Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:54

Nazarboevga madhiya bitgan tojik shoiri qimmatbaho chopon va aqcha bilan siylandi


Nazarboev iltifotiga noil bo‘lgan tojik shoiri Saidjalol Karimzoda.
Nazarboev iltifotiga noil bo‘lgan tojik shoiri Saidjalol Karimzoda.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevga bag‘ishlangan she’r sharofati bilan tojikistonlik Saidjalol Karimzoda qozoqlarning duxoba choponi bo‘lgan beshmet, qalpoq, qozoq gerbi va 1000 somoniydan (taqriban 130 AQSh dollari) iborat hadyalar sohibiga aylandi.

Farxor tumanining Vatan jamoati Domanako‘h qishlog‘ida yashovchi Saidjalol Karimzoda shohona tuhfaga munosib ko‘rilgan jo‘ngina misralarini o‘tgan yil yozida yozgan va pochta orqali Nursulton Nazarboev manziliga yo‘llagan.

“Men buning uchun hech qanaqa hadya kutmayotgandim va umuman, men o‘z she’rlarim uchun hech narsa ta’ma qilmayman. Ammo shunaqa bo‘ldi. Gapning po‘stkallasini aytganda, men Nazarboevni odil podshoh, deb bilaman va shuning uchun ham unga she’r bag‘ishlagandim”, dedi Saidjalol Karimzoda Ozodlikning tojik xizmatiga 1 mart kuni bergan intervyusida.

Karimzodaning qozoq prezidentiga bag‘ishlovi soddagina bo‘lib, ko‘proq xalq termalarini eslatadi:

“Nursulton Nazarboy

Sultonlar ichra sen boy!

Sen hammaga non berding,

Sen hammaga jon berding!” deb yozadi domanako‘hlik shoir.

Bu chapani qasida evaziga Qozog‘iston prezidenti ma’muriyati Tojikistondagi diplomatlari orqali xalqdan chiqqan shoirga beshmet, qalpoq, gerb va aqcha in’om etgan. Bu Tojikistonning chekka qishlog‘idan bo‘lgan ash’ornavisning davlat rahbaridan olgan ilk sovg‘asidir.

Mazkur hadyalar va qozoq prezidentidan olgan maktubni Karimzoda Farxor tuman muzeyiga topshirgan.

“Nazarboevga minnatdorchilik izhori sifatida men u haqda yana uch g‘azal va to‘rt ruboiy bitdim”, deydi tojik shoiri.

Saidjalol Karimzoda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga bag‘ishlab ham ko‘plab she’rlar yozgan. Sanog‘i 100 ga yetib qolgan bu she’rlarni shoir alohida to‘plam shaklida chop ettirmoqchi bo‘lgan, biroq bu ishni amalga oshirishga qo‘li kaltalik qilgan. Karimzoda bu ishda ko‘mak berishni so‘rab Farxor hukumati raisiga murojaat qilgani va hozir javob kutayotganini aytadi.

Saidjalol Karimzodaga ko‘ra, she’r yozish havasi unda bolalikdayoq uyg‘ongan, bitganlari mahalliy gazetalarda chop etib turiladi, biroq yana o‘sha mablag‘ yetishmovchiligi tufayli u hali o‘z kitobini chiqarolgani yo‘q.

Nursulton Nazarboev masalasiga qaytsak, kelajakda domanako‘hlik shoir “odil podshoh” haqida she’r to‘plami chop ettirib, uni Qozog‘iston poytaxti Ostonaga – avval she’r yo‘llagan manziliga yuborish orzusida ekanini aytadi.

O‘tmishda Sharq adabiyotida hukmdorlarni alqalab, qasida va madhiyalar yozish an’anasi bo‘lgan. O‘z navbatida, hukmdorlar o‘zlarini madh etgan shoirlarni muruvvatan kimxob chopon, oltin-kumush aqcha yoki boshqa qimmatbaho tuhfalar bilan siylab kelganlar.

XS
SM
MD
LG