘ish¸ shantaj qilish va ulardan pul undirish¸ xolos. Kim unga uzatib tursa¸ qanchadir vaqt ishlaydi¸ uzatmasa¸ yo‘q qilishadi. Erkinlik yo‘q bo‘lgan bunaqa sistemada¸ qanaqasiga meditsina rivojlansinu¸ qanaqasiga vrachlar hindlar bilan raqobat qilsin¸ deydi o‘zi ham xususiy kasalxona ochish uchun yillar davomida besamar yugurgan o‘zbekistonlik vrachlardan biri.

Ayni shu suhbatdosh tilga olgan sistemik korrupsiya bois¸ o‘zbekistonliklarning o‘z vrachlariga umumiyatlar ishonchi yo‘q va shu bois imkonini topgan¸ jiddiy tibbiy muammoga duch kelganida¸ otini sotib¸ molini sotib bo‘lsa ham¸ xorijga¸ yangi urfga ko‘ra esa¸ aynan Hindistonga otlanmoqda.

- O‘zbekistonda meditsina bepul¸ deb jar solishadi. Amalda bir bepul davolanib¸ ko‘ringchi! Eshikni oldida turgan qorovulidan tortib¸ hamshira va vrachlarning cho‘ntagiga kunora pul tiqmay ko‘ringchi¸ kasalingizga birov qaraydimi? Topgan-tutganingizni olib borib bersangiz ham¸ vrachlarning saviyasiga ishonch yo‘q. Har kun bir quloch retsept beradi¸ bor falon aptekadan olib kel deydi. Atayin eng qimmatlarini buyurishadi. Olib kelsangiz¸ uni ishlatishiga garantiya yo‘q. Yana o‘sha aptekaga chiqarib¸ sotishadi va kasalingiz yotaveradi. Shuncha pulni havoga sovurgandan ko‘ra¸ uni qandaydir garantiyasi bor chet ellik vrachlarga berish yaxshiroq bo‘p qoldi¸ deydi.

Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar¸ o‘zbekistonlik vrachlar professional saviyasining pasayib ketaëtgani¸ bunga ham korrupsiya¸ xususan¸ oliy ta’limni yemirayotgan poraxo‘rlik sabab ekanini aytadilar.

XS
SM
MD
LG